
Hafta voqealari
2019 yilning oxirgi haftasi ham poyoniga etib qoldi va kelasi haftada yangi yilni qarshi olamiz. Chindan ham bu joriy yildagi so‘nggi hafta bo‘lgani sababli unda bir qator futbolimizga taalluqli e’tiborga molik voqea hamda hodisalar ham yuz berdi. Bugungi maqolamizni esa aynan yakuniga etayotgan haftadagi amalga oshirilgan vaziyatlarga qaratmoqchimiz.
O‘FA hamda PFL laureatlarni taqdirladi
24 dekabr kuni Toshkentdagi «Zarafshon» zalida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda professional futbol ligasi 2019 yilga bag‘ishlangan tadbirni tashkil etdi. Unda dastlab yillik hisobot tinglandi va so‘ngra yil laureatlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Ushbu tadbirda esa bir qancha murabbiy-yu, futbolchilar o‘zlariga tegishli bo‘lgan sovrinlarni qabul qilib oldilar. Aytish joizki, o‘sha kuni futbolimiz jamoatchiligining barcha e’tibori ushbu tadbirga qaratilgandi va O‘FA hamda PFL tomonidan tashkil etilgan marosim muvaffaqiyatli tarzda o‘tkazildi.
Anzur Ismoilov «Paxtakor»ga qaytdi
O‘zbekistonning amaldagi chempioni «Paxtakor» yangi mavsum uchun dastlabki xaridini amalga oshirdi. Bu kutilganidek, Anzur Ismoilov bo‘ldi. «Lokomotiv» sharafini himoya qilgan tajribali o‘yinchining oxirgi paytlarda «Paxtakor»ga o‘tishi borasida gap-so‘zlar tarqalgandi va bu holatning amalga oshishi ham kutilayotgan hodisa edi. Natijada hammasi o‘z tasdig‘ini topdi va Ismoilov rasman «Paxtakor» a’zosiga aylandi. Chindan ham bu yakuniga etayotgan haftaning e’tiborga molik voqealaridan biri bo‘ldi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Kaxi Maxaradze bilan Marat Bikmaevning «Lokomotiv»ga qaytishi
Chempionatni ikkinchi o‘rinda yakunlagan «Lokomotiv» ham tarkibida o‘zgarishlarni boshlab yubordi. Xabaringiz bor, 11 dekabr kuni klubga Andrey Fyodorov qaytarilgan holda u yana bosh murabbiylik lavozimini egalladi. Buning qarangki, shundan keyin «Loko» yana o‘zining sobiq a’zolarini qaytarish epidemiyasini davom ettirmoqda. Fyodorovdan so‘ng gruziyalik futbolchi Kaxi Maxaradzening rasman «Loko»ga qaytgani e’lon qilindi. Yakuniga etgan mavsumni «So‘g‘diyona»da o‘tkazgan Kaxi bunga qadar ham bir necha mavsum davomida «Lokomotiv» sharafini munosib tarzda himoya qilganini muxlislar hali unutishmagan bo‘lsa kerak. Bu xabar hali «sovib» ulgurmasidan klub yana bir sobiq futbolchini ortga qaytarganini oshkor qildi. Yil boshida «Lokomotiv»dan «Paxtakor»ga o‘tib ketgan hujumchi Marat Bikmaev Kaxidan so‘ng temiryo‘lchilarga qaytgani ma’lum bo‘ldi. «Paxtakor»da Cheran bilan Sergeevning «soya»sida qolib ketgan tajribali Bikmaev balki yana «Lokomotiv»da o‘zining to‘purarlik salohiyatini ko‘rsata olar. Hammasini esa vaqt ko‘rsatadi.
Mirjalol Qosimov AGMK bilan shartnomasini uzaytirdi
«Mavsum-2019»da Superligada 8-o‘rinni egallab O‘zbekiston Kubogi bilan Liga Kubogining finallarigacha etib kelgan AGMKning ishtiroki turlicha taassurotlar qoldirdi. Jamoa bosh murabbiyi sifatida ilk mavsumini o‘tkazgan Mirjalol Qosimovning yana AGMKda ishlashda davom etadimi yoki yo‘qmi, degan savol esa tobora kun tartibiga chiqayotgandi. Lekin kuni kecha rasmiy xabar berildi va unga ko‘ra Mirjalol Qo‘shoqovich AGMK bilan shartnomasini uzaytirdi. Bu borada murabbiyning o‘zi fikr bildirar ekan, AGMK bilan o‘rtadagi bitim uzaytirilganidan mamnun ekanligini bildirdi. Shu tariqa, Qosimov atrofidagi gap-so‘zlarga o‘z-o‘zidan barham berildi.
«Mash’al» klubining 35 yilligi nishonlandi
Ikki yillik tanaffusdan so‘ng nihoyat Muborakning «Mash’al» klubi Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Buning ustiga bu jamoaning tashkil etilganiga 35 yil to‘lgandi. Shu munosabat bilan Muborakda qo‘shaloq bayram tashkil etildi. Klubning 35 yillik yubileyi hamda Superliga yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgani keng nishonlandi.
Eldor Shomurodov uylandi
28 dekabr «Rostov» klubining hujumchisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasining hujumchisi Eldor Shomurodov uchun hayotida unutilmas kun bo‘lib qoldi. Boisi, shu kuni «Rostov» klubining to‘purari bo‘lib turgan hamyurtimiz oila qurdi. Poytaxtimizdagi «Versal» to‘yxonasida uyushtirilgan Eldor Shomurodovning nikoh kechasiga uning yaqinlari, futbolimiz jamoatchiligida ko‘zga ko‘ringan shaxslar va yana ko‘plab mehmonlar ishtirok etishdi. Shu fursatdan foydalangan holda Eldor Shomurodovga oilaviy baxt saodat tilab qolamiz.
Fikrlar