De Yong va Flik oʻrtasida mojaro kelib chiqdi
«Barselona» yarim himoyachisi Frenki de Yong va jamoa bosh murabbiyi Xansi Flik oʻrtasida munosabatlar keskin sovushi haqida maʼlumotlar paydo boʻldi. Sabab sifatida niderlandiyalik futbolchining kataloniyaliklar ishtirok etgan muhim oʻyinlardan biriga maydonga tushishdan bosh tortgani koʻrsatilmoqda. Bu haqida jurnalist Jerar Romero oʻz ijtimoiy tarmoqlarida xabar berdi.
Manbalarga koʻra, «Barselona» shifokorlari de Yongga Chempionlar ligasidagi «Atletiko»ga qarshi javob uchrashuvini asosiy tarkibda boshlashga ruxsat bergan. Biroq futbolchining oʻzi maydonga chiqishni istamagan. U murabbiylar shtabiga: «Men sogʻligimni xavf ostiga qoʻymoqchi emasman», degan mazmunda javob qaytargani aytilmoqda.
Bu gaplar Xansi Flikni qattiq gʻazablantirgani taʼkidlanmoqda. Ayni shu voqeadan soʻng bosh murabbiyning de Yongga nisbatan munosabati sovuqlashib qolgani, u haligacha futbolchiga ishonch bilan qaramayotgani qayd etilmoqda.
Ispaniya matbuoti maʼlumotlariga koʻra, Frenki de Yong jarohati boʻyicha tekshiruv va tashxis jarayonlarini ataylab choʻzayapti, degan mish-mishlar ham bor. Aytilishicha, futbolchi klubni oʻzgartirish imkoniyatlarini oʻrganayotgani uchun shoshilmayapti.

Fikrlar