"Barselona"ga nima bo‘lyapti?
So‘nggi paytlarda "Barselona" jamoasining mushkul ahvoli haqidagi xabarlar tez-tez qulog‘imizga chalinib turibdi. To‘g‘risi, jamoa vakillarining absurd fikrlaridan charchab ham ketdik. Saylovlarda Messini saqlab qolishga va’da berib, keyin uni PSJga qo‘yib yuborgan Laporta. Kataloniya klubining afsonaviy uslubi - "tiki taka" so‘zini hatto, to‘liq ayta olmaydigan Ronald Kuman va boshqa voqealar "Barselona" imijiga putur etkazgani rost.

Ronald Kuman ayni damda dunyo e’tirofida. Uning beqarorligi bois, turli gap-so‘zlar urchib ketdi. Bir qarasangiz, u jamoasi kelajagi haqida to‘lqinlanib gapiradi. Bitta mag‘lubiyatdan so‘ng, tarkibning kuchsiz ekanligidan noliydi. Bu hammasi emas.
La Liga prezidenti Xaver Tebas birinchi imkon bo‘lishi bilan "Barselona"ni tanqidlarga ko‘mib tashlamoqda. Chempionat rahbari "CVC Capital" bilan shartnomadan ayrilganidan alamzada. U Messini ushlab qolishni uddalay olmagan Laporta haqidagi haqiqatlarni sekin-asta ommaga taqdim etyapti. Uning aytishicha, argentinalikni klub jamoada olib qolishi mumkin edi, ammo Joan buni istamagan. To‘g‘ri, bu shunchaki mish-mish, xolos.
Bu muammolarning barchasi qoniqarsiz natijalar fonida battar xunuk ko‘rinayotgani rost. Agar "Bavariya" bilan bahsdagi natija kutilgan hisob bo‘lsa, "Benfika"ga boy berilgan o‘yinni qanday izohlash mumkin? Ko‘pchilik Kuman hali ham iste’foga chiqmaganini klubning moliyaviy ahvoli bilan bog‘lamoqda. Bu qisman to‘g‘ri, ammo...

Darhaqiqat, klubda umuman pul yo‘q. Qarzlar allaqachon 1,5 milliard evrodan o‘tib ketgan. Qo‘shimchasiga, klub "Barselona" vitse-prezidenti Eduard Romeu Kataloniyaning "Sport" nashriga kattagina intervyu berdi va 3 yil hech qanday sovrinlar uchun kurashmoqchi emasligini ma’lum qildi.
Bir qarashda, barchasi pulga borib taqalayotgandek, ammo vaziyat ancha chigal. Laporta matbuot anjumanida Kumanni klubda pul yo‘qligi uchungina jamoada olib qolgani haqida fikr bildirishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Bu jamoa obro‘siga to‘g‘ri kelmaydigan ish. Ronaldning o‘rnini egallashi kerak bo‘lgan birorta murabbiy Kataloniyaga oshiqmay qo‘ydi. U erda qanday atmosfera ekanligini darrov anglash mushkul emas.
Shu bois, u jamoa kelajagi uchun ham niderlandiyalik mutaxassisga ishonch kreditlarini taqdim etishda davom etmoqda. Klubning moliyaviy ahvoli shu qadar og‘ir-ki, hatto "Benfika"dan qabul qilib olingan mag‘lubiyatdan keyin ham Ronald o‘z joyida qoldi. Shunga qaramay, Laporta ayrim taqiqlarni qo‘yishni boshladi. Klub rahbari Kumanga Niderlandiya matbuotida chiqish qilmaslikni buyurdi. Mutaxassis barchasini normal qabul qildi, biroq muammolar bu orqali bartaraf etilmaydi.

Vaziyat ancha og‘irligicha qolmoqda. So‘nggi o‘yinlardagi natijalar "Barselona"ning statusiga mos kelmaydi. Ronald Kuman klub tushib qolgan vaziyatdan foydalanib o‘z talablarini qondirishi mumkin edi, ammo u intrigadan qochdi. Shunchaki, o‘zini chekkaga tortdi. Buning uchun respekt, biroq yaxshi inson va kuchli mutaxassis boshqa-boshqa ma’noni anglatuvchi so‘zlar. Hozirgi "Barselona" og‘ir ahvolda ekanligi bilan Ronald Kumanning o‘rnini "sug‘urtalab" qo‘ydi. Klub uni ishdan olsa, 12 million badal puli to‘lashga majbur. Klub g‘aznasida bu summa yo‘q. Demak, Kuman o‘z postini topshirmaydi.
Bugungi "Barselona"ning muammolari yaqin 2-3 yil ichida hal etilmasligi kundek ravshan. O‘quvsiz murabbiy futbolchilari va klub siyosatini tanqid qilishda davom etmoqda. Unga imkon berishda davom etayotgan Laporta esa, o‘zi istasa ham uni iste’foga chiqara olmaydi. Katta ehtimol bilan, "Barselona"ning shonli o‘tmishini bir chetga surib, hammasini boshidan boshlash vaqti kelgan ko‘rinadi. Bu vaziyatdan chiqib ketish uchun boshqa echim ko‘rinmayapti.
Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar