
Afsuski, Runi ham ketdi, ammo…
Juma kuni «Derbi Kaunti» 35 yoshli Ueyn Runini jamoa bosh murabbiy etib rasman e’lon qildi. Vaholanki, sentyabr oyidan beri hujumchi jamoada vaqtincha murabbiy sifatida faoliyat olib borayotgan edi. Angliya terma jamoasi va «Manchester Yunayted» klubi tarixidagi eng yaxshi to‘purar uchun futbolchilik faoliyati rasman yakunlandi. Endi u ham murabbiylar qatoridan o‘rin egalladi. Demak, endi u bosib o‘tgan yo‘lga nazar tashlashimiz mumkin.
Maktab o‘quvchisi bo‘lishiga qaramay, Runi 2002 yildayoq nimalarga qodir ekanligini barchaga isbotlab qo‘ydi. Uning «Arsenal» darvozaboni – Devid Simenni 30 metr uzoqlikdan yo‘llagan zarbasi bilan dog‘da qoldirgani muxlislar e’tiborini tortdi. Taxmin qilinganidek, bu o‘spirin keyinroq super yulduz darajasiga ko‘tarildi.
2004 yilgi Evropa chempionati Runi uchun ilk katta musobaqaga aylangani rost. Portugaliyada o‘tgan Evropa chempionati Gretsiyaning g‘alabasi bilan yodimizda qolgan, biroq o‘sha turnirda Runi ham o‘z so‘zini ayta olgan. Runi Xorvatiya va Shveytsariya darvozalariga ikkitadan gol kiritgan va millat umidiga aylangan edi. Agar u Portugaliyaga qarshi uchrashuv oldidan jarohat olmaganida, balki Gretsiya o‘zining eng ulkan g‘alabasidan mosuvo bo‘larmidi….
O‘sha yilning kuzida Runi «qizil iblisga» aylandi. U musobaqadan qaytib kelganida, «Nyukasl» va «Chelsi» jamoalarining skautlari kutib olishdi. Negadir futbolchi tanlovda shoshilmadi va ertasi kuni «Manchester Yunayted» vakillari bilan uchrashdi. 31 avgust sanasida uning transferi rasman e’lon qilindi. Manchesterning «qizil» burchagi 18 yoshli vunderkind uchun «Everton»ga 25,6 million funt to‘lab berdi.
Aleks Fergusson Runini «Everton» akademiyasidagi o‘yinlaridan yaxshi tanir edi. Shu bois, murabbiy o‘zining avtobiografiyasida Runi haqidagi fikrlarini yashirib o‘tirmadi.
«Uning ilk o‘yinlaridayoq biz uchun kerak ekanligini angladim. Kurashlardan qochmaydigan, ikki oyoqda zarba berishga qodir iqtidorli futbolchi. Aslida, biz 24 yoshli futbolchini ham kelajak uchun xarid qilganmiz, biroq Ueyn umuman o‘zgacha transferga aylandi. U juda erta progressni boshlab yubordi.»
Uning debyut uchrashuvi afsonaga aylanib ketdi desak, adashmagan bo‘lamiz. Evropa chempionlar ligasida «Fenerbahche»ga qarshi bahs va xet-trik! Bundan ortig‘i bo‘lmasa kerak!
«Arsenal» bilan Runining o‘ziga xos hisob-kitobi bor edi. Ueyn APL bahslarining o‘zidayoq, «kononirlar» darvozasiga 12 ta gol kiritgan. 2004 yilning 24 oktyabrida uning goli London klubining 49 ta o‘yindan beri mag‘lubiyatsiz o‘yinlariga chek qo‘ygan edi.
Runi o‘zining ilk sovrinini 2006 yilda qo‘lga kiritdi. Angliya liga kubogi finalida «Uigen» (4:0) yo‘ldan olib tashlandi! Ueyn dubl qayd etdi va uchrashuvning eng yaxshi futbolchiga aylandi!
Afsuski, 2006 yildagi JChda hujumchi hech narsani uddalay olmadi. Portugaliya terma jamoasiga qarshi bahsdagi qizil kartochka esa, uning musobaqani yomon kayfiyatda yakunlashga majbur qildi. O‘sha qizil kartochkaga Ronalduning ham aralashib qolgani, Angliyada juda uzoq muhokama qilingani rost…
Ammo, ser Aleks bu yigitlarning imkoniyatlarini hammadan yaxshi bilar edi. Shu bois, u JChdan so‘ng, to‘g‘ri Krishning uyiga bordi va uni to‘liq himoya qilishni boshladi. Boz ustiga, Van Nistelroyning ketishini Fergyuson Ronaldu-Runi tandemi bilan berkitmoqchi ekanligini ma’lum qildi. Shotlandiyalik murabbiy qabul qilgan qaror o‘zini oqladi. Bu yigitlar «MYu» uchun ketma-ket 4 ta chempionlikni yutib berdi.
2007 yilda Ueyn «Everton»ga qarshi uchrashuvda 0:2 hisobini 4:2 ga o‘zgartirdi. Hal qiluvchi goldan so‘ng, «irislar» muxlislari ko‘z o‘ngida «MYu» logotipidan bo‘sa olmoqda. Aynan shu voqeadan so‘ng, uni «Gudison Park»dagi hurmati yo‘qqa chiqadi.
2008 yilda Runi Evropa chempionlar ligasining finalida to‘p surdi. Moskvadagi «Chelsi»ga qarshi kechgan uchrashuvda «qizil iblislar»ning qo‘li baland keldi, biroq keyin ular ikkita finalni boy berishdi.
2010 yilda Ueyn «Xall Siti» darvozasiga 4 ta gol kiritadi. Musobaqa yakunida esa, uning gollari soni 26 tani tashkil etgan. Bu uning APLdagi eng yaxshi natijalaridan biri!
Manchester derbisining 78-daqiqasi! Runi to‘pni chalqancha zarba bilan raqib darvozasiga mixlab qo‘ymoqda. Bu uning faoliyatini bezab bergan gol sifatida tarixda abadiy qoladi!
2012 yilda Van Persi tarkibga qo‘shib olindi. Ser Aleks esa, Runini markaziy hujumdan biroz ortga surdi va yarim himoyachiga aylantirdi. Shunday bo‘lsada, uning iqtidori har qanday pozitsiyada o‘ynash imkoniyatini yaratib berdi. Ushbu suratda, u APLdagi o‘zining 103-assistini amalga oshirgani aks etgan.
Runi ser Aleksning xayrlashuv uchrashuvida maydonga tushmaydi. U paytlarda, ularning o‘rtasidagi munosabatga putur etgan edi.
Moyes esa, Runiga ikkinchi yoshlikni taqdim etmoqchi edi. Afsuski, murabbiyni juda erta iste’foga chiqarib yuborishdi.
2014 yilda Runi o‘zining JChlardagi birinchi golini kiritdi. E’tiborlisi shundaki, Braziliya yashil maydonlarida urilgan gol uning faoliyatidagi yagona bo‘lib qoldi. Qahramonimiz boshqa musobaqalarda 52 ta gol kiritgan bo‘lsada, mundiallarda negadir oqsagan.
2017 yilning 21 yanvar sanasida Runi afsonaviy Bobbi Charltonni gollar soni borasida quvib o‘tdi va klub tarixidagi eng yaxshi hujumchiga aylandi. Uning jarima zarbasidan kiritgan goli «Stok Siti»ga qarshi o‘yinda ochko ishlab olish imkonini yaratdi. Qahramonimiz «qizil iblislar» safida 250-golini kiritgan edi. Keyinroq u yana 3 ta gol bilan mutlaq rekordchiga aylanadi.
2017 yilning yozida Runi «Everton»ga qaytadi. Oradan 13 yil o‘tgan bo‘lsa-da, u «irislar»ni juda hurmat qilganini ta’kidlab o‘tdi.
Afsuski, bu ertak atigi bir mavsum davom etdi va Ueyn mavsumni 10 ta gol bilan yakunlashga muvaffaq bo‘ldi. Ayniqsa, uning «Vest Xem» darvozasiga kiritgan 3 ta goli «Everton» muxlislarini xursand qilgan edi.
Keyin, u AQShga jo‘nab ketdi. 2 mavsum davomida «Di Si Yunayted» sharafini himoya qildi va ko‘plab shaxsiy sovrinlarga ega chiqdi.
AQShda hammasi ko‘ngildagidek bo‘lishiga qaramay, Runi ortga qaytishga qaror qildi. Shu bois, Filip Koku boshqaruvidagi «Derbi Kaunti» bilan shartnoma imzoladi. U jamoaning titul homiysi «32RED» bilan shaxsiy shartnoma imzoladi va 32-raqamda to‘p surishni boshladi.
O‘tgan yilning noyabr oyida Kokuga chiqish eshiklari ko‘rsatib yuborilgach, Runi vaqtinchalik o‘ynovchi murabbiyga aylandi. Gollandiyalik murabbiy ishdan ketgan paytda, klub 13 ta o‘yinda atigi bir bor g‘alaba qozongan edi. Runi o‘z shtabia Shey Given va Liem Rosenorlarni qo‘shib oldi. Bu uchlik 9 ta turda 15 ochko oldi. 9 ta tur davomida atigi 2 bor mag‘lub bo‘lgan «Derbi» himoyada bor yo‘g‘i 4 ta gol o‘tkazib yubordi xolos.
Bunday progressdan so‘ng, klub uni rasman murabbiy sifatida e’lon qildi. SPORTS.uz Angliyada o‘z murabbiylik faoliyatini boshlagan Runini kuzatib borishda davom etadi.
Fikrlar