Evropa futbolida katta to‘qnashuv: Bosh sovrin kimga nasib qiladi?
Evropa futbolida mavsumning eng kutilgan oʻyiniga sanoqli kunlar qoldi. UEFA Chempionlar ligasi finalida Angliyaning “Arsenal” klubi Fransiya grandi PSJga qarshi maydonga tushadi. Final 30 may kuni Budapeshtdagi mashhur Pushkash nomidagi stadionda boʻlib oʻtadi.
“Arsenal” uchun bu final alohida ahamiyatga ega. London klubi 2006 yildan beri ilk bor Chempionlar ligasi finaliga chiqishga muvaffaq boʻldi. Mikel Arteta boshchiligidagi jamoa bu mavsum davomida barqaror oʻyini va kuchli hujumi bilan Evropa futbolidagi eng xavfli klublardan biriga aylandi.
PSJ esa yana bir bor Evropaning eng katta sovrini uchun kurash olib boradi. Fransiya klubi soʻnggi yillarda yulduzlarga boy tarkib va katta investitsiyalar bilan doim eʼtibor markazida boʻlib kelmoqda. Bu safar ham parijliklar chempionlik uchun asosiy favoritlar qatorida koʻrilmoqda.
Final oldidan eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzulardan biri — PSJ hujumchisi Usmon Dembelening holati boʻlmoqda. Ayrim manbalarga koʻra, futbolchining jarohati jamoa rejalariга taʼsir qilishi mumkin. Agar Dembele finalni oʻtkazib yuborsa, bu PSJ hujum chizigʻi uchun jiddiy yoʻqotish boʻlishi aytilmoqda.
Futbol muxlislari esa bu qarama-qarshilikni allaqachon “yil finali” deb atashmoqda. Bir tomonda – tarixiy qaytishni amalga oshirayotgan “Arsenal”, ikkinchi tarafda esa orzudagi chempionlikni qoʻlga kiritishga intilayotgan PSJ.
Ijtimoiy tarmoqlarda final atrofidagi muhokamalar tobora kuchaymoqda. Muxlislar taxminlari, tarkiblar va prognozlar bugunning eng qizgʻin mavzulariga aylangan.
30 may kuni Evropa futboli yangi chempion nomini bilib oladi. Ammo hozirdan aniq bir narsa bor: “Arsenal” va PSJ oʻrtasidagi ushbu toʻqnashuv millionlab muxlislar nigohini bir nuqtaga jamlaydi.
ЎzJOKU talabasi Shohida Iskandarova tayyorladi

Fikrlar