Lutfulla To‘raev: Bizni bu darajada mukofotlashadi deb o‘ylamagandik

  • 17 noyabr, 2018, 10:55
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Olmaliqning OKMK klubi o‘zbek futbolida yangi sahifa ochdi va o‘zi uchun yangi tarix yaratdi. O‘zbekiston Kubogi finalida “Paxtakor”dek raqibni taslim qilgan holda o‘z tarixida ilk bor Kubok sohibiga aylandi. Shu bois 2018 yilgi mavsum jamoa uchun unutilmas bo‘lib qolishi shubhasiz O‘z navbatida OKMK rahbariyati jamoa a’zolarini munosib taqdirlash maqsadida 36 ta avtomobil mashinalarini sovg‘a tariqasida tantanali ravishda topshirishdi. Shulardan 35 tasi jamoa a’zolariga va yana bir spark klubning o‘zi uchun taqdim etildi. Natijada 9 noyabr kuni Olmaliqda katta bayram uyushtirildi. Shahar bayram qiyofasiga kirdi. Lekin o‘sha kuni OKMK o‘z uyida “Qo‘qon-1912”ga yutqazib qo‘ydi. Umuman olganda, jamoa garchi Kubokni qo‘lga kiritganiga qaramay, chempionatdagi ishlari yurishib ketmayapti. Biz esa jamoa sardori Lutfulla To‘raevni suhbatga tortdik.

Tecno

- OKMK jamoasining O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritilgani munosabati bilan o‘tkazilgan taqdirlash marosimi ajoyib tarzda kechdi. Klubning har bir a’zosiga avtomobillarning topshirilishi ochig‘i hammaning havasini keltirdi...

- Olmaliqda o‘tgan taqdirlash marosimi haqiqatan juda zo‘r o‘tdi. Buning uchun klub rahbariyatiga, muxlislarga katta rahmat aytaman. O‘zbekiston futbolida hali bunaqasi bo‘lmagan deb o‘ylayman. Tan olaman, har birimizga avtomobillarni sovg‘a qilishlarini o‘zimiz ham kutmagandik. Ko‘rib hayron qoldik. Bilsangiz, jamoamiz Toshkentda yashaydi. Faqat o‘yin kunlari Olmaliqqa boramiz. Shu bois bizni qanday kutib olishlari va nimalar kutayotganini bilmasdik. Olmaliqqa borganimizdan keyin hammasini ko‘rib yoqimli ma’noda ajablandik.

- To‘g‘risi, OKMKning Kubokni qo‘lga kiritganidan keyin futbolchilarga qanday mukofotlar berilishi borasida qiziqib, rahbariyat va murabbiylardan so‘ragandik. Masalan, siz rag‘batlantirishda nimani kutgandingiz?

- Kubok finalidan oldin agar “Paxtakor”ni yutsanglar nimanidir mukofot tariqasida olasizlar deb hech kim va’da bermagan. Qolaversa, bunday narsalar haqida umuman o‘ylaganimiz yo‘q. Biz hech nimani o‘ylamasdan faqat o‘yinga tayyorlandik. Murabbiylarimiz bizni faqat final uchrashuviga puxta tayyorlashgandi. Hal qiluvchi o‘yinda Xudo ham bizga kuch-quvvat berdi. Kubokni qo‘lga kiritganimizdan so‘ng rahbariyat bizni ham qandaydir mukofot bilan taqdirlashsa kerak deb o‘ylayotgandik. Lekin bu darajada bo‘lishini kutmagandik.

- Ajablanarlisi mana shunday chiroyli taqdirlash marosimidan keyin OKMKning bayramona kayfiyati “Qo‘qon-1912” bilan o‘yinda ham davom etishini kutgandik. Ammo o‘z uyida mag‘lubiyatga uchradi. Nima bo‘ldi? Yoki taqdirlash marosimining salobati bosdimi?

