Darvozabonlikdan boshlangan yo‘l
Uni zamonaviy “Sevilya”ning asoschisi deb bilishadi. Ispaniya futbol maktabining eng taniqli namoyandalaridan biri. 1990-2000 yillarda “Sevilya”ning ikkinchi darvozaboni bo‘lgan. Futbolchi sifatidagi karerasini tugatgach, Andalusiya futbol klubining rasmiy rahbariga aylandi. 2000 yilning o‘zidayoq sport direktori darajasiga ko‘tarildi. Ha, bu o‘sha siz bilgan Ramon Rodriges Verdexo, ya’ni Monchi.
17 yillik “Ramon Sanches Psixuan”dagi faoliyatdan so‘ng, u o‘z joyini tark etdi. “Real” esa fursatdan foydalanib uni o‘ziga jalb qilish ilinjida.
U “Sevilya” uchun nima qilib berdi?
Andalusiya futbol klubining nafaqat 21 asrdagi, balki o‘zining butun tarixidagi yirik muvaffaqiyatlari Monchi bilan bevosita bog‘liq. Monchi rahbarligidagi 17 yil mobaynida ular to‘qqizta yirik g‘alabani qo‘lga kiritishdi: beshta UEFA kubogi, ikkita Qirol Kubogi, Ispaniya Superkubogi va Evropa Superkubogi. Uning rahbarligigacha bo‘lgan davrda “Sevilya” atigi to‘rtta kubokni qo‘lga kiritgan va bularning so‘nggisiga ham ellik yildan ko‘proq vaqt o‘tgan edi. Monchi o‘z xizmatlarini kamtarlik bilan “Men har doim jamoaning bir bo‘lagiga aylanishga intildim” deya izohlaydi.
Monchi sportdagi karerasiga yakun yasagan paytda “Sevilya”ning yaqin 17 yil ichida 14 ta finalda g‘olib bo‘lishini hech kim xayoliga ham keltirmasdi. Klubning yangi direktori qarshisida bir necha katta vazifalar turgan edi: klub akademiyasini rivojlantirish, yangi yulduzlarni tayyorlash, tizimni yaxshilash... bir qarashda osondek tuyulgan bu vazifalarni qoyilmaqom tarzda bajargan Monchi uchun klubni oddiy segundalikdan evrokuboklarning doimiy ishtirokchisiga aylantirish uchun (moliyaviy to‘sqinliklarga qaramay) atigi to‘rt yil kifoya qildi.
Arzon xarid qilish va qimmat sotish aqidasi asosida ish ko‘rgan Monchi klub byudjetini tikladi, Andalusiya futbolchilarini birinchi darajali sportchiga aylantirdi.17 yil ichida “Sevilya” yirik loyihalarining o‘zidanoq 200 mln evro daromad ko‘rdi. Klub futbolkalarini sotishdan tushgan mablag‘ jamoa reytingini ko‘tarishga sarflanar edi.
Klub akademiyasining ko‘zga ko‘ringan qaldig‘ochlari sifatida Xose Antonio Reyes, Serxio Ramos, Diego Kapel, Xesus Navas, Antonio Puerta va Alberto Moreno kabilarni ko‘rsatish mumkin. Dani Alves, Frederik Kanute, Adriano, Ivan Rakitich, Seydu Keyta, Kristian Poulsen, Karlos Bakka- bular “Sevilya”ni yuqori cho‘qqilarni zabt etish uchun qulay va tezkor ijtimoiy pillapoya, deya e’tirof etishadi. Monchi transferlar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatgan, murabbiylar bilan ham yaxshi chiqishar edi, klub modeli va uslubiga mos sportchilarni jalb etishga tirishardi. U Xuande Ramos va Unai Emeri kabi qahramonlarni yaratdi.

