Jozef Parker ringga qaytmoqda!

  • 05.08.2026 19:19
  • Javohir Malikov
  • 0
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Yangi Zelandiyalik Jozef Parker (36-4, 24 KO) bir paytlar Aleksandr Usikni mag‘lub etishi mumkin bo‘lgan yagona raqib sifatida tilga olinar edi. Biroq uning g‘alabali seriyasi o‘tgan yil oktyabr oyi oxirida Fabio Uordliga qarshi jangda to‘xtadi. O‘sha kechada yangi zelandiyalik bokschi 11 raundda texnik nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchradi.

Shundan so‘ng Parker bilan yana bir jiddiy muammo yuzaga keldi: uning tanasida kokain izlari aniqlangach, bokschi ma’lum muddatga musobaqalardan chetlatildi. Shu tariqa, og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempionining ringdagi faoliyati vaqtincha to‘xtab qoldi.

Ammo bugun vaziyat keskin o‘zgarmoqda. Jozefga qo‘yilgan diskvalifikatsiya shartli ravishda bekor qilindi va u yana professional boksga qaytish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

"Diskvalifikatsiyam bekor qilinganini tasdiqlashdan mamnunman va yaqin orada yana ringga qaytaman. Hozircha barcha tafsilotlar to‘liq kelishilmaguncha, bu haqida batafsil gapirish huquqiga ega emasman", — deya ma’lum qildi Parker.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!