Legionerimizdan muhim yangilik!

  • 3 aprel, 2021, 11:15
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Keyingi paytda yosh futbolchilarimishz ham xorij chempionatlarida o‘zini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lmoqda. Ayniqsa, UEFAga a’zo mamlakatlar chempionatida qatnashayotgan legionerlarimizning faoliyati muxlisu mutaxassislar e’tiborida turibdi.

2021 yilda ilk bor legioner maqomiga ega bo‘lgan Shahzod Ubaydullaev mavsumni Belarus chempioni “Shaxtyor” jamoasida boshladi. Soligorskliklar bu hujumchini o‘tgan mavsumda o‘z gollari bilan jamoaning o‘z tarixida ikkinchi chempionligini qo‘lga kiritishiga katta hissa qo‘shgan va keyinchalik Polshanining "Legiya" klubiga o‘tