
Husanov – kutilmagan transfer bo‘ldi!
Evropaning eng kuchli terma jamoalari Germaniyada jamlanib, qit’a chempionligi uchun kurashni boshlagan bir pallada milliy ligalardagi ekspertlar yakunlangan mavsumni tahlil qilmoqda.
Nufuzli manba – lensois.com sayti eksperti Klement Kurtua Frantsiya chempionatidagi yagona o‘zbek futbolchisi Abduqodir Husanovning yakunlangan mavsumdagi o‘yiniga baho berdi.
- Abduqodir Husanov 2023 yilning kutilmagan transferi, lekin oxir-oqibat, kelajak uchun juda yaxshi tanlov bo‘ldi. Husanovning debyut mavsumini ana lo‘nda qilib ana shunday baholash mumkin.
O‘tgan yozda “Lans”ga kelgan 19 yoshli o‘zbek futbolchisining nomi hech kimga tanish emasdi.
Tabiiyki, yangi ligaga moslashishi biroz vaqt oldi. Ayniqsa, til to‘sig‘ini engib o‘tish qiyinroq bo‘ldi.
Shunga qaramay, mavsum davomida bu o‘yinchi doimo asosiy tarkibda bo‘ldi va zarur paytda asosiy himoyachilar uchligi – Faundo Medina, Kevin Danso va Jonatan Gradit kabi o‘yinchilardan birining o‘rniga maydonga tushirildi.
Toshkentlik himoyachi ko‘pincha himoya markazida Jonatan Graditning o‘rniga o‘ynadi. Bu pozitsiyada Kevin Dansoning yo‘qligini ham bildirmadi. Madina yo‘qligida chap qanotni yopdi. Biroq aynan mana shu pozitsiyada biroz qiyinchiliklarga duch keldi.
Husanovning statikasi debyut mavsum uchun juda yaxshi ekanini ta’kidlash lozim. Chempionat va xalqaro maydonda jami 16 ta uchrashuvda ishtirok etdi, shulardan 9 tasida boshlang‘ich tarkibga kiritildi. Liga 1 musobaqasidagi debyuti beshinchi turda “Mets” bilan o‘yinga to‘g‘ri keldi. Chempionlar ligasidagi ilk uchrashuvini “Arsenal”ga qarshi o‘tkazi. Evropa ligasida “Frayburg” jamoasiga qarshi to‘p tepdi.
Mavsumda davomida jami 1049 daqiqa harakat qildi.
Husanovning 16 ta uchrashuvda besh marotaba ogohlantirish olgani e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihat. Uning biroz qo‘pol o‘ynashini to‘g‘rilash talab etiladi.
Umuman olganda esa, Abduqodir Husanov uchun mavsum qoniqarli o‘tdi va uning kelajakdagi istiqboli porloq ekanini ta’kidlash lozim, - deb yozdi Klement Kurtua.
Abduqodir Husanov uchun xalqaro maydondagi mavsum yakunlangani yo‘q. 20 yoshli himoyachimiz O‘zbekiston terma jamoasi safida Parijda o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlarining futbol musobaqasida ishtirok etishi lozim.
O‘zbekistonlik futbolchilar to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida ilk bor qatnashadi. Hamyurtlarimiz “S” guruhida Ispaniya, Dominikan Respublikasi va Misr vakillari bilan kuch sinashadi.
Fikrlar