- Qandaydir bosim bizni tark etmayapti. Oxirgi paytlarda nimagadir o‘yinimiz qovushmayapti. Men buni shunchaki omad etishmayotgani bilan bog‘lagan bo‘lardim. Kubok finalida yutganimizdan so‘ng negadir g‘alaba qozona olmayapmiz. Bunga yana qanaqa sabab bo‘layotganini o‘zimiz ham topa olmayapmiz. Endi qolgan ikkita uchrashuv oldidan chempionatimizda ma’lum tanaffus yuzaga keladi. Mana shu payt oralig‘ida mag‘lubiyatlarimizning sabablarni muhokama qilamiz. Murabbiylarimiz tahlil qilishadi. Nima bo‘lsa ham oxirgi ikkita uchrashuvda g‘alaba qozonish uchun tayyorgarlik ko‘ramiz. Hozircha Superligada omadimiz yurishmayapti.

- OKMK Superliganing oxirgi beshta turidan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelyapti...

- Ha, biz ham shunga hayron bo‘lyapmiz-da. Ammo oxirgi ikkita turda bunday bo‘lmaydi degan umiddamiz.

- Demoqchimanki, odatda jamoa qandaydir sovringa ega chiqsa, bu keyingi o‘yinlarda futbolchilarga qo‘shimcha ruh va kuch bag‘ishlaydi. Biroq OKMKda buning aksini ko‘ryapmiz...

- Ha, to‘g‘ri aytyapsiz. Lekin biz aksincha Kubokni yutganimizdan keyin orqaga ketib qoldik. Boya aytganimdek, yuzaga keladigan tanaffus paytida yaxshilab tayyorgarlik ko‘ramiz.

- OKMKda aksariyat futbolchilar birinchi marta finalga chiqib, Kubokni yutishdi...

- To‘g‘ri. Jamoamizda 3 yoki 4 to‘rt futbolchi ilgari Kubokni qo‘lga kiritgan xolos. Jasur Hasanov, men va Kamoliddin Murzoev. Qolganlar esa birinchi bor bunday muvaffaqiyatga erishishdi. Masalan, men to‘rtinchi bor Kubokni yutgan bo‘lsam, Jasur Hasanov bu borada o‘zining ettinchi Kubogiga erishdi.

- Demoqchimanki, balki, OKMK Kubokni qo‘lga kiritganidan keyin futbolchilar osmonga “uchib” ketishdimi?

- Yo‘q, aslo bunday emas. OKMKda bunday o‘yinchilarning o‘zi yo‘q. Bitta o‘yinda zo‘r o‘ynab keyin yulduzchaga aylanib oladigan futbolchilar yo‘q.

- O‘zingiz aytganingizdek, faoliyatingizda to‘rtinchi bor Kubokni qo‘lga kiritdingiz. O‘tgan safardagi muvaffaqiyatlar bilan bu safargisini solishtirsangiz qanday farqlari bor?

- Ochig‘i, Olmaliqda hammasi boshqacha bo‘ldi. Masalan, “Bunyodkor”da ikki marta, “Lokomotiv”da esa bir marta Kubokni yutganman. Misol uchun “Lokomotiv” safida “Bunyodkor”ga qarshi o‘ynaganman. “Bunyodkor” tarkibida esa “Nasaf” bilan kuch sinashganmiz. Bunday jamoalar safida siz har qanday raqibga qarshi 100 foiz o‘zingizga ishongan holda g‘alaba qozonish uchun borasiz. Lekin OKMKning “Paxtakor”ni mag‘lub etishini hech kim o‘ylamagandi. To‘g‘ri, biz futbolchilar g‘alaba qozonishimizga o‘zimiz ishonardik. Biroq O‘zbekistondagi 99.9 foiz odamlar OKMKning Kubokni qo‘lga kiritishiga ishonishmagandi. Hali hech qachon chempionatda 9-o‘rinda borayotgan jamoa Kubokni yutmagandi. Oldinlari asosan kuchli uchlikda yuradigan jamoalar ushbu sovrinni qo‘lga kiritishardi. Shu bois mana shunday tomonlari bilan ham bu safargisi boshqacha bo‘ldi deb o‘ylayman. Qolaversa, men bu safar jamoa sardori sifatida o‘ynadim va maqsadimizga erishdik.

- Chindan ham OKMKning g‘alabasiga hech kim ishonmagandi. Aksariyat muxlislar va mutaxassislar esa “Paxtakor”ga Kubokni shunchaki topshirib yuborishadi deb o‘ylashgandi. Lekin bunday gap-so‘zlarga qarshi o‘laroq OKMK munosib o‘yin ko‘rsatdi. Aynan nimaning evaziga jamoa hammaning fikriga qarshi borib matonat bilan o‘ynadi?

- “Paxtakor”ning saviyasini bilasiz. Ular qaerda-yu, biz qaerdamiz?! Lekin biz o‘zimizga-o‘zimiz savol berdik: ulardan qaerimiz kam? “Paxtakor”ni yutish uchun butun jamoa bo‘lib bir yoqadan bosh chiqarib, munosib o‘yin ko‘rsatishimiz talab etilardi.

- O‘yinning qaysi vaziyatiga kelib Kubokni qo‘lga kiritishinglarni to‘liq his qildingiz?

- Aslida esa maydonga tushmasdan oldin yutishimizga ishongandim. Chunki jamoamizda ishtiyoq kuchli edi. Shu bois bugun boshqacha o‘yin bo‘lishini kutgandik. Ko‘rganingizdek, biz birinchi bo‘lib gol urdik. Ular penaltidan hisobni tenglashtirishgach, biz “sinib” qolmadik va aksincha tezlik bilan ikkinchi golni urdik. Xullas, bizda g‘alaba uchun ishonch katta edi.

- Buning ustiga OKMK o‘zbek futbolida o‘zi uchun yangi tarix yozdi. Ayting-chi, Kubok finalidan bir kun oldingi kechani qanday o‘tkazdingiz va finaldan keyin nima qildingiz?

- Finaldan bir kun oldin “Istiqlol” stadionida tayyorgarlik ko‘rdik. Ochig‘i, o‘yinga har tomonlama yaxshi hozirlik ko‘rdik. O‘yindan keyingi hissiyotlarimizni esa sizga ta’riflab bera olmayman. Bayramona kayfiyatda edik. Lekin ikkinchi tomondan ancha toliqqandik ham.

- Uchrashuvdan keyin sizni birinchi bo‘lib kim tabrikladi?

- Uyimdagilar va do‘stlarim.

- Shu bilan birga OKMK Osiyo Chempionlar ligasining pley-off bosqichida qatnashadi. Endi mas’uliyat va tayyorgarlik ham yanada yuqori darajada bo‘ladi.

- Endi bu boshqacha turnir. Men oldin ham Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynaganman. Shuningdek, OFK Kubogida ham qatnashib zafar quchganman. Baribir xalqaro maydonda to‘p surish kishiga zavq bag‘ishlaydi. Lekin ungacha hali vaqt bor. O‘yinlar kelasi yilning fevral oyida bo‘lib o‘tadi. Albatta, biz ushbu uchrashuvlarga qattiq tayyorgarlik ko‘ramiz. Pley-offning ikkita o‘yinini yutib olsak, keyin guruh bosqichiga yo‘l olamiz. Umuman olganda, Olmaliq shahrida ham katta bayramlar bo‘ladi, Osiyo Chempionlar ligasining shukuhi baribir odamga boshqacha tuyuladi.

- Keyingi yilga ham OKMKda faoliyatingizni davom ettirasizmi?

- Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi-ku. Klub bilan tuzgan shartnomam 31 dekabr kuni tugaydi. Nima bo‘lishini ko‘ramiz-da.

- Demak, oldingizda boshqa takliflar bormi?

- Hech qanday takliflar yo‘q. OKMKda qolsak albatta o‘zimiz uchun ham yaxshi. Agar ketadigan bo‘lsak, boshqa variantlarni ko‘rib chiqishimiz kerak-ku. Ammo klub bilan tarixga kira oldik. Kubok qo‘lga kiritilgach, endi OKMKning statusi ham ko‘tarildi.

- Lekin jamoa turnir jadvalida pastroqqa tushib qoldi va endi ligada qolish uchun pley-off bosqichiga qolib ketishi ham hech gap emas.

- Albatta, buning o‘ziga yarasha xavotirga soladigan joylari bor. Ammo har qanday holatda ham ikkita o‘yinda yutqazmasligimiz kerak. Faqat yutishimiz lozim.

- Bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatov jamoani nimani evaziga o‘zgartira oldi?

- Tartib-intizomni qattiq ushlaydi. U yaxshi murabbiy, juda talabchan. Futbolchilar bilan ajoyib munosabat o‘rnatgan. Shularning hisobiga jamoani o‘zgartirdi.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!