Eldor eng zo‘r to‘purarligini isbotlay oladimi?

  • 11 oktabr, 2020, 23:05
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy hujumchisiga aylangan Eldor Shomurodov Toshkentda Eron milliy terma jamoasiga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda raqib darvozasini ishg‘ol qildi.

Eldor mamlakatimiz bosh jamoasi safida 44-uchrashuvida 21-golini urdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng zo‘r to‘purari nomini egallab turgan Maksim Shatskix hisobida 34 ta gol bor. Bu ko‘rsatkichga erishish uchun Maksimga 60 ta uchrashuv kerak bo‘lgan.

unnamed_61

Eng iqtidorli hujumchilardan bo‘lgan Aleksandr Geynrix 98 ta uchrashuvda 32 ta gol urib, Shatskixning natijasiga juda yaqin kelgandi, lekin bu ko‘rsatkichni yangilagunicha o‘zi futboldan ketib qoldi.

Kuchli uchlikdagi Mirjalol Qosimov esa 66 ta o‘yinda raqiblar darvozabonlarini 30 marta xafa qilgan.

Mirjaloldan keyin jamoada pleymeykerlik qilgan Server Jeparov eng ko‘p – 126 marta maydonga tushib, rekord o‘rnatgan o‘yinlarida 25 marotaba qaytarib bo‘lmas zarba yo‘llagan.  

Eldor Shomurodov Eron darvozasini ishg‘ol qilish orqali terma jamoamiz to‘purarlari ro‘yxatida beshinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. “Jenoa” hujumchisi yigirma yil oldin 31 ta o‘yinda 20 ta gol urgan Igor Shkvirin va bu galgi yig‘inga kela olmagan terma jamoa sardori Odil Ahmedovni ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. 103 ta o‘yinda 20 ta gol urgan Odil Ahmedov hali yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatayotganini inobatga olib, uning to‘purarlik bo‘yicha ko‘rsatkichlari yanada yaxshilanishiga umid qilsak bo‘ladi.

5_3

Bugungi kunda faoliyatini davom ettirayotgan o‘yinchilarimiz orasida Igor Sergeev to‘purarlar ro‘yxatini o‘zgartirishi mumkin. 27 yoshli hujumchi 50 ta bahsda 15 ta aniq zarba yo‘llagan va  Igor hozir ham terma jamoaga nomzodlar ro‘yxatida o‘ziga beriladigan imkonni kutmoqda.

Kuchli o‘nlikdan 15 ta golni o‘z hisobiga yozib qo‘ygan Ja’far Irismetov va muhim uchrashuvlarda jamoamiz g‘alabasini ta’minlagan 14 ta gol sohibi Ulug‘bek Baqoev ham joy olgan.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng yaxshi to‘purari bo‘lib turgan Maksim Shatskixning rekordini eng qisqa fursatda yangilash imkoniyati faqat Shomurodovda borligini ta’kidlash kerak. Statistika bo‘yicha Eldor gol urish uchun boshqalardan kam vaqt sarflamoqda.

Yana bir muhim jihat shundan iboratki, Eldor Shomurodov klublardan ko‘ra terma jamoada samaraliroq o‘yin ko‘rsatmoqda. 25 yoshli hujumchimizning faoliyatiga nazar tashlasak, bu yaqqol namoyon bo‘ladi. U “Bunyodkor” tarkibida 2015-2017 yillar davomida jami 66 ta o‘yinda o‘z hisobiga 18 ta gol yozib qo‘ygan edi. Shundan so‘ng, uch yil mobaynida “Rostov”da barcha turnirlarda 91 ta o‘yinda 18 marta darvozalarga yo‘l topa oldi.

2015 yildan beri milliy terma jamoa hujumida 44 ta o‘yinda 21 ta gol urishga erishdi. Va so‘nggi o‘yinlarda uning samaradorligi ko‘tarilib bormoqda. 2022 yilgi jahon chempionati va 2023 yilgi Osiyo kubogi qo‘shma saralash turnirida terma jamoamizning 12 ta golidan teng yarmiga mualliflik qildi. Eldor Shomurodov Yaman va Saudiya Arabistoni darvozasiga bir marotabadan yo‘l topgan bo‘lsa, Singapur va Falastinga qarshi o‘yinlarda dubl qayd etdi.

12621699

Demak, Eron darvozaboni ham Eldorning zarbasi oldida ojiz qolganini inobatga olsak, “italiyalik” hujumchimizning golli seriyasi davom etmoqda. Endi navbatdagi golni 12 oktyabr kuni safarda Birlashgan Arab Amirliklari bilan bo‘ladigan o‘rtoqlik uchrashuvida kutib qolamiz.

Mutaxassis Shomurodovning eng kuchli jihatini aytdi. Bunaqasi Evropada ham qadrlanadi!

"Ishonchimizni oqla, yigit!" Italiyalik fanatlar Shomurodov haqida nima deyapti?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!