Para-atletika bo‘yicha JChda 3-oltinni qo‘lga kiritdik

Londonda davom etayotgan para-atletika bo‘yicha jahon chempionatida hamyurtlarimiz tomonidan jamg‘arilgan medallar soni to‘rttaga etdi. Erkaklar o‘rtasida nayza uloqtirish bo‘yicha bahslarda ishtirok etgan Aleksandr Svechnikov 71.01metr natijasi bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi va jaxon rekordini yangiladi. 

Shu yili may oyida Bokuda bo‘lib o‘tgan IV “Islom birdamlik o‘yinlari”da Svechnikov nayzani 70 metrga uloqtirib, jahon rekordini o‘rnatgan edi. Demak, hamyurtimiz bu safar 71.01 metr natijasi bilan o‘ziga tegishli bo‘lgan rekordni yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Nayza uloqtirish bo‘yicha bahslar yakuniga ko‘ra kumush medalga eronlik Najot Nikarast (61.88 m.) sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 61.53 metr ko‘rsatkich qayd etgan ispaniyalik Leser Kabreraga bronza medali nasib etdi.  

Ayollar o‘rtasida kechgan bahslarda hamyurtimiz Nozima Qayumova 41.25 metr natijasi bilan faqatgina Xitoylik raqibi Zao Yuping (42.72 m.)dan ortda qolib, kumush medali sohibasiga aylandi. Avstriyalik Nataliya Eder (38.37m.) esa bronza medali bilan taqdirlandi. Eslatib o‘tamiz, jahon chempionati 23 iyulga qadar davom etadi va unda 1050 nafar sportchi 213ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi. 

Ma’lumot uchun, terma jamoamiz a’zolari orasida birinchi bo‘lib Xusniddin Norbekov 15 iyul kuni disk uloqtirish bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarda 54.73 metr natijasi bilan oltin medalga ega chiqib, ikkinchi marotaba jaxon chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan, Doniyor Soliev esa uzunlikga sakrash bahslarida 7.18 metr natija qayd etib, delegatsiyamiz hisobiga ikkinchi oltin medalni qo‘shib qo‘ygandi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!