
Frantsiya - Portugaliya: Prevyu
O‘zaro o‘yinlardagi g‘alabalar soni, kiritilgan gollar nisbati va yana ko‘plab statistikalar ushbu qarama-qarshilik arafasida unutiladi. Frantsiya - Portugaliya bellashuvi, dastavval, xayolimizni o‘sha 2016 yilgi final bahsiga olib ketadi. O‘sha kuni Krishtianu ikki sababdan yig‘lagandi: birida jarohat olib, maydonni tark etayotib, alam bilan ko‘z yosh to‘kkan bo‘lsa, keyinroq g‘alaba zavqidan quvonchi ichiga sig‘may, yig‘lab yuborgan. Ekstra-taymlar davom etayotgan bir paytda “Park de Frants”dagi kameralar maydondagi voqealardan ham ko‘ra Santushdan ko‘p jamoadoshlariga ko‘rsatma berayoyotgan Ronalduni ko‘rsatardi. U oqsoq oyog‘i bilan murabbiy maydonchasini gir aylanar, ustozidan bir narsalarni talab qilar, mana shunday muhim bahsning eng muhim pallasini bir chekkada kuzatayotganidan ich-etini erdi. Ederning goli esa shu qadar mo‘jizaviy tarzda kiritildiki, baqiraverib kuchi qolmaganini Krishtianu ana shundagina sezdi…
Eslab oldik, shundaymi?! Bugun u yana tarkibda bor va Parijga u qadar hal qiluvchi maqomda bo‘lmagan uchrashuvda ishtirok etish uchun tashrif buyurmoqda. Ammo o‘sha kun alamidan ham u oldinga boradi, o‘sha kun o‘chini bugun olish uchun frantsuzlar ham borini beradi.
Frantsiya
Desham shogirdlari ikkala turni ham g‘alaba bilan yakunlashga erishdi. Kutilmagan bir alpozda Shvetsiyaga qarshi qiyinchilikka uchragan frantsuzlar Xorvatiyaga qarshi o‘yinda 2018 yilgi mundial finalini yodga oldi. Desham ixtiyorida yanada kuchayib borayotgan avlod mavjud. Ammo uning taktik qarashlaridagi ajoyibotlarni ham ta’kidlab o‘tishimiz zarur. Kerakli paytda tejamkor o‘yin bilan ham raqiblarini taslim etishga qodir bo‘lgan uslubni u jamoasiga singdirib qo‘ygan. Lekin endi Dide oldida yana yangi vazifalar paydo bo‘lmoqda. Terma jamoaga bir qator yosh futbolchilar etishib chiqmoqda va katta avlod vakillarining ayrimlari bilan xayrlashish payti yaqinlashmoqda. Faranglar orasida yangi avlod Zidani sifatida ko‘rilayotgan Mbappening atrofiga kuchli jamoani qurib chiqish uning zimmasiga yuklangan.
Portugaliyaga qarshi bellashuvda g‘alaba qozonish uning jamoasi uchun g‘oyat muhim. O‘tgan mavsum ushbu turnirga jiddiy e’tibor qaratmagani sababli frantsuzlar guruh bosqichida qolib ketdi va keyinchalik UEFA turnir mavqeyini oshirishga qaratilgan bir qator ishlarni amalga oshirdi. Shu sababli, joriy mavsumda nafaqat amaldagi jahon chempionlari, balki “ko‘hna qit’a”ning boshqa grandlari ham musobaqaga astoydil tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Axir, o‘rtaga Qatardagi jahon chempionati yo‘llanmalari tikilgan.
Taxminiy tarkib: Loris, Langle, Ernandes, Pavar, Varan, Tolisso, Kante, Pogba, Grizmann, Marsyal, Mbappe.
Dide Desham: “Bizning 25 ta futbolchimizning barchasi tayyor. EVRO finali? Bunga ancha bo‘ldi va endi tarixni o‘zgartira olmaymiz. Menda jamoam bilan g‘alaba qozongan musobaqalarimiz haqidagi ko‘plab yaxshi xotiralar bor. Mag‘lubiyatlarimiz ham, o‘z navbatida, xafa qiladi. 4 yil ortga qaytgan holda ularni chempionlik bilan tabriklayman. Ammo bu biz uchun foydali bo‘ldi, sababi keyin Jahon chempionligini qo‘lga kiritdik. Biz navbatdagi bahsda maydonga tushamiz, xolos. Bu Evropaning ikkita eng zo‘r jamoalari o‘rtasidagi ajoyib to‘qnashuv. Agar jahonning bo‘lmasa…”
Portugaliya
Santush shogirdlari esa har ikkala uchrashuvda ishonch bilan g‘alaba qozonishga erishdi. Jamoa Ronaldu erasi yakunlanib borayotganidan u qadar xavotirga tushayotgani yo‘q. Chunki jamoada uning o‘rnini bosa oluvchi futbolchi bo‘lmasa-da, iste’dodlarga to‘lib-toshgan avlod mavjud. Xorvatiyaga hech qanday imkon bermagan o‘yinda portugallar Ronaldusiz harakat qilgandi. Kelgusi o‘yinda esa Ronaldu Shvetsiya masalasini hal qilib berdi.
Ko‘pchilik Portugaliyada Santushdan ham ko‘ra Ronaldu ko‘proq jamoani boshqaradi, deb o‘ylaydi. Ammo aslida kim bosh murabbiyligini Fernandu doim isbotlab keladi. Krishtianu o‘ynashni xohlagan bahsga uni maydonga tushirmaslik va keyingi o‘yinda zaxiraga olish uchun murabbiyning o‘z ovozi bo‘lishi lozim.
Bundan tashqari, portugallar 5 karra “Oltin to‘p” sohibisiz ham g‘alaba qozonayotgani ham bejiz emas.
Taxminiy tarkib: Patrisiu, Pepe, Gerreyru, Kanselu, Diash, Nevesh, Fernandesh, Moutino, Bernardu, Ronaldu, Felish.
Fernandu Santush: “Biz qiyin raqibga qarshi maydonga tushayotganimizni to‘laqonli his qilib turibmiz. Ammo shuni ham unutmasligimiz kerakki, bizning o‘zimizga yarasha kuchli jihatlarimiz bor. Demak, g‘alaba uchun imkoniyatlarimiz etarli. Bu amalga oshishi uchun biz barcha frontlarda o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni namoyish eta olishimiz lozim. Portugaliyaga oson bo‘lmasligi aniq, biroq frantsuzlar ham qiyinchiliklarga uchraydi”.
Xulosa o‘rnida
Desham aytganidek, EVRO-2016 finalidan buyon ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi. Millatlar Ligasi ham kurashish uchun sabab bo‘la oladigan katta musobaqa va baribir frantsuzlarda qasos kayfiyati hukmron. O‘z navbatida, Ronaldu o‘zini final zavqidan mahrum qilganlarni shaxsan jazolashni orzu qilishi tabiiy. Printsipial raqiblar o‘rtasidagi katta bahs bizni oldinda kutib turibdi.
Bugungi tarkiblar va jamoalarning holati nuqtayi nazaridan, kimgadir ustunlik berishni xohlamagan bo‘lardim. Ikkala jamoa ham istalgan daqiqada o‘yinni o‘z tomoniga og‘dirib olishga qodir bo‘lgan kuch va salohiyatga ega.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar