Igor Sergeev qaerda?
“Paxtakor” klubi Toshkentda “Mavsum-2021”ga tayyorgarligini davom ettirayotganidan yaxshi xabardorsiz. Shu bilan birga “sherlar”da qanday o‘zgarishlar yuz berayotganini ham ko‘pchilik o‘quvchilar bilsa kerak-a?
Bir qator etakchilar ketdi, o‘rniga yangi o‘yinchilar olinyapti. Tabiiyki, “Paxtakor”da yuz berayotgan o‘zgarishlar diqqat-markazimizda bo‘lib turibdi.
Masalan, ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tishimiz kerakki, kuni kecha qo‘shilgan Sardor Rashidov hamda Sharof Muhitdinov bilan ertaga shartnoma imzolanishi kutilmoqda. Shuningdek, yana bir e’tiborimizni tortgan jihat shundaki, bu hujumchi Igor Sergeev bilan bog‘liq.
Mavsumga tayyorgarlikni “Paxtakor” bilan boshlagan hujumchi 21 yanvar kuni klub bilan Dubaydagi yig‘inga jo‘nab ketmadi. Shundan keyin, uning maqsadi faoliyatini boshqa klubda davom ettirish ekanligi bilingandi. Ustiga-ustak, Sergeevning shartnomasi ham tugagandi. O‘tgan vaqt davomida Igor borasida turli xabarlar ham chiqib turdi. Masalan, uni legionerga aylanishi katta ehtimolligi aytilmoqda. Shu sababli, hujumchiga Xitoy, BAA, Tailand klublaridan takliflar borligi xususida ham xabarlar yo‘q emasdi. Natijada uni chetga ketishini kuta boshladik. Lekin haligacha Sergeev borasida biror xabar yo‘q. Anig‘i shuki, u erkin agent sifatida jamoasiz yuribdi. Balki muzokaralar 28 yoshli hujumchi uchun ko‘ngildagidek kechmayotgandir yoki boshqa variantlarga e’tibor qaratayotgandir, bunisi hozircha bizga qorong‘u.
Shuni aytish mumkinki, Igor o‘tgan mavsumni yomon o‘tkazgani yo‘q. U Superliga bahslarida 16 ta gol urdi. Aslida hujumchining “Paxtakor”ni tark etishiga nima turtki bo‘ldi? Bilamizki, Sergeev katta futbolga aynan “Paxtakor” orqali kirib kelgan va ushbu klub tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2011 yildan beri “Sherlar” sharafini himoya qilib kelayotganini eslatib o‘tish o‘rinli. Balki shu bois, hujumchi muhitni o‘zgartirishni istab qolgan bo‘lsa ne ajab!
To‘g‘ri, o‘tgan vaqt davomida Igor Sergeevning ikki marta xorijda to‘p surib kelganini ham yoddan chiqarmaslik kerak. Birinchi marta legioner sifatida 2016 yili Xitoyga ketdi. O‘shanda u “Beyjing Goan” jamoasida to‘p surgan va 14 ta uchrashuvda 1 ta gol urgan. So‘ng, “Paxtakor”ga qaytgach, oradan ko‘p o‘tmay, ikkinchi marotaba legioner maqomida to‘p surishga kirishdi. Bu safar BAAning “Al-Dafra” klubi bilan shartnoma imzoladi. Lekin Sergeevning u erdagi faoliyati u qadar yorqin chiqmadi. 10 ta o‘yinda 1 ta gol! Natijada yana “Paxtakor”ga qaytib kelgan.
Oxirgi ikki mavsumdan beri Igor “Paxtakor”da to‘purarlik salohiyatini ko‘rsatib kelayotgandi. Balki, tarkibda Cheran bo‘lmaganida Sergeev to‘purarga aylanishi ham mumkin edi.
Xullas, Igor faoliyati davomida shu paytgacha uchta klub – “Paxtakor”, “Beyjing Goan” va “Al-Dafra”da to‘p surdi. Navbatdagisi esa uning futbolchilik faoliyatida to‘rtinchi klubiga aylanadi. Lekin haqli savol tug‘iladi: u qaysi jamoada to‘p suradi? Yana legionerga aylanadimi yoki o‘zimizning Superligada qoladimi? Bu borada shuni taxmin qilsa bo‘ladiki, Igor avvalo xorijdagi klublar bilan muzokaralarga kirishgan. O‘zaro kelishuvlarda bir to‘xtamga kelinmayotgani sababli ham u hozirgacha yangi klubiga ega bo‘lgani yo‘q. Agar yana chempionatimizda to‘p surmoqchi bo‘lsa, u holda yangi klubga o‘tishi uzoq kuttirmasdi.
Ammo eshitishimizga qaraganda, tez orada Sergeevning qaysi klubda to‘p surishi oydinlashadi. Ana shunda uning qaerda ekanligi borasidagi savolga ham hojat qolmaydi!



Fikrlar