
Bahromjon Ro‘ziev: "Konor MakGregordan ajoyib sovg‘a bo‘ldi!"
Xabaringiz bor, hamyurtimiz Bahromjon Ro‘ziev Dubayda UFCning sobiq ikki vazndagi chempioni Konor MakGregor bilan sparring partnyor bo‘lib mashg‘ulotlar o‘tkazdi va Konor uni o‘zining menejerlik kompaniyasiga qo‘shib oldi. Biz ushbu sportchimiz bilan bog‘lanib, Konor bilan bog‘liq rejalari bilan qiziqdik.
- Bahromjon Ro‘zievni aynan Konor bilan sparringlardan keyin ko‘pchilik tanidi. Keling o‘zingiz xaqingizda batafsilroq ma’lumot bersangiz? Qachon va qaerda tavallud topgansiz, ba’zangiz qaysi sport turi bo‘lgan, qanday natijalar qayd etgansiz?
- Men 1993 yil 28 aprelda Farg‘ona viloyati, Bag‘dod tumanida oddiy oilada tavallud topganman. Dadam tadbirkor, onam uy bekasi. Oilada 3 ta farzandmiz. Opam,akam va men. Erkin kurash bilan Bobur aka Madrahimov qo‘l ostida mashg‘ulotlar olib borganman. Ko‘plab musobaqalarda ishtirok etdik. Keyinchalik xarbiy xizmat o‘tadim va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universtitetida erkin kurash bo‘yicha tahsil oldim. Shundan keyin Dubayga keldim va faoliyatimni shu erda davom ettirmoqdaman.
- Konor MakGregor bilan sparring partnyor bo‘lishingiz qanday amalga oshdi?
- Konor bilan ko‘rishishimizga do‘stim Brendon Logneyn sabab bo‘ldi. U PFlda jang qiladi va chempioni sanaladi. U Konor bilan ko‘rishishimizni, yaxshi sparring sheriklar kerakligini aytdi va birgalikda mashg‘ulotlar olib boramiz dedi. Birgalikda bordik va mashg‘ulotlar o‘tadik. Nazarimda unga maqul tushdim va hozirda ham birgalikda ishlamoqdamiz.
- Umuman u xaqida qanday fikrdasiz? (Sportchi va inson sifatida)
- U haqida fikrim juda ijobiy... Inson hamda sportchi sifatida ham yaxshi taassurot qoldirdi. To‘g‘ri, unda media uchun ishlash jihati bor. Chunki u buning biznesi sanaladi. Lekin u bilan bir gaplashgan odamning 180 gradusga fikri o‘zgaradi. Chunki, unda manmanlik yo‘q. Juda kamtarin va quvnoq inson. Muomlasiga gap yo‘q. U faqat mediada shunday tutadi o‘zini. Real hayotda esa mutlaqo teskarisi. U juda mehnatkash, o‘zining ustida ishlagani uchun ham Cage Warriors va UFCda ikki vazn toifasida chempion bo‘ldi. Umuman olganda, xavas qiladigan inson!
- U o‘zining menejerlik kompaniyasiga sizni taklif etganini bildirdi, shu xaqida ham batafsil aytib bersangiz?
- U bilan birgalikda mashg‘ulot o‘tkazdik. Kayfiyati har doimgidek zo‘r edi. Mashg‘ulotdan so‘ng biroz suhbatlashdik. U mendan menejerim haqida so‘radi. Menda yo‘qligini aytdim. Shunda u o‘zining menejerlik kompaniyasiga olishini va yonidagilarga tezroq shartnoma berishini aytdi. To‘g‘risi, bu men uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Ochig‘i, nega qiziqqani o‘zimga ham qorong‘u, keyinalik so‘rayman. UFCda urushasan, men seni UFCga olib chiqaman, dedi. Shu tariqa 1 xafta o‘tmay shartnomaga ega bo‘ldim. Hozirda Konor jamoasi a’zosiga aylandim. Albatta, menga juda katta imkoniyatlar yaratib berdi. Nasib qilsa, yaxshi janglar bilan ishonchlarini oqlayman.
- Balki u sizga yaqin kunlarda jang tashkil qilishi haqida aytgandir?
- Evropada Cage Warriors promoushenida jang qilasan dedi. Hozirda menejerlar ish olib bormoqda. Jang borasida hozircha biror ma’lumot ayta olmayman. Har kuni ular bilan suhbatlashib turibmiz. Men tayyorman jangga. Aytishlari bo‘yicha shu yanvar oyida raqib berishlari kerak.
- Necha kg vaznda jang qilish niyatidasiz?
- 61 kgda faoliyat olib boraman. Agar, UFCga yo‘l olsam, 57,6 kgda janglar o‘tkazaman degan fikrdaman.
- Albatta, bu borada sizga omad tilaymiz!
- Rahmat!
Fikrlar