Bo‘ldi, “Siti”dan ketaman!

  • 23.09.2026 10:25
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

«Manchester Siti» yarim himoyachisi Mateo Kovachich qishki transfer oynasida klubini o‘zgartirish niyatida.

Kovachich 2023 yilda «Chelsi»dan 30 million funt evaziga «Manchester Siti»ga o‘tganidan keyingi dastlabki ikki mavsumi davomida jamoaning asosiy futbolchilaridan biri bo‘ldi. Biroq o‘tgan mavsumning katta qismini to‘pig‘idan olgan jarohati sabab o‘tkazib yubordi.

Yozda «Manchester Siti»da bosh murabbiy o‘zgardi va Kovachich sog‘lom holatda bo‘lishiga qaramay, deyarli o‘ynamay qo‘ydi. 32 yoshli yarim himoyachi joriy Premyer-liga mavsumida faqat ikki marta zahiradan maydonga tushdi.

Hozir Kovachich Elliot Anderson, Ayub Buaddi va Enzo Fernandez bilan raqobatda ortda qolmoqda. «Manchester Siti» ularni tarkibga qo‘shish uchun katta mablag‘ sarflagan, Mateo esa bunday vaziyat bilan murosa qilishni istamayapti.

Kovachichni ayniqsa mavsum boshlanishidan oldin bosh murabbiy Enzo Mareska va sport direktori Ugu Viana unga muhim rol va muntazam o‘yin amaliyoti va’da qilgani xafa qilmoqda. «Manchester Siti» rahbarlarining ushbu kafolatlari tufayli Mateo Turkiya, Saudiya Arabistoni va Italiya klublarining qiziqishini rad etgan.

Xorvatiyaning Sportske Novosti nashri xabar berishicha, Kovachich yanvar oyida, agar shu vaqtgacha ko‘proq o‘ynay boshlamasa, jamoani tark etishni rejalashtirmoqda.

Kovachichning «Manchester Siti» bilan shartnomasi kelasi yozgacha amal qiladi, biroq unda shartnomani yana 12 oyga uzaytirish bandi mavjud.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!