
Asror Aliqulov: "Bunday o‘yinchimiz jamoada bitta..."
Pro liganing 10-turida “Mash’al” klubi Muborakda “Olimpik Mobiuz”ni qabul qilib yirik 3:0 hisobida raqibini taslim qildi. Uchrashuvdan so‘ng “Mash’al” bosh murabbiyi Asror Aliqulov bir qator savollarga javob berdi.
- Birinchi taymda boshqa jamoani ko‘rdik, ikkinchi bo‘limda umuman boshqa jamoani guvohi bo‘ldik. Shu haqida to‘xtalsangiz.
- Birinchi bo‘limda jamoamizda biroz charchoq ko‘rindi. Ikkinchi bo‘limda futbolchilardan tezlik qo‘shishini so‘radik. Bu holatdan chiqib keta olishimizga ishonardik. Gollar urib maqsadimizga erishdik. Futbolchilarimiz qarshi hujumlarda o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsatishdi. Ikkinchi bo‘limdagi tezkor gollar o‘yin taqdirini hal qildi.
- Ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushirilgan Babatunde hisobni ochdi. Keyingi golga assistentlik qildi. Zaxiradan maydonga tushganlar o‘zini oqladi. Shuningdek, Islom Baratovni maydonga tushmagiga ham to‘xtalib o‘tsangiz.
- Birinchi bo‘limda hujumga o‘tishda qiynaldik. Texnik qobilyat, to‘p bilan ishlash, maydonni ko‘ra bilish, o‘yinni o‘ziga oladigan futbolchi etishmadi. Bunday o‘yinchi jamoamizda bitta – bu Babatunde. Yuqori saviyadagi futbolchi. Zaxiradan maydonga tushib jamoaning g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Birinchi gol vaqtida urildi va muhim gol edi. Shundan keyin jamoada ishonch ortdi va birin-ketin gollar kiritdik.
- Jamoadagi ikkita darvozabondan qaysi birini asosiy tarkibga munosib deb baholaysiz?
- Hech kimga asosiy tarkibdan joy kafolatlanmagan. Taktik uslublar, mashg‘ulotlardagi ishlanmalar va jarayondan kelib chiqib murabbiylar shtabi birgalikda tarkibni aniqlaymiz. Hamma jamoada shunaqa. Hozirda Vaginni o‘ynayotgani bejiz emas. U yaxshi o‘yiin namoyish etyapti. Ammo bizda uchta posbon va barchasi asosiy darvozabonlarimiz.
- O‘zbek futbolida oxirgi paytlardagi og‘riqli muammolardan biri penaltida gol ura olmaslik bo‘lib qolyapti. Bugun ham Xumoyun Murtazoev penaltidan foydalana olmadi. Jamoada 11 metrlik jarimani bajaradiganlar nechta va bunga alohida tayyorgarlik ko‘riladimi?
- Agar 0:0 yoki 1:0 bo‘lib turganida ancha-muncha futbolchi bunday qaltis paytda mas’uliyatni o‘ziga ololmasdi. 2:0 dan keyin penalti tepildi va balki hisob ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Bu professionallarcha holat emas. Bu jamoani qilayotgan mehnati va bunday paytda imkoni qadar penaltidan foydalanishi kerak.
- Lekin u ikkinchi bo‘limda aybini yuvib ketdi...
- Ha. Kimlargadir imkoniyat berishimiz mumkin edi. Bunday vaziyatlar murabbiylarni ham o‘yin oxirigacha ruhiy holatda ushlab turadi. Biz reja qilgan o‘yinchilarni tushira olmaymiz.
- Birinchi bo‘limda jismoniy charchoq ko‘rindi va futbolchilarda bir-birini tushunishda juz’iy kamchiliklar ko‘rindi. Ikkinchi bo‘limda buning aksi bo‘ldi. Bu murabbiyning chizgisimi yoki o‘zgarish bo‘lgan Babatundening saviyasimi?
- Babatunde yaxshi chiqdi. Lekin jamoa ikkinchi bo‘limda yugurib o‘zini tiklab oldi. Jamoani shug‘ullantirasiz, qanday yuklamalar berayotganingizni o‘zingiz bilasiz. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida ham biz ikkinchi bo‘limda tezlik qo‘sha olamiz, degan fikrda edik. O‘ylaymanki, tanaffusdan keyin engil o‘ynadilar va ko‘p holatlarda qarshi hujumga o‘tganimizda “Olimpik Mobiuz” futbolchilari qaytishga kech qolishdi. Futbolchilar qiyin holatdan chiqib ketdilar.
- Bu yil Superligada ham, pro ligada ham yaqqol favoritni ko‘rmayapmiz. Har bir turda har xil natija bo‘lyapti. Bu o‘zbek futbolining darajasi ko‘tarilayotganidanmi yoki klublarning saviyasi bir xil bo‘lib bormoqdami?
- Superligaga kelsak, pastdagi jamoalar ham tartibli o‘yin ko‘rsatishyapti. Ko‘p mutaxassislar saviyamiz oshganini aytishyapti. Men ham ularning fikriga qo‘shilaman. Futbolda oldindan aytish qiyin. “Bunyodkor” bir tur oldin kuchli raqibga qarshi ko‘rsatgan o‘yini va keyingi turdagi o‘yini...”Dinamo”, “Metallurg” kabi jamoalarning ham o‘yinini aytish mumkin. Futbolimiz saviyasi oshyapti. Pro ligani ham Superligaga taqqoslash mumkin. Bu chempionat murabbiylarni ham, futbolchilarni ham sergakda ushlab turibdi, bu yaxshi holat.
Fikrlar