
Diash «Siti»ning yangi qahramoni!
«Manchester Siti» jamoasi himoyachisi - Ruben Diash Angliya jurnalistlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada APLda yilning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi.
Nima uchun sovrinning qadri baland?
Angliyada yilning eng yaxshi futbolchisini aniqlaydigan turli so‘rovnomalar mavjud, lekin jurnalistlar tanlovi har doim 1-o‘rinda bo‘lgan. Sababi, ingliz jurnalistlari futbolni chuqur tahlil qiladi. Shuningdek, o‘z tanlovini doimo izohlashga odatlangan. Shu bois, sovrinning qadri baland.
APL katta va uzoq davom etadigan musobaqa. Tashqaridan qaraganda, to‘purarlar va assistni amalga oshiradigan futbolchilar birinchi planga ko‘tariladi. Jurnalistlar esa, butun boshli jamoa o‘yiniga ta’sir ko‘rsatgan ijrochilarni tanlab olishga harakat qiladi. Ularning futbolni yaxshi his etishi, taktika va strategiya borasida tushunchaga ega ekanligi shunday vaziyatda qo‘l keladi. Ingliz sport jurnalistlarining 50 foizi sobiq futbolchilar sanaladi. Shu bois, oddiy muxlislardan farqli o‘laroq, ularning tanlovi qadrli.
O‘tgan mavsumda sovringa «Liverpul» yarim himoyachisi - Jordan Xenderson loyiq ko‘rilgan edi. Vaholanki, hujum uchligidagi yigitlar yorqin mavsum o‘tkazgan edi. Jurnalistlar «qizillar» sardorini jamoa yuragi, deb e’tirof etgan holda, aynan Xendersonni yakunda eng zo‘ri, deb topadi. 2019 yilda Rahim Sterling so‘rovnomada g‘alaba qozongan bo‘lsa, 2018 yilda Muhammad Saloh «tumanli albion»da tengsizga aylangan. Undan avvalroq, Ngolo Kante jurnalistlar e’tirofiga tushdi. 2016 yilda «Lester» bilan mo‘’jiza ko‘rsatgan Riyad Mahrez Angliyada yil futbolchisi maqomini o‘ziniki qilib oladi.
G‘oliblarga e’tibor berar ekansiz, jurnalistlar birinchi navbatda futbolchining jamoaviy o‘yinga qo‘shayotgan hissasiga e’tibor qaratishi ma’lum bo‘ladi. Shunga qaramay, himoyachilar yangi asrda biror marotaba APLda eng yaxshi bo‘lishni uddalay olmagan. So‘nggi bor 1999 yilda «Liverpul» a’zosi - Stiv Nikol so‘rovnomada g‘alaba qozongan. Unga qadar (1995) Yurgen Klinsman va Janfranko Zola (1997) taniqli futbolchi jurnalistlar orasida birinchi o‘rinni egallagan.
Ovoz berish jarayoni
Bu safar so‘rovnomaning so‘nggi bosqichida Ruben Diashning raqobatchilari ancha kuchli edi. Kevin De Bryuyne va Xarri Keyn! Portugaliyalik mavsum boshida «Benfika»dan 68 million evro evaziga sotib olingani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagani aniq. Katta ehtimol bilan, transferning bu qadar omadli chiqishi hech kimning xayoliga ham kelmagan.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, «shaharliklar» «Benfika»ga qo‘shimcha 3,6 million bonus puli to‘lab beradi. Bunga, shartnomada ko‘rsatilganidan ko‘proq o‘yinda Diashning maydonga tushgani sabab. Qahramonimiz joriy mavsumda «Siti»ning 48 o‘yinida ishtirok etdi. Hatto, uni Pep Gvardiola har 3 kunda o‘yin o‘tkazishga qodir “monstr”, deb atadi. Himoyachi ishtirok etgan 48 o‘yining 23 tasida «Man Siti» gol o‘tkazib yuborgani yo‘q. Deyarli keraksiz ijrochiga aylangan Stounz esa, Diash bilan ideal tandem hosil qildi. Ruben o‘zi sezmagan xolda, «Siti»ga yana bir sifatli himoyachini taqdim etdi desak, adashmagan bo‘lamiz.
Tan olish lozim, 700 dan ortiq jurnalist ishtirok etgan so‘rovnomada «shaharliklar» yaqqol peshqadam bo‘ldi. Berilgan ovozlarning 50 foizidan ko‘prog‘i «Siti» a’zolari foydasiga ishladi. Yakunda kuchli uchlikning 2 futbolchisi Gvardiola shogirdi bo‘lib chiqdi.
Reaktsiya
Diash o‘z sovrinini qo‘lga kiritgach, hissiyotlarini jilovlab o‘tirmadi:
"Bu ulkan sharaf! Juda ham baxtliman. Shunisi aniq-ki, jamoam bo‘lmaganida bu sovringa yaqin ham kela olmas edim. Bugun mening o‘rnimda istalgan "Siti" futbolchisi bo‘lishga haqli. Aynan ular sababli bugun shu erdaman. Aslida, ko‘pincha hujumning so‘nggi qismida to‘p suruvchilar e’tibor markazida turadi. Hozir esa, men jamoaviy o‘yinimiz sababli eng yaxshi futbolchi, deb topildim. Bu bizda ichki muhit va kuchli xarakter mavjudligidan dalolat. Biz bir oilamiz!"
Jurnalistlar qo‘mitasi rahbari - Kerri Braun sovrinni himoyachiga topshirar ekan, quyidagi so‘zlarni aytib o‘tdi:
«Diash "Siti"ga o‘tishi bilan, barchamizni hayron qoldirishni boshladi. Endigina 23 yoshga qadam qo‘yganiga qaramay, Ruben sovuqqon va xotirjam. Ortiqcha qo‘pollik yoki agressiyadan xoli yigit. Boz ustiga, o‘yinni yaxshi o‘qiydi. Joy tanlashda benazir!
Gvardiola doimo o‘z shogirdlarini yangi darajaga olib chiqishga urinadi. Shunday bo‘lsa-da, Pepning jamoasini hech kim bu qadar to‘ldirmagan va bu darajada yaxshilamagan edi. Yulduzlarga to‘la klubni sovrinlar sari etaklashda 23 yoshli yigitchaning hissasi ulkan. U chinakam etakchi!
Yashirin sardor!
Futbolchi haqida so‘z ketar ekan, uni soyadagi "jangchi" deb atashimiz mumkin. Gyundogan va De Bryuyne gollarni qalashtirib tashlayotgan bir paytda, u himoyada qoyadek turib berdi. Hatto jamoadoshlari xatolarga yo‘l qo‘ygan paytlarda ham ularni sug‘urtalashni unutmadi. E’tiborlisi shundaki, himoyada Diash barchasiga ulgurdi.
Uning o‘yinlarini sinchiklab kuzatmasangiz, hech narsaga tushuna olmaysiz. Baland bo‘yli bo‘lishiga qaramay, tezlik bobida hech kimdan qolishmaydi. Eng muhimi pressingdan yaxshi chiqib ketadi. Texnikasi portugaliyaliklarga xos. Qo‘shimchasiga birinchi pasni ham aniq ijro etadi. Turnir startida "Siti"ning bir necha bor qoqilgani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilib ketgani aniq. Og‘ir damlarda Diash Pepning joniga ora kirdi. Orqadagi hamma muammolarni yopdi, stabil himoyani hosil qildi. Joriy mavsumni "Siti" deyarli markaziy hujumchisiz o‘tkazdi. Barcha gollar jamoaviy o‘yin mahsuli. Diash esa, markazda ushbu o‘yin uchun poydevor vazifasini munosib uddaladi. Birorta bahsda pand bermadi, qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ymadi. G‘alabalar seriyasi boshlangach, Diash yana soyada qolib ketdi. Yaxshiyam Angliyadagi eng nufuzli sovrin g‘olibini jurnalistlar aniqlaydi. Aks holda, biz hozir sovrin bilan suratga tushgan boshqa futbolchining suratiga tikilayotgan bo‘lar edik. Diashning o‘yinlarini futbolni yaxshi tushunadigan insonlar qadriga etadi. SPORTS.uz yil yakunida tengsiz, deb topilgan Ruben Diashning kelajakdagi faoliyatiga omad va zafarlar tilab qoladi!
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev.
Fikrlar