Muvaffaqiyatli o‘tgan qator mavsumlardan so‘ng tarkib muntazam ravishda o‘zgarib turdi. Peshqadamlar “Pisxuan”dan yanada yuqoriroqqa o‘tib ketishardi. Klub direktori va murabbiylarning eng katta yutug‘i- jamoani tark etganlar o‘rnini tezda yangi yulduzlar bilan to‘ldirgani bo‘ldi.
Muvaffaqiyatsizliklar
Monchi ham ba’zida samarasiz ishlarga qo‘l urardi. Shulardan biri bu- Negredogacha “Sevilya” sotib olgan eng qimmat (12 mln) futbolchi Aruna Kone. Tizzasidagi jarohat unga jamoa tarkibida yaxshi o‘yin ko‘rsatishga xalal berardi. Bu erdagi o‘tkazgan birinchi mavsumida u 17 ta o‘yinda qatnashib, atigi bitta gol kiritdi. Jamoada o‘tkazgan besh yili ichida 40 ta o‘yinda ishtirok etdi, ammo kiritilgan gollar soni o‘zgarmay qolaverdi. Negadir, “Levante”daligida Kone anchagina yaxshi natijalar ko‘rsatgan edi.
Monchining “o‘xshamagan” boshqa shartnomalari to‘rt yil ichida sakkizta gol kiritgan hujumchi Ernesto Chevanton va 7 mln evroga sotib olinib, to‘rt mavsum davomida maydonda bor-yo‘g‘i 1000 daqiqa o‘ynagan Lautaro Akosta bilan bo‘ldi.
Monchi loyihalari top o‘ntaligi
“Sevilya”da birga ishlagan eng yaxshi futbolchilar sifatida Monchi Dani Alves, Luis Fabiano, Frederik Kanutelarni e’tirof etadi. Ularning barchasi Andalusiya poytaxtida besh yildan ko‘proq vaqt bo‘lishdi va shu muddat ichida “Ramon Sanches Pisxuan”ning eng yorqin yulduzlariga aylanishdi.

Bu top o‘ntalikka kirganlarning nafaqat futbolchi sifatidagi xususiyatlari, balki ulardan kelgan foyda ham hisobga olindi:
- Xose Antonio Reyes- 26.5 mln. evro
- Julio Baptista-17 mln. evro
- Serxio Ramos-27 mln. evro
- Dani Alves -33.8 mln. evro
- Xesus Navas-20 mln. evro
- Alvaro Negredo-30 mln. evro
- Ivan Rakitich-18 mln. evro
- Alberto Moreno-33.5 mln. evro
- Aleish Vidal-15-15 mln. evro
- Karlos Bakka-30 mln. evro
Monchining ramziy terma jamoasi
Ramziy ma’nodagi terma jamoani hosil qilish uchun o‘n birinchi a’zo sifatida Aleksandr Kerjakovni kiritish mumkin. Rossiyalik hujumchi “Sevilya” yulduziga aylanmadi, biroq u Luis Fabiano va Frederik Kanute bilan birga harakatlanib sakkizta gol kiritgan va andalusiyaliklarning Qirol va UEFA Kuboklarini qo‘lga kiritishlarida jonbozlik ko‘rsatgan edi. Keyinchalik “Dinamo”ga 8 mln evro evaziga o‘tib ketgan bo‘lsa-da, Kerjakovning jamoaga keltirgan foydasini hech narsa bilan baholab bo‘lmaydi.

Monchining ramziy terma jamoasi uchun darvozabon etishmayapti. Buni qarangki, “Sevilya”dagi faoliyati davomida Monchi birorta ham iste’dodli darvozabon bilan shartnoma tuzgan emas. Shuning uchun, Kerjakovning xizmatlarini unutmagan holda jamoaning o‘n birinchi a’zosi etib Ramon Rodriges Verdexoni, eng mashhur sport direktorini kiritish joiz. Shubhasiz, o‘zi etishtirgan futbol yulduzlari bilan bir jamoada to‘p surish Monchiga yoqqan bo‘lardi.
Saodat Abduraxmanova tarjimasi
Manba: sports.ru



Fikrlar