EChLni adolat tark etdi!
Koronavirus sababli, insoniyat barcha rejalarini qayta tuzib chiqishga majbur bo‘lmoqda. Futbol ham bundan mustasno emas. Charm to‘p ixlosmandlari sevib tomosha qiluvchi Evropa chempionlar ligasi o‘zining eng avj pallasiga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, UEFA rejalarini o‘zgartirdi. Gap shundaki, Evropaning turli davlatlarida sog‘liqni saqlash vazirliklari har xil qoidalar ishlab chiqdi. Oqibatda, klublar bundan katta zarar ko‘rmoqda. Misol uchun, Evrokuboklarning formati va uchrashuvlar tartibi o‘zgarib ketishi mumkin.
Angliyadagi mutatsiyaga uchragan virus katta sahnaga chiqib kelmoqda. Britaniyada istiqomat qiluvchi insonlarni turli davlatlarga kirishi qat’iyan man etildi.
«RB Leyptsig» – «Liverpul» Budapesht. (16 fevral)
«Borussiya» M – «Manchester Siti» Budapesht. (24 fevral)
«Atletiko» – «Chelsi» Varshava. (23 fevral)
«Real Sosedad» – «MYu» Turin. (18 fevral)
«Benfika» – «Arsenal» Rim. (18 fevral)
Evropaning turli davlatlaridagi turli xil qonunlar sababli, o‘yinlarni neytral zonaga ko‘chirishga to‘g‘ri keladi. Afsuski, neytral maydonda to‘p surgan jamoa bundan juda katta zarar ko‘rishi turgan gap. Misol uchun «Molde» va «Xoffenxaym» bahsi Ispaniyada tashkillashtiriladi. Vaholanki, Ispaniya va Norvegiya Evropaning ikki chetidagi davlatlar sanaladi. Boshqacharoq qilib aytganda, bu qaror mezbon klublar uchun kattagina muammo tug‘diradi.
Bu vaziyatdan chiqib ketish uchun mehmondagi gol qoidasiga o‘zgartirish kiritish lozimdek ko‘rinmoqda. Aslida, bu qoida avval ham ancha tanqid qilingan edi. Hozirgi vaziyatda, u ochiqchasiga mezbonlarga pand berib qo‘yishi aniq. O‘z vaqtida, EChLning yarim finalida «Inter» va «Milan» to‘qnash kelganida, mutaxassislar bu formatning noqulay ekanligini his qilishgan.
«Milan» – «Inter» – 0:0
«Inter» – «Milan» – 1:1.

Finalga «rossonerilar» yo‘l olgan. Mehmonda urilgan gol sababli. Aslida, «Milan» mehmonda o‘yin o‘tkazgani yo‘q. O‘z shahri va jonajon stadionida to‘p surdi. Bundan ham kulgili voqea 1999 yilda sodir bo‘lgan edi. UEFA kubogi doirasida «Spartak» «Lids» bilan to‘qnash keladi. Moskvada havoning keskin sovib ketishi sababli, o‘yinni Bolgariyaga ko‘chirishga to‘g‘ri keladi. Sofiyada bo‘lib o‘tgan matchda «Spartak» 2:1 natijasi bilan zafar quchadi. Angliyadagi javob uchrashuvida «Lids» minimal hisobda g‘alaba qozonadi. Bu ularning keyingi bosqich yo‘llanmasiga ega chiqishlari uchun kifoya qiladi. Aslida, o‘z uyida to‘p surmasa ham, umumiy hisobda 2:2 qayd etgan «Spartak» keyingi bosqichga haqliroq edi.

Endi pandemiya tufayli uchrashuvlar yana neytral maydonlarga ko‘chirilmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, sport printsiplariga putur etmoqda. “Atletiko Madrid" ichki chempionat bahslarida g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda. Endi qur’a «Chelsi»ni «sovg‘a» qilgach, Metrapolitano arenasida to‘p surishi mumkin emas. Simeone shogirdlari pley-off uchrashuvlarida aynan o‘z maydonlaridagi natijaga suyanib harakat qilishga o‘rganib qolgan. Neytral maydonda voqealar rivoji qanday ko‘rinish olishi noma’lum. Shuningdek, «Borussiya M» ham keyingi bosqichga chiqish uchun yagona imkoniyatidan ayrildi. Bundesliga vakili «Siti»ni birinchi o‘yindagi ijobiy natijasiz musobaqadan chiqarib yuborishiga ishonish mushkul.
Agar o‘yinlar neytral maydonga ko‘chirilsa, unda 2 ta o‘yinni nima keragi bor. Jamoalarning imkoniyatlari teng bo‘lishi uchun pley-off o‘yinlari bitta bahsdan iborat bo‘lishi kerak emasmi?! Agar o‘yin durang bilan yakunlansa, g‘olibni penaltilar seriyasi aniqlab berishi kerak. Ana shunda, barcha jamoalarning imkoniyatlari avtomatik ravishda tenglashadi. Aks holda, neytral maydonda to‘p suruvchi klublarning musobaqani davom ettirish uchun imkoniyatlari kamayib ketadi.
Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev



Fikrlar