Italiyadan Shomurodov borasida O‘FAga murojaat, Eldorning agenti javob bermagani, klublarimizdagi evropalik murabbiylar - Hafta voqeliklari

  • 18 yanvar, 2021, 21:07
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Assalomu alaykum SPORTS.uz saytining kuzatuvchilari. Bugun biz sizlarga “hafta voqeliklari” ko‘rsatuvining navbatdagi sonini taqdim etamiz. Siz unda o‘zbek va xorij futbolida ro‘y bergan eng muhim voqeliklar bilan tanishasiz. Siz tayyor bo‘lsangiz, biz boshladik.

Tecno

Biz bu galgi ko‘rsatuvimizning katta qismini Eldor Shomurodovga bag‘ishlaymiz. Chunki uning atrofidagi gap-so‘zlar ko‘pchilikning diqqat markazida. Shu bois biz sizlarga eng saralari va voqealar rivoji qay yo‘sinda boshlanganiyu, hozir qaysi yo‘nalishda davom etayotganini ma’lum qilamiz.

Ha aytgancha, klublarimizda ham yangiliklar yo‘q emas. Jamoalarimizga Evropadan murabbiylar kelgan. Yana qaerdan deng? Ispaniya va Portugaliyadan.

1.“Paxtakor” klubiga bosh murabbiy tayinlandi. Arveladzening qaytishidan oxirigacha umidini uzmagan “sherlar” nihoyat yangi bosh murabbiyni e’lon qilishdi

2.“Lokomotiv”ga portugaliyalik, “Mash’al”ga ispaniyalik mutaxassislar bosh murabbiy etib tayinlandi. “Temiryo‘lchilar”ni ko‘pni ko‘rgan murabbiy qo‘lga oldi. Muborakliklarni esa “Oq tepa”dan kelgan mutaxassis boshqaradi.

3.Shomurodovga “Yuventus” qiziqmoqda ekan. Hamyurtimiz turinliklarning asosiy transferiga aylanishi mumkin. U Alvaro Morataning o‘rnini egallashi kutilmoqda.

4.Eldor turinliklarning nishonida ekanligi borasidagi xabar qanchalik haqiqat? Ushbu ma’lumotni tarqatgan “Tuttosport” nashri Ronalduning Turinga ko‘chib o‘tishini birinchi bo‘lib e’lon qilgandi.

5.Hujumchimiz haqida mutaxassislar nima deydi? Uning agentichi? Italiyaning yana bir nashri Shomurodov bo‘yicha O‘FAga murojaat qildi

1.Shota Arveladze shartnomasi yakunlanganidan so‘ng, "Paxtakor"ni tark etgandi. Gruziyalik mutaxassis klubdan ketganini va barchaga rahmat aytib, xayrlashuv maktubini ham yozdi. Ammo toshkentliklar matbuot xizmati uning jamoani tark etgani borasida shu kungacha hech narsa demadi. Bu orada esa, "sherlar" Arveladzeni ortga qaytarishga harakat qilayotgani borasida mish-mishlar yoki aslida haqiqat bo‘lgan ma’lumotlar tarqaldi. Shu boismi yoki boshqa sabab, Arveladzening ketgani e’lon qilinmadi.

Bir necha kun avval, SPORTS.uz saytida agarda "Paxtakor" Shota Arveladze bilan kelisha olmasa, uning yordamchisi Piter Xyuistra jamoaga ustozlik qilishi mumkinligi yozildi. Niderlandiyalik mutaxassis ushbu lavozimga asosiy da’vogar sifatida qaralayotgandi. Shuningdek, nomzodlar orasida Samvel Babayan, Mirjalol Qosimov va juda kichik ehtimol bilan Ro‘ziqul Berdievning "sherlar" ustoziga aylanishi taxminlari yo‘q emas.

15 yanvarga kelib, nihoyat klub matbuot xizmati ko‘pchilik kutgan va taxmin qilgan ma’lumotni chop etdi. Piter Xyuistra "Paxtakor" bosh murabbiyi etib tayinlandi.

Shu kungacha jamoada yordamchi murabbiy sifatida ishlab kelgan Piter Xyuistra "Paxtakor" bosh murabbiyiga aylandi. U Shota Arveladze bilan murabbiylar shtabida birga faoliyat yuritib kelayotgandi. Oxirgi yillarda shakllantirilgan hujumkor, chiroyli va muxlislarga ma’qul keladigan futbol falsafasiga asoslangan o‘yin uslubini yanada yaxshilab borishga urinish shu tariqa davom ettiriladi, deyiladi rasmiy xabarda.

2017 yil iyun oyidan boshlab, "Paxtakor"da yordamchi murabbiy sifatida ishlab keldi va jamoa g‘alabalariga o‘z hissasini qo‘shdi. Endilikda Piter bosh murabbiy lavozimida faoliyatini davom ettiradi.

image_2021-01-16_16-06-59 

2.Toshkentning "Lokomotiv" klubini endi portugaliyalik murabbiy Mikael Sekeyra boshqaradi. Klub matbuot xizmati shu paytgacha Portugaliyaning "Braga" klubida yordamchi murabbiy sifatida ishlab kelgan Mikael Sekeyra "temiryo‘lchilar" bilan 2 yillik bitimga imzo chekkanini ma’lum qildi. 2011 yil UEFA Pro litsenziyasini qo‘lga kiritgan mutaxassis ushbu mavsumdan "Lokomotiv" PFK bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib boradi.

47 yoshli murabbiy 2006-2008 yilgi mavsumlarda "Braga" klubini bosh murabbiy sifatida boshqargan. 2010/2011 yilgi mavsumda aynan shu jamoada bosh menejer bo‘lib faoliyat yuritgan.

Mikael Sekeyra uchun Osiyo begona emas. Chunki portugaliyalik mutaxassis 2018-2019 yilgi mavsumda Saudiya Arabistonining "Al-Nassr" klubida U-21 jamoasi bosh murabbiyi bo‘lish bilan birga asosiy tarkibda Rui Vitoriaga yordamchi murabbiy sifatida ish olib borgan.

Murabbiy erishgan yutuqlar haqida shuni aytish mumkin, Mikael Sekeyra "Braga" bosh menejeri bo‘lib ishlagan yil jamoa Evropa ligasi finalida o‘ynagan. Osiyodagi faoliyatida esa "Al-Nassr" bilan Saudiya Arabistoni chempionligini qo‘lga kiritgan, qolaversa, U-21 jamoasi bilan ham mamlakat birinchiligida zafar quchgan.

Ispaniyalik Serxio Marinangeli "Mash’al" bosh murabbiyi etib tayinlandi. Aytish kerakki, Serxio bunga qadar Pro ligada “Oq-tepa” jamoasida ishlab kelayotgandi.

Ispaniyalik mutaxassis 2015-2017 yillarda Ekvatorial Gvineya terma jamoasida bosh murabbiy Esteban Bekkerga assistentlik qilgan hamda 2015 yilgi Afrika Millatlar kubogida yarim final bosqichigacha olib borib qit’aning kuchli to‘rt jamoasi qatoridan joy olishida katta hissa qo‘shgan.

Serxio faoliyati davomida murabbiy sifatida 2014-2015 yillarda Ispaniya chempionatining birinchi ligasi vakili "Eskuela Futbol Aluche" jamoasida bosh murabbiy, 2016-2017 yillarda Madrid yoshlar jamoasi bo‘lmish "Yunion Deportiva Tres Santos" klubida, 2017 yildan bugungi kungacha esa, Madrid ligasining "Iglesias La Vid" klubida faoliyat yuritgan. 2019 yilda UEFA Pro litsenziyasini qo‘lga kiritgan. "Real Madrid", "Atletiko" klublarida malaka oshirgan, shuningdek, APL ishtirokchisi "Lids" klubi bosh murabbiyi Marselo Belsa qo‘l ostida amaliyot o‘tagan.

oqtepa_tanishtiruv_SPORTS UZ_5_1 

3.O‘tgan haftada Eldor Shomurodov "Yuventus"ga o‘tishi mumkinligi borasida xabarlar tarqaldi. Bu o‘zbek, rus va italyan jamoatchiligini hayratga soldi. Chunki Turin superklubidek katta jamoaning e’tibori Eldor Shomurodovga qaratilgandi.

Italiyaning mashhur nashrlaridan biri "Tuttosport" hamyurtimiz "Yuventus"ga o‘tishi uchun asosiy nomzod ekanligini yozdi. U Turinda tez-tez jarohat olayotgan Alvaro Morataning o‘rniga nomzod sifatida ko‘rilayotgan bo‘lishi mumkin. “Yuventus” Alvaro Morataga zaxira variant qidirmoqda. Shomurodov esa, "keksa sinoralar" short-listidan o‘rin olgan.

Shuningdek, nashrda yozilishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi qishki transferlar paytidayoq, Genuyani Turinga o‘zgartirishi mumkin. Chunki "Yuve" Moratani "Atletiko"dan ijaraga olgani bois barqarorlik etishmayotgan ispaniyalikdan voz kechishi mumkin. Bu orada uning o‘rnini ular Shomurodov bilan to‘ldirishi kutilmoqda.

4.Shomurodovga “Yuventus” tomonidan bo‘lgan qiziqish borasidagi xabarlarni hamma har xil qabul qilmoqda. Kimdir ishonmoqda, kimdir esa yo‘q. Avval “Tuttosport” yozgan bo‘lsa, keyin Gazzetta Dello Sport hujumchimiz haqida ma’lumotlar chop etdi. Demak, nimadir bor. Aytishadiku, “shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi”.

Hamyurtimizning oxirgi paytlardagi o‘yinlari sabab, unga grand klublar, xususan, “Yuventus” qiziqa boshlagani haqida xabarlar hozirgacha tingani yo‘q. Buning ta’sirida Turin superklubi ham vaziyatga oydinlik kiritishga qaror qildi. Bu mas’uliyatni “Yuventus” sport direktori Fabio Paratichi o‘z zimmasiga oldi.

- Eldor Shomurodov va Skamakka masalasiga aniqlik kiritish uchun shuni aytishim kerakki, ayni paytda jamoamiz raqobatbardosh hisoblanadi. Agar biz transfer bozorida biz uchun ijobiy imkoniyatlar yuzaga kelganini ko‘rsak, o‘shanda bir qarorga kelamiz. Hozircha, bu borada shoshilishga hojat yo‘q, - dedi Fabio Paratichi.

RTX8FW5N

5.Rossiyaning "Rostov" klubi bosh murabbiyi Valeriy Karpin sobiq shogirdi "Jenoa" hujumchisi Eldor Shomurodovga "Yuventus"ning qiziqishi borasidagi xabarlarga munosabatini bildirdi.

- Agar bu haqiqatdan ham shunday bo‘lsa, nega o‘tmasligi kerak? Bo‘ridan qo‘rqqan – o‘rmonda yurmaydi, - dedi Karpin.

 Shomurodovning transferi bilan shug‘ullanadigan "ProSports Management" kompaniyasi vakili Kahhor Mo‘minov ushbu ma’lumotlar yuzasidan izoh berishni istamadi. Bu haqda Sport24 nashri xabar berdi.

Kompaniya vakili hujumchimizga qiziqish borligini ham inkor etmagan, yo‘qligini ham. Demak, bu erda bir gap bor. Ya’ni qiziqish bordir, ammo rasmiy taklif yo‘qdir. Shuning uchun Mo‘minov rasmiy bo‘lmagan ma’lumotlarga munosabat bildirishni istamagandir.

Shomurodovning o‘yinlari futbolimizni tanitayotgani haqida sharhlovchi Davron Fayziev telegramdagi sahifasida fikrlarini bayon etdi. “Jenoa" o‘zining yangi Eldor..adosini topdi”, deyilgan sarlavhada.

Shuningdek, Shomurodovning Italiyadagi hayoti, O‘zbekistonda uning faoliyatiga munosabat, natijalari, instagram sahifasi va yana bir qancha ma’lumotlar yozilgan. Bularni tarjima qilmasak ham sizga ma’lum, italiyaliklar esa, Shomurodov bilan endi tanishmoqda. Eldorning debyuti "Jenoa"da umid uyg‘otmoqda. Uning yordamida Genuya klubi A Seriyada kurashni davom ettirmoqchi.

Darvoqe, Gazzetta vakillari bizga ham (O‘FA Mediasiga) murojaat qilib, Vadim Abramovning fikrlari bilan qiziqishdi. Tashkil etib berdik. Hozirda Italiya futbol ommasi O‘zbekiston futboli bilan yaqindan tanishmoqda. Mana qanchalik muhim kuchli chempionatlarda vakillarimizning o‘ynashi. Ko‘payaverishsin, - deya yozib qoldirdi Davron Fayziev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!