
Ispaniyaning eng kuchli posboni, 100 millionlik havbek va bruklinlik yigitcha! Tez orada top klublarda ko‘rinish beruvchi yangi nomlar bilan tanishing!
Kuchli futbolchilarning barchasi ham katta jamoalar tarkibida paydo bo‘lavermaydi. Ba’zan, Evropaning o‘rtamiyona klublarida ham dunyo darajasidagi ijrochilar to‘p surayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bugun faoliyatida yangi sahifa ochishga tayyor bo‘lgan bo‘lajak yulduzlardan tashkil topgan ramziy jamoani e’tiboringizga havola etamiz!
Darvozabon: Unai Simon ("Atletik Bilbao", Ispaniya, 24 yosh)
Basklar so‘nggi yillarda kuchli darvozabonlar etkazib berish borasida "ko‘hna qit’a"da etakchilik qilmoqda. Arrisabalaga, Simon, Remiro, Agirresabala va boshqalar so‘zimizga isbot bo‘lishi mumkin. Unai allaqachon yangi chaqiruvga tayyor. Yosh bo‘lishiga qaramay, qahramonimiz klub safida 114 o‘yinda darvozani qo‘riqlashga ulgurdi. Bilbao klubi uning ortidan etishib chiqayotgan Agirresabalaga bo‘sh zona yaratish uchun ham Simon borasida kelgan barcha taklifni ko‘rib chiqishga tayyor.
Himoyachi: Metti Kesh ("Aston Villa", Polsha, 24 yosh)
Aslida, o‘ng qanot himoyasi uchun bir nechta variantlar bor edi, ammo polyak so‘nggi 2 yil ichida shu qadar o‘sdiki, hatto "Liverpul"ga o‘tsa ham raqobatda yutqazmasligi mumkin. Tezkor, jismonan baquvvat va ajoyib tezlikka ega bo‘libgina qolmay, u maydonda aqlli qarorlar qabul qiladi. Hozir, uning xizmatlari bilan "Atletiko" Madrid jiddiy qiziqib qolgani haqida mish-mishlar yuribdi.
Sven Botman ("Lill", Niderlandiya, 22 yosh)
"Ayaks"da o‘zini topa olmagach, "Xerenven"da ham omadsizlikka uchragan Sven Frantsiya tomonlarga ketib qoldi. Kutilmaganda, "Lill" safida mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. O‘sha mavsumda u chempionat doirasidagi 38 o‘yinning 37 tasida ishtirok etdi. 195 sm bo‘yga ega himoyachi hozirda ko‘plab grandlarning transfer rejasiga kiritilgan. "Lill" bu topilmani 50 milliondan kamiga qo‘yib yubormoqchi emas.
Pau Torres ("Vilyarreal", Ispaniya, 25 yosh)
Zamonaviy futbolda chap oyoqda o‘ynaydigan markaziy himoyachilarning qadri baland. Torres bu va boshqa aspektlarda top darajadagi himoyachilar standartiga to‘liq javob bera oladi. "Sariq suvosti kemasi" tarbiyalanuvchisi jamoa bilan Evropa ligasida zafar quchdi. Evropa chempionatining yarim finaliga, Olimpiadaning finaliga qadar etib bordi. Ispan nashrlarining ma’lum qilishicha, Pau bilan "Real", "Siti" singari grandlar jiddiy qiziqib qolgan. Himoyachi ham klubi bilan shartnomani uzaytirmoqchi emas. Katta ehtimol bilan, Torres yaqin 1-2 yil ichida o‘z oldiga katta maqsad qo‘ygan klublardan birida ko‘rinish beradi.
Xose Luis Gayya ("Valensiya", Ispaniya, 26 yosh)
Gayya chinakam "ko‘rshapalak!" U "Barsa", "Real", PSJ, "Siti"dan kelib tushgan takliflarga qaramay, "Los Ches"ga sodiq qolmoqda. Qahramonimiz 300 dan ortiq o‘yinda "Valensiya" libosida maydonga tushib ulgurdi. Bunday ritm uni zeriktirib qo‘ygani katta ehtimol. Xosening klub bilan shartnomasi 2023 yilga qadar ekanligini inobatga olsak, unda faoliyatini grand klubda davom ettirish borasida atigi bitta imkoniyat qolmoqda. Xo‘sh, u bu "shans"dan unumli foydalana oladimi?
Yarim himoyachilar
Sergey Milinkovich-Savich ("Latsio", Serbiya, 26 yosh)
So‘nggi 5 yil ichida Sergey atrofida mish-mishlar urchib ketdi. Shunga qaramay, qahramonimiz "burgutlar" sharafini munosib himoya qilishda davom etmoqda. Abadiy shahar jamoasi bilan hali birorta sovrinni boshi uzra ko‘tara olmagan yarim himoyachining xizmatlari bilan Italiyaning barcha "katta" jamoalari qiziqib qolgan. So‘nggi so‘z Milinkovich-Savichda qolmoqda.
Deklan Rays ("Vest Xem", Angliya, 23 yosh)
Angliya terma jamoasining markazdagi asosiy kuchi anchadan beri "Vest Xem"da qolib ketdi. Bor-yo‘g‘i 23 yosh bo‘lishiga qaramay, u allaqachon top darajaga chiqib bo‘ldi. Yaqindagina Rays ingliz nashri uchun bergan intervyusida EChL va APL oltin medallari uchun kurash olib borishni orzu qilishini aytgandi. To‘g‘ri, Moyes boshchiligida "bolg‘achilar" kuchli jamoaga aylandi, ammo ulkan g‘alabalar uchun buning o‘zi kamlik qilishi mumkin.
Kristofer Nkunku ("RB Leyptsig", Frantsiya, 24 yosh)
Nkunku bu mavsumni "yondirmoqda!" PSJ tarbiyalanuvchisi hisobida 33 o‘yindan so‘ng gol+pas tizimida 35 ochko mavjud. U doim iqtidorli bo‘lgan, ammo og‘ir xarakteri sababli Parij klubi undan professional futbolchi chiqishiga ishonmadi. Domeniko Tedesko Nkunkuni klub uchun qanchalar kerak ekanligini rahbariyatga tushuntirish bilan ovora, lekin bu yordam bermasligi mumkin. Yozda futbolchi uchun bir nechta taklif kelib tushishi kutilmoqda.
Hujumchilar: Jarrod Bouen ("Vest Xem", Angliya, 25 yosh)
Bouen joriy mavsum APLda sermahsullik borasida faqat Muhammad Salohdan ortda qolmoqda, xolos. Uning hisobida 8 gol va 8 assist mavjud. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, u "Liverpul" jamoasi nishonidagi asosiy futbolchi bo‘lib turibdi. Voqealar rivojini kuzatamiz.
Mikel Oyarsabal ("Real Sosedad", Ispaniya, 24 yosh)
24 yoshli Mikel allaqachon "Sosedad"ning sardoriga aylanib ulgurgan. Luis Enrike uni termada ham markazning asosiy futbolchisiga aylantirmoqda. Pep Gvardiola esa, 2 mavsumdan beri uni o‘z jamoasida ko‘rish orzusida. Uning o‘yinni o‘qishi, vaziyatlardan foydalanishi, birinchi pasni ijro eta olishi va yana boshqa ko‘plab plyuslari taktik murabbiylarning "oromini o‘g‘irlagan".
Jonatan Devid ("Lill", Kanada, 22 yosh)
Bruklin shahrida dunyoga kelgan Jonatan Kanada terma jamoasi safida Qatarda bo‘lib o‘tadigan mundialda porlashi kutilmoqda. 18 yoshidan beri Evropa yashil maydonlarida to‘p tepayotgan hujumchi avvaliga "Gent", keyin "Lill" bilan mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi shundaki, forvard joriy mavsumda 16 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol etishga ulgurdi. Qahramonimiz EChL doirasida "Sevilya", "Zaltsburg" va "Volfsburg" jamoalarini ranjitdi va jamoasining pley-offga chiqishi uchun zamin yaratdi.
Ya . U
Fikrlar