
Legionerimiz klubini tark etdi. Uni boshqa jamoada kutishyapti
Qo‘shni Qirg‘iziston chempionatida bir talay o‘zbek futbolchilari to‘p surib kelishyapti. Ularning aksariyati esa o‘z jamoalarida etakchilar rolida ko‘rinish bermoqdalar. Jumladan, “OshMUAldier” jamoasi tarkibida ham bir qator legionerlarimiz faoliyat olib bormoqdalar. Ularning orasida 22 yoshli hujumkor yarim himoyachi Saidumar Sodiqov alohida ajralib turibdi. Shuning uchun uning xizmatiga talabgorlar ko‘payib boryapti.
Sodiqov joriy yil boshida “OshMUAldier” safiga qo‘shilgan bo‘lib, hozirgacha 10 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 3 ta gol urdi hamda 3 ta assistni amalga oshirdi. Shuningdek, ikki marta uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga ham sazovor bo‘ldi. Biroq jamoasining natijalari ko‘ngildagidek emas. Chunki “OshMuAldier” musobaqada 10 ta jamoa orasida 7 ochko bilan so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.
Muxlislar mehrini qozongan Saidumar Sodiqov esa shartnoma muddati yakuniga etgani sababli klubni tark etdi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, uning xizmatiga Qirg‘izistonning etakchi klublari – “Dordoy” hamda “Neftchi” (Qo‘chqor Ota) jiddiy qiziqish bildirishmoqda. Bu xabarni futbolchining o‘zi ham tasdiqladi. Yakunda ikkisidan birining tanlovini amalga oshirishi katta ehtimol.
Aslida Saidumarda Chernonoriya chempionatida to‘p surish imkoniyati ham bor edi. Gap shundaki, o‘tgan yilning oxirlarida unga Chernogoriya klubidan aniq taklif kelib tushadi va tomonlar hammasini kelishib qo‘ygandilar. Biroq hujjat ishlaridagi muammolar tufayli Sodiqovning u erga borishi cho‘zilib ketdi. Ungacha esa futbolchimizga “Metallurg” klubidan ham qiziqish bo‘lgandi. U paytda Sodiqov “Andijon” klubi sharafini himoya qilib kelayotgandi. Reja bo‘yicha Saidumar “Andijon”dan ketganidan so‘ng Chernogoriya chempionatiga ko‘chib o‘tishi kutilgandi. Ammo yuqoridagi sabab tufayli futbolchining u erga ko‘chib o‘tishi amalga oshmadi. Shundan keyin joriy mavsum boshida Qirg‘iziston chempionatiga yo‘l oldi. Sodiqov bilan bog‘liq voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar