Azim Ahmedov: "Navbahor" muxlislarini bag‘riga shamol tegishi kerak"

  • 22 aprel, 2023, 23:52
  • 1
  • Futbol

Superliganing 7-turida yana vodiy derbisini ko‘ramiz. Bu safar “Turon” o‘z uyida “Navbahor”ni qabul qiladi. Yaypanliklar hali g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqdalar. Ular g‘alaba uchun bor imkoniyatini ishga solishi aniq.

“Turon”ning etakchisi Azim Ahmedov uchun ham bo‘lajak o‘yin qanday ahamiyatga ega ekanini barcha bilib turibdi. “Navbahor”da uzoq yil to‘p surib, jamoaga foydasi tekkan futbolchi endilikda “Turon” sharafini himoya qilmoqda. Derbi oldidan Sports.uz jurnalisti Ahmedov bilan suhbatlashdi.

- “Turon” jamoasini vodiy derbisi doirasida “Navbahor”ga qarshi muhim uchrashuv kutib turibdi. Avvalo, jamoaning bo‘lajak bahsga tayyorgarligi va kayfiyati qanday? Dastlab, shunga to‘xtalib o‘tsangiz!

- Derbi maqomidagi o‘yin juda qiziq o‘tsa kerak. Chunki “Turon”ga ham, “Navbahor”ga ham g‘alaba nihoyatda zarur. Boisi, 3 ochko jamoalarga juda kerak. Uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik bo‘ldi. Xudo xohlasa, yaxshi o‘yin ko‘ramiz.

- "Turon"ga rossiyalik yangi bosh murabbiy Denis Bushuev keldi. Ayting-chi, u qanday mutaxassis ekan va dastlabki taassurotlar qanday?

- To‘g‘ri, yangi murabbiy keldi. Lekin, bilasizmi, men hali mashg‘ulotlarga qo‘shilmadim. Biroz jarohatim bor edi. Ammo mashg‘ulotlarini kuzatganimda yaxshi, qiziqarlik bo‘lyapti.

azim1

- O‘tgan turda maydonga tushmagandingiz. Muxislar sizni vodiy derbisida kutishayotgandi. Demak, navbatdagi bahsni ham o‘tkazib yuborasizmi?

- Hali aniq emas. Balki maydonga tushishim ham mumkin. Ko‘ramiz.

- “Navbahor”ga qarshi bahs siz uchun alohida ahamiyatga egami?

- Menga hamma jamoaga qarshi o‘yin ahamiyatli. To‘g‘ri, “Navbahor” alohida ahamiyatga ega, men uchun. Namangandan aynan shu o‘yinni ko‘rgani juda ko‘p tanishlarim kelishmoqchi.

- Hozircha “Turon” chempionatda g‘alaba qozona olmayapti. Holbuki, tarkib yaxshi yig‘ilgan. Murabbiy o‘zgargani vaziyatga echim bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi?

- “Turon” jamoasiga juda yaxshi futbolchilar yig‘ilgan. Qanaqadir omad etishmayapti. Vaziyatlarni golga aylantirishda oqsayapmiz.

- Azimjon, bu yil chempionlik uchun kurash jiddiy tus olyapti. Nima deb o‘ylaysiz, sobiq klubingiz - "Navbahor" chempionlikni qo‘lga kirata oladimi?

- Ha, ajoyib tarzda o‘tyapti. “Navbahor”ga omad. “Navbahor” muxlislarini bag‘riga shamol tegishi kerak, deb o‘ylayman. Ular chempionlikni anchadan beri kutishyapti. Jamoada juda mahoratli futbolchilar yig‘ilgan. Ular esa muxlislarni xursand qilishi kerak, deb o‘ylayman.

turon4_2

- Yangi bosh murabbiy bilan suhbatlashgandirsiz-a?

- Ha, suhbatlashdim. Hammasi yaxshi. Mening holatimni tushuntirdi. Hammamiz yaxshi natija uchun harakat qilamiz.

- Derbida qanday natija kutyapsiz?

- Aytib o‘tganimdek, kuchli o‘yin bo‘ladi. Ikkala jamoaga ham g‘alaba juda muhim. Shuning uchun uchrashuvdan ko‘p narsa kutyapman. Derbida kuchligi yutsin.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Tag'ooo Bahtish
23/04/2023 12:09
Azimsher bekor kettingde Navbahor dan ozgina kutganingda CHampionlini sheyda nishonlarding