Eldor o‘yinga tayyor!

  • 22 noyabr, 2020, 11:11
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

FIFA kunlari yakunlanib, o‘z mamlakatlari terma jamoalari sharafini himoya qilgan futbolchilar klublariga qaytib keldi. Endi ular bor e’tiborini milliy chempionat o‘yinlariga qaratadi.

Tecno

Eldor Shomurodov o‘ynayotgan A Seriyasi ham qisqa tanaffusdan keyin yana qizg‘in bellashuvlarga qaytdi. FIFA kunlari natijasida yuzaga kelgan tanaffus Eldorning foydasiga ishlaganini alohida ta’kidlash lozim. Chunki, oktyabr oyining oxiridagi mashg‘ulotlardan birida sonidan shikastlangan o‘zbek futbolchisi bu vaqtni jarohatini davolash va sport formasini tiklab olishga sarfladi.

O‘z navbatida, asosiy futbol tashkiloti taqdim etgan kunlarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham yig‘in o‘tkazdi. Vadim Abramov eng mashhur legionerlarimiz – Eldor Shomurodov va Oston O‘runovni bu galgi o‘rtoqlik o‘yinlariga jalb qilmadi. Sababi oddiy, har ikki futbolchi jarohatini davolayotgan edi. Bundan tashqari, Eldor ham, Oston ham yangi klubga moslashish jarayonini boshidan o‘tkazayotgani uchun ularni bezovta qilmaslikka qaror qilindi.

Evropadagi yana bir to‘purar legionerimiz Jasur Yaxshiboevning birinchi yig‘in doirasida Eron terma jamoasiga qarshi uchrashuvdagi o‘yini Vadim Abramovga ma’qul kelmagani bois, Belarus chempionatining eng yaxshi futbolchisiga ham chaqiruv yuborilmadi.

Shomurodov masalasiga qaytsak. Eldor jarohatidan butkul forig‘ bo‘lgan. “Jenoa” rasmiy sayti bir hafta muqaddam e’lon qilgan xabarida  o‘zbekistonlik legioner individual mashqlar dasturlarini yakunlab, umumiy guruh mashg‘ulotlariga qo‘shilgani va bu jamoa hujum chizig‘ida imkoniyatlarni oshirishga xizmat qilishini alohida ta’kidlagan edi.

Zapata

Scamacca.jpg

Shuningdek, genuyaliklar rasmiy sayti “Jenoa” murabbiylar shtabi bosh murabbiy Rolando Maranga turli darajadagi jarohatlaridan qutilgan hujumchi Eldor Shomurodov, himoyachi Kristian Sapata va yarim himoyachi Stefano Sturaro jismoniy va ruhiy tomondan bo‘lajak o‘yinga tayyor ekanini ma’lum qilgani haqida axborot chiqardi.

Ta’kidlash joizki, yuqorida nomi keltirilgan futbolchilar genuyaliklar safiga qaytgani bilan jamoada kadrlar masalasi hamon dolzarbligicha qolmoqda.  Rolando Maran jamoasida asosiy tarkibning yana olti nafar o‘yinchisi “o‘yindan tashqari” holatda. Marko Pyatsa, Franchesko Kassata, Davide Dzappakosta, Domeniko Krishito kabi futbolchilar hali ham lazaretda qolmoqda. Lasse Shyone va Ivan Lakisevich diskvalifikatsiya muddatini o‘tayapti.

22 noyabr kuni safarda “Udineze”ga qarshi bo‘ladigan uchrashuvda “Jenoa” hujumida ilk daqiqalardan Goran Pandev to‘p surishi kutilmoqda. Shimoliy Makedoniya terma jamoasida ham yuqori sport formasida ekanini ko‘rsata olgan bu “qariya” genuyaliklarning A Seriyada barcha uchrashuvlarda qatnashgan ikki futbolchisidan biri hisoblanadi.

Katta ehtimol bilan, hujumda Pandevga keyingi o‘yinlarda to‘purarlik mahoratini namoyish etayotgan Itliya yoshlar terma jamoasi forvardi Janluka Skamakka yordam beradi. Marko Pyatsaning jarohat olganini inobatga olib, Eldor Shomurodov va Mattia Destroda ham Udinedagi o‘yinda maydonga tushish imkoniyati bor. Bosh murabbiy kutilmagan qarorga kelib, Eldorga ham ilk daqiqalardan o‘zini ko‘rsatish uchun imkon berishiga kichik bo‘lsa-da, umid bor. Chunki genuyaliklar hamyurtimizni zaxirada olib o‘tirish uchun transfer qilmagan. Shomurodov xarajatlarni oqlashi uchun uni ko‘proq  o‘ynatish lozim.  

Bundan tashqari, Shomurodov “Jenoa” tarkibida o‘yin o‘tkazib ulgurgan hujumchilar orasida  gollari hisobini ochmagan yagona forvard bo‘lib turibdi. Biroq, o‘zbek futbolchisi to‘liq bo‘lmagan ikkita o‘yin o‘tkazganini ham hisobga olish kerak.

Eldorning o‘zi esa o‘yinga tayyor!

Em3HUgpXcAA2D3Q

Em3HUggXUAI7cC8

“Udineze” – “Jenoa” bahsi 22 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00da boshlanadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!