AGMK yoki “So‘g‘diyona”? – Qaysi jamoa kurashni davom ettiradi?

  • 30 sentabr, 2022, 14:19
  • Bekzod Isayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Superliga 20-turidan o‘rin olgan uchrashuv o‘tkaziladi. “So‘g‘diyona” o‘z uyida AGMKni qabul qiladi. Bellashuv 18:30da boshlanadi.

Mirjalol Qosimov shogirdlari ayni payt turnir jadvalida 29 ochko bilan 6-o‘rinda bormoqda. Ulug‘bek Baqoev jamoasi esa 32 ochko jamg‘argan holda 5-pog‘onani band etgan. Oradagi farq 3 ochkoni tashkil qiladi. Bu esa bo‘lajak bellashuvning ahamiyati qay darajada ekanligidan darak.

Ikki jamoa ham chempionlik kurashidan chiqdi. Ammo ular OChLga beriladigan 4 yo‘llanmadan biriga da’vogarlik qilmoqda. Qolaversa, O‘zbekiston Kubogida yurishini davom ettiryapti.

photo_2022-09-30_11-06-59

Shu sabablar tufayli mazkur bahs ikki tomon uchun baribir muhim sanaladi. Agar olmaliqliklar g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, kecha imkoniyatni boy bergan “Qizilqum”ga etib oladi. Jizzaxliklar zafar quchsa, 3-o‘ringa ko‘tarilib, “Navbahor”ga yaqinlashadi. Durang ham yomon emas. Biroq ochkolar farqi yaqinligi bois ikki jamoa g‘alaba uchun maydonga tushishi aniq.

Oxirgi paytda taqvimi ancha zich bo‘lgan “So‘g‘diyona” FIFA kunlari sabab dam oldi. Ulug‘bek Baqoev jamoasidan O‘zbekiston MTJga futbolchi jalb etilmagani klubning foydasiga ishlashi mumkin. Biroq mezbonlar tarkibida 3 ta yo‘qotish mavjud. Iskandar Shayqulov, Shahboz Jo‘rabekov va Daniel Nasriddinov kartochkalari 4 taga etgani bois olmaliqliklarga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi. AGMKda esa bunday yo‘qotish yo‘q.

IMG_8129

G‘alaba qozonish imkoniyati Qosimov jamoasida biroz ko‘proqdek. Ammo “So‘g‘diyona” tarkibdagi yo‘qotishlarga qaramay oxirigacha kurashishi aniq. Chunki 4-o‘rin orqali OChL saralashida ishtirok etishni hamma xohlaydi. O‘zbekiston Kubogida qiyin raqiblar kutmoqda. AGMK borasida ham shunday deyish mumkin. Shu bois chempionatning o‘zida kurashni davom ettirish eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi.

“So‘g‘diyona” va AGMK o‘rtasidagi o‘yinlarda ham farq katta emas. Olmalikliklar g‘alaba qozonish bo‘yicha raqibidan bittaga ortda qolmoqda. Jizzaxliklar bugungi uchrashuv mehmonini 10 marta taslim etgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, AGMK g‘alabalar bo‘yicha ko‘rsatkichni tenglashtirib qo‘yishga urinsa, “So‘g‘diyona” farqni oshirishga intiladi. Bir so‘z bilan aytganda, bugun barchaning e’tibori Jizzaxga qaratiladi.

 

Bekzod ISAEV

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
shohrux
30/09/2022 15:51
Олга Су́гдиёна