
Diyor Imomxo‘jaev: Futbol sharhlashni juda xohlaganman, ammo...
SPORTS.uz sayti PFL rahbari Diyor Imomxo‘jaev bilan eksklyuziv intervyu tashkil etdi. Ushbu suhbat davomida muxlislar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishga muvaffaq bo‘ldi.
- Nima uchun futbol sharhlovchiligiga qo‘l urdingiz?
- To‘g‘risi, bu mening orzularimdan biri edi. Sport kanalida ishlab yurgan paytlarim, sharh xonasiga kirishni juda xohlaganman. Negadir menga futbol sharhlashga imkon berishlarini so‘rashdan tortinganman. Ayniqsa, 2014 yildagi jahon chempionati o‘yinlari sharhida ishtirok etgim kelgan. To‘g‘risi, "Sport" kanalidagi ayrimlardan yaxshi sharhlay olishimga ishonchim komil edi. Menga JCh haqidagi lavhalar tayyorlash vazifasini yuklatishdi. "Xo‘p", deb hammasini bajarganman. Hamma topshiriqlarni ortig‘i bilan bajarganman, ammo menga ham sharhlashga imkon berishlarini so‘ray olmaganman. Keyinchalik, bir-ikkita o‘yinlarni berishdi. To‘g‘risi, uni sharh, deb hisoblamayman. Sababi, Bundesliganing eng zerikarli bahslaridan qoniqmaganman. Boz ustiga, o‘yinlar yozib olingach, efirga uzatilar, o‘yin hisobini bilar edim. Keyinroq, Davron Fayziev "Futbol TV"ga o‘tdi. Bu orada men "Sport" kanalidan ishdan ketgach, "erkin agent" maqomida "Futbol TV" bilan shartnoma imzoladim. Birinchi sharhim Davron akam bilan bo‘ldi. Uyog‘iga o‘sha erda ishlab qoldim. Hozir ham juda ko‘p muxlislarimiz nega sharhlamay qo‘yganim haqida so‘ramoqda. To‘g‘risi, bunga umuman vaqtim bo‘lmayapti. 6 oydan beri tig‘iz taqvimda ishlaganim uchun sharh xonasiga kira olmayapman. To‘g‘risi, Evropa futbolidan ancha chiqib qoldim. Agar 2-3 oy yaxshilab tayyorgarlik ko‘rsam, yana sharhga qaytishim mumkin. Bor e’tiborim o‘zimizning futbolga qaratilgan. O‘z vazifamni to‘liq bajarmay turib, boshqa ishga kirishim adolatdan emas. Hozir oramizda 2-3 ta ishda ishlab, birortasini eplay olmayotganlar etarlicha.
- O‘zbekiston terma jamoasi JChga chiqa olmasa hayron qolasizmi?
- Yo‘q! Men oldin ham hayron bo‘lmaganman. Meni o‘zimni eng katta umidim 2026 yildan. Hozirgi harakatlarim evaziga paydo bo‘lgan "silkinish" sababli oldinga qadam tashlashimiz mumkin. Rejalarimizni amalga oshirgach, natija kutishga haqlimiz. "Umidlar intixoda o‘ladi", degan gap bor. Balki sen bilan 3 yildan so‘ng ko‘rishsak, 2030 yildan umid qilib o‘tirgan bo‘lishim ham hech gap emas. Hozirgi holatda, nimadir deyishga ham hayronman. Men ham muxlislar singari JCh yo‘llanmasiga ega bo‘lishimizni orzu qilaman. PFL direktori sifatida o‘z pozitsiyam bor. Birinchi navbatda, har haftada bo‘ladigan ichki chempionatimizni yuqori darajaga olib chiqishimiz kerak. Ana shunda, biz ham Angliya chempionati singari har haftada 90 daqiqalik dahshatli to‘qnashuv ko‘ramiz. JChga chiqish uchun biz bir necha yillardan beri o‘zbek futbolini rivojlanishini sekinlashtiryapmiz. Mundialga chiqqach, uzog‘i bilan 3 ta jamoa bilan to‘p suramiz. Keyinchi? O‘zimizning chempionatdan ham tomoshabop o‘yinlar bo‘lishi kerak. Biz ichki birinchilikdagi to‘qnashuvlarni ham shunday orziqib kutishimiz lozim. Ana shunda, futbolimizda rivojlanish ko‘zga tashlanadi.
Fikrlar