
Boks muxlislarining bir kemtik ko‘ngli bor
Ma’lumki, o‘zbek boksi jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan maktabga va kuch-qudratga ega. Ayniqsa, so‘nggi yillarda bokschilarimiz qayd etayotgan fantastik natijalar millionlab muxlislarimizni xushnud etib kelmoqda. Masalan, 2016 yili Rio-de-Janeyroda o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida bokschilarimiz 3 ta oltin, 2 tadan kumush hamda bronza medallari bilan umumjamoa bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Bunday muvaffaqiyatli ishtirok keyingi yil Osiyo chempionatida jamg‘arilgan 9 ta oltin, jahon chempionatida esa 1 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan davom etdi. O‘tgan yili Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlari va bu yilgi qit’a chempionatida ham bokschilarimiz “sariq qit’a”da tengsiz ekanliklarini yana bir karra isbotlashdi. Havaskorlikdan professional boksga o‘tgan Shahram G‘iyosov, Isroil Madrimov, Elnur Abduraimov, Murodjon Ahmadaliev, Bahodir Jalolov va boshqa vakillarimizning ishtiroki tahsinga sazovordir.
Boks dunyosida WSB (World Series of Boxing) musobaqasi ham borki, unda etakchi mamlakat vakillari bir jamoa bo‘lib ishtirok etishadi. Bunda terma jamoa sharafini “Uzbek tigers” himoya qilishidan xabaringiz bor. Jamoada yurtimizning eng kuchli bokschilari jam bo‘lishgan, ammo mana shu turnir doirasida sira omadimiz kelmaydi!
Xo‘sh, bunga sabab nima?
Avvalo, musobaqaning o‘tkazilish tizimi yuqoridagi turnirlardan farq qiladi. WSBda 10 ta vazn toifasi amal qiladi va unda jamoalar ikkiga bo‘linib, xuddi futboldagidek uy-safar tizimida bahs o‘tkazishadi. Shu o‘rinda rahmatli so‘z ustasi Hojiboy Tojiboevning bir jumlasi yodingizga keladi: “Ko‘z tegmasin, chet elning terma jamoalari kelsa, biznikilar enasini ko‘rsatib yuboryapti. Lekin o‘zlari chetga chiqsa, enasini ko‘rib qaytib kelyapti-da”. Haqiqatdan ham safarda o‘tadigan bellashuvlar hamma sport turida qiyin. Shu jumladan, boksda ham. Bunda avvalo raqiblarning muxlislari oldidagi ruhiy ustunligidan tashqari hakamlar printsipi ham bor. Safardagi bahslarda referilar mezbon bokschilarga shu qadar yonbosishadiki, har qanday asabi mustahkam muxlis ham o‘zini tuta olmaydi. O‘z navbatida, taniqli bokschilarimizdan biri (ismi sir tutilmoqda) ushbu musobaqadagi safar bahslarini ko‘pchilik yomon ko‘rishini, adolatsizliklardan barcha xunob bo‘lishini aytib o‘tgan.
Avvallari yoz fasliga kelib musobaqaning finalchilari nomi aniq bo‘lar edi. Bu yil esa hatto qaysi jamoalar ishtirok etishi hali aniq emas. “Uzbek tigers” ishtiroki ham so‘roq ostida turibdi. Umuman olganda, musobaqaning ortga surilishi boks dunyosida bo‘lib o‘tayotgan o‘zgarishlarga ham bog‘liq. Ma’lumki, AIBA (Xalqaro havaskor bokschilar tashkiloti)da rahbariyat o‘zgardi. Keyinchalik bu tashkilotning Olimpiadada boks bellashuvlariga aralashmasligi borasidagi yangiliklar paydo bo‘ldi. Shunday ekan, biz muxlislar vaziyat yumshaguncha jim kutib turamiz. Hozir boks olamida siyosat va biznes to‘qnash kelgan payt bundan boshqa choramiz ham yo‘q.
Bu yilgi WSB musobaqasida qatnashsak . . .
Bu mavsum uchun tanlanadigan tarkibimiz avvalgilariga qaraganda biroz pastroq bo‘lishi kutilmoqda. Biz shu paytgacha ko‘rgan va biroz avval sanab o‘tgan bokschilarimiz katta ehtimolda ishtirok etishmaydi. Ularning o‘rni terma jamoada bosilar, biroq Isroil Madrimov va Bahodir Jalolovning vazn toifalarida katta muammo bor. Ularning o‘rnini bosa oladigan va xalqaro maydondagi tajribasi ko‘p bo‘lgan vakillarimiz kam, lekin biz bokschilarimizga ishonamiz.
2012 yil Abbos Atoevning mehnatlari bilan London Olimpiadasida boksda atigi 1 ta medal oldik. Shundan keyin Atoev boksdan ketgach, endi Rioda qaysi sportchimizga ishonamiz, degan fikr o‘tgan edi. Shunga qaramasdan, federatsiyaning tizimli ishlari samarasida yulduzli avlodni o‘zimiz uchun kashf qildik. Bu avlodimiz professional boksga o‘tib ketganida ularning o‘rnini bosa oladigan bokschilarimiz yo‘q emas, albatta. Shu qahramonlarimizni kashf qilgan murabbiylarimiz hamon terma jamoada ishlar ekan, ulardanda kuchli avlodni etishtirib berishlariga ishonamiz. Faqat buning uchun biroz vaqt kerak.
WSB saytining ma’lum qilishicha, musobaqa oktyabr oyida start oladi. Mavsum juda ham og‘ir. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining maxsus guruhi tomonidan jahon chempionatiga yo‘llanma beruvchi musobaqalar ishlab chiqilishi hamda jahon chempionati formatiga ham aniqlik kiritilishi kerak. Umid qilardikki, bizning bokschilarimiz ham mana shu turnirda ham zafar quchib, boks muxlislarining kemtik bir ko‘nglini to‘ldirib berishsa.
Maftuna JO‘RAEVA
O‘zDJTU talabasi
Fikrlar