
"Chelsi"ning keyingi rejalari qanday?
So‘nggi 2 yil "Chelsi" uchun eng yomon mavsumlardan biri bo‘ldi. Ayniqsa, Tomas Tuxelning iste’fosidan keyi "aristokratlar"ning o‘ziga kelishi qiyin bo‘ldi. Dastlab, Grem Potter bilan shartnoma imzolagan klub uni o‘z lavozimidan ozod qildi. Shundan so‘ng Frenk Lempard jamoani vaqtinchalik boshqarib, mavsumni 12-o‘rin bilan yakunladi. Rahbariyat afsonani olib qolmadi, balki yangi murabbiy izlashga tushdi va Maurisio Pochettino tanlandi. Argentinalik mutaxassis uchun hammasi yaxshi ketayotgani yo‘q edi. Hatto mavsum o‘rtasida uning jamoani tark etishi haqida mish-mishlar chiqa boshladi, lekin "Chelsi" unga ko‘proq imkoniyat berishga qaror qildi. So‘nggi 5 ta o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan klub ustozining iste’foga chiqishi hammani hayron qoldirdi. Ammo qaror ancha oldin qabul qilingan bo‘lsa ajab emas.
Todd Beyli Pochettinoning qolishiga rozi edi. Unga oxirgi natijalar ma’qul kelgan. Ammo Behdad Egbali murabbiy ishlashda davom etsa, jamoa uchun kelasi mavsum yaxshi o‘tishiga kafolat yo‘qligi sababli u bilan kelishgan holda hammasiga yakun yasadi. Ayrim manbalar Mourisioning mashg‘ulot uslubi eski ekanligi rahbariyatga esa yangicha qarashlarga ega bo‘lgan mutaxassis kerakligini aytmoqda. Bu shuni anglatadiki, "Chelsi" yangi bosh murabbiy tanlashda katta nomlarga umuman e’tibor qaratmaydi.
Pochettino ketishini e’lon qilishi bilan Tomas Tuxel varianti rahbariyat uchun qiziq bo‘lishi taxmin qilindi. Sababi, u klub bilan Chempionlar ligasini qo‘lga kiritgan, yaqindagina "Bavariya"dan ketgan va APLga qaytishga tayyor bo‘lgan murabbiydir. 50 yoshli nemisning o‘zi ham "aristokratlar"ni yana qabul qilib olishga qarshi emas, lekin klub unga taklif bilan chiqmaydi. Shuningdek, Xans-Diter Flik Londonga yo‘l olishga rozi bo‘lib turibdi, degan mish-mishlar bor, lekin bunday xabarlar inqor ham qilinmoqda. Germaniyaning sobiq ustozi bundan oldin "Bavariya" va "Barselona" qiziqish doirasida bo‘lib turgandi. Ammo u bilan hozir hech kim faol muzokaralar olib bormayapti. Egbali uchun nafaqat, Flik va Tuxel varianti qiziq emas, balki u Joze Mourino yoki Antonio Konte haqida o‘ylab ham o‘tirgani yo‘q. Behdadni qiziqtirayotgan murabbiylar boshqa...
Yuqorida aytib o‘tilganidek rahbariyat yangicha qarashlarga va uslubga ega bo‘lgan murabbiylarni izlamoqda. Eng asosiysi klub yangi davrni boshlash niyati yo‘q. Kelgan mutaxassis hozirgi tarkibni "buzib qo‘yishi" keragi yo‘q. U mana shu davrni davom ettira olishi lozii. Ayniqsa, ajoyib mavsum o‘tkazgan Koul Palmer uchun kelajakda muammo bo‘lmasligi shart bo‘ladi. Nomzodlar orasida eng ko‘p tilga olinayotgani bu "Shtutgart" ustozi Sebastyan Xyonessdir. "Lyoptsig" va "Bavariya" yoshlar jamoalarida ishlagan va o‘tgan yili shtutgartliklarni qabul qilib olib, bir mavsumda Bundesligada qolish uchun kurashadigan tarkibni Chempionlar ligasiga yo‘l olgan jamoaga aylantirdi. Ayniqsa uning 5 ta shogirdi "Evro-2024"da ishtirok etish uchun Germaniya terma jamoasidan chaqiruv olgani tahsinga sazovordir.
Rahbariyat tomonidan muhokama qilinayotgan murabbiylar orasida Entso Moreska ("Lester Siti") ham bor. Xosep Gvariolaning yordamchi murabbiyi bo‘lib ishlagan 44 yoshli italiyalik o‘tgan mavsum boshida "tulkilar"ni qabul qilib olib, ularni nafaqat APLga olib chiqdi, balki Chempionship chempioniga aylantirdi.
Shuningdek, "Chelsi" "Jirona"dan Michel va "Ipsvich Taun"dan Kiran Makkenna uchun ham kurashga qo‘shildi. Mana shu murabbiylardan birini tanlaganidan keyin klub muzokaralarni boshlaydi, lekin ayni paytda bunday turdagi mutaxassislarni olib kelish qiyin bo‘ladi.
Shuningdek, "Chelsi" "Jirona"dan Mishel va "Ipsvich Taun"dan Kiran Makkena uchun ham kurashga qo‘shildi. Mana shu murabbiylardan birini tanlaganidan keyin klub muzokaralarni boshlaydi, leyin ayni paytda bunday turdagi mutaxassislarni olib kelish qiyin bo‘ladi.
Fabritsio Romano, Florian Plettenberg, Kristian Falk va Mett Loularning insaydlaridan foydalanildi.
Fikrlar