
Berdiev yoki Abramov? Denis Ivankov javob berdi
SPORTS.uz sayti taniqli murabbiy - Denis Ivankov bilan suhbat uyushtirdi. Suhbat davomida darvozabonlar murabbiyi faoliyatidagi qiziqarli voqealar haqida so‘zlab berdi. «Nasaf» jamoasidagi faoliyati karerasida katta o‘zgarish sodir etgani borasidagi bildirgan fikri ko‘plab muxlislar uchun qiziq bo‘lsa, ajab emas.
- Murabbiylik faoliyatingizda «Nasaf» katta burilish yasagani rostmi? Aynan nima evaziga Qarshi klubida top darajadagi murabbiyga aylandingiz?
- Darhaqiqat, Qashqadaryodagi unumli faoliyatim uchun hali-hanuzgacha Ro‘ziqul Berdievdan minnatdorman. «Nasaf»ga kelgunimga qadar, ular bilan tanish edim, biroq o‘rtamizda do‘stona aloqalar yo‘q edi. U menga ishondi va taklif bilan chiqdi. Men uning bildirgan ishonchini oqlash uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni amalga oshirdim. Berdievni uyaltirib qo‘ymaslik uchun harakat qildim. Birgalikda ko‘plab qiyinchiliklarni engib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Hozir qalin do‘stlarmiz, desak, adashmagan bo‘laman.
«Nasaf»dagi yillarim faoliyatimda burilish yasagani rost. Bu erda men o‘zimni topdim. «Ajdarlar» safida o‘z ishlash metodikamni topdim. Ishga yondashuvim o‘zgardi. Murabbiy sifatida ulg‘aydim. 6-7 yil ish uslubim borasida izlanish olib borgan bo‘lsam, aynan «Nasaf»da o‘ylagan barcha narsamni amalga oshirdim.
«Nasaf»da hech qachon oddiy mashg‘ulot o‘tkazmaganman. Har bir mashg‘ulotimga tayyorlanib borganman. Har safar yangicha yondashuv bilan yigitlarni zeriktirib qo‘ymaslikka harakat qildim. Kiperlarning qaysi xislatini rivojlantirish borasida ish olib borish kerak, yana qaysi aspektlarda oqsayotganimiz haqida bosh qotirdim. Shu bois, ushbu klubdan abadiy qarzdorman.
- Bundan 6 yil ilgari siz Ro‘ziqul Berdievni Vadim Abramovdan kuchliroq ekanligi haqida aytgan edingiz. Mana oradan yillar o‘tdi. Hozir Vadim Karlenovichning shtabida faoliyat olib boryapsiz. Abramov yoki Berdiev?
- Juda ham provokatsion savol bo‘ldi. To‘g‘risi, nima deb javob berishni ham bilmayman. «Nasaf» hozir ham mening uyim. «Paxtakor»da ishlab yurgan paytlarim «Nasaf»ga mehmonga tashrif buyurdik. Meni juda iliq kutib olishdi. Xatto, klub bazasidagi xonamda tunab qolishimni iltimos qilishdi. «Sherlar» a’zosi bo‘lganim uchun taklifni rad etdim. O‘ylashimcha, hali-hamon klub bilan iliq xotiralar meni bog‘lab turadi. Shunday ekan, tanlovni «Nasaf» foydasiga hal etaman. Ro‘ziqul Berdiev men uchun ma’qulroq murabbiy.
- «Paxtakor» o‘ziga sarflangan pullarga yarasha natija ko‘rsata oldimi?
- Toshkent klubi so‘nggi yillarda o‘zbek futboli rivoji uchun ulkan hissa qo‘shgani bor gap. Ichki birinchilikdagi barcha sovrinlarni yutib olishdi. Ajoyib kadrlar etishtirishdi, biroq sarflangan pullar haqida so‘z borar ekan, natija birinchi o‘ringa ko‘tariladi. O‘ylashimcha, «Paxtakor» o‘ziga sarflangan pullarni oqlagani yoki oqlay olmaganini OChLdagi o‘yinlari bilan ko‘rsatib berdi.
Saudiya Arabistoni, Qatar, Eron va BAA singari mamlakat terma jamoalari va klublarini biz bemalol mag‘lub etar edik. Solishtirish maqsadida Janubiy Koreya yoki Yaponiya terma jamoalarini tanladim. Bundan 10-15 yil ilgari biz arab futbolchilaridan bir bosh baland edik. Hozir ularning barchasi bizga noqulaylik tug‘dirmoqda.
Ular futbolga tikilgan pullar orqali rivojlanishga intilmoqda. Xorijlik kuchli mutaxassislarni ishga taklif etishmoqda. Bizda ham olg‘a qadam tashlashga urinish bo‘lmoqda, ammo suv ostidagi oqim boshqa tomonga oqizib ketyapti, shekilli. Balki, qandaydir muammolar bordir. Afsuski, kutilganidek o‘sish bizda kuzatilmayapti. Mustaqil bo‘lganimizga 30 yil bo‘ldi. Men odamlarni tushunaman. Oddiy insonlar buni kutmoqda. O‘zbekistoning deyarli barcha viloyatlarida bo‘lganman. Men xalqimiz oilasini boqish uchun qanchalar og‘ir mehnat qilayotganini yaxshi bilaman. Chiroq, gaz va boshqa muammolarga duch kelsada, kurashda davom etayotganidan xabarim bor. Shunga qaramay, chekka-chekka qishloqdagi insonlar futbolga tashrif buyursa, ko‘zlari yonib ketadi. Ularning shashtini ko‘rib etlarim jimirlab ketadi. Aynan shunaqa muxlislar uchun ham chiroyli futbol ko‘rsatish shart.
«Paxtakor»ning natijalari bilan baholaydigan bo‘lsak, menimcha bu imkoniyat bilan bundan ko‘prog‘ini amalga oshirish mumkin edi. Har holda, barcha klubdan ichki emas, xalqaro arenadagi zafarli yurishlarni kutgani rost.
Fikrlar