Florentino Peres "Real"ning supertransferini blokladi

  • 21.07.2026 19:15
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Madridning «Real» klubida «Manchester Siti» va Ispaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Rodrini sotib olish masalasida ixtiloflar yuzaga keldi, deb xabar bermoqda Marca nashri. 

Manba ma'lumotiga ko‘ra, klub rahbariyatining bir qismi 30 yoshli futbolchini jamoaga olib kelish tarafdori. Madridliklarning qiziqishi jahon chempionatidan so‘ng yanada kuchaygan. Ushbu musobaqada Rodri Ispaniya terma jamoasiga chempionlikni qo‘lga kiritishda katta hissa qo‘shdi va turnirning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi.

«Real»da Rodri jamoa markazida Toni Kroos va Luka Modrich ketganidan keyin paydo bo‘lgan bo‘shliqni to‘ldirishi mumkin, deb hisoblashmoqda. Klub rahbarlari uning yetakchilik fazilatlari, o‘yin sur'atini nazorat qila olishi, hujum va himoya o‘rtasida muvozanatni saqlash mahoratini yuqori baholamoqda.

Manba ta'kidlashicha, futbolchining o‘zi ham Ispaniyaga qaytish g‘oyasiga ijobiy qaraydi va madrid klubi sharafini himoya qilishni istaydi. Rodrining «Manchester Siti» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan. Shu bois «Real» transfer bo‘yicha maqbul summa evaziga kelishuvga erishishni umid qilmoqda.

Biroq bitimni amalga oshirishda asosiy to‘siq sifatida «Qirollik klubi» prezidenti Florentino Peres tilga olinmoqda. Jurnalist Fabrizio Romano ma'lumoticha, madridliklar rahbari hozircha Rodrini sotib olish zaruratiga ishonmayapti va ehtimoliy transferni shaxsan to‘sib qo‘yayotgani aytilmoqda.

«Real» rahbariyatidagi bir necha nufuzli shaxslar Peresning fikrini o‘zgartirishga urinishmoqda. Ularning fikricha, yarim himoyachining jahon chempionatidagi o‘yini uning jamoa talablariga to‘liq javob berishini va aynan shu pozitsiyani kuchaytirish zarurligini isbotladi.

Shu orada «Manchester Siti» o‘zining eng muhim o‘yinchilaridan birini saqlab qolish niyatida. Aprel oyida ingliz klubi Rodriga yaxshilangan shartlar bilan yangi shartnoma taklif etdi, ammo ispaniyalik futbolchi hozircha yakuniy javobini bermagan.

Eslatib o‘tamiz, Rodri 2019 yildan buyon «Manchester Siti» safida to‘p surmoqda. Uning amaldagi shartnomasi 2027 yil yozida nihoyasiga yetadi. Shu bois yaqinlashib kelayotgan transfer oynasi yarim himoyachining kelajagini hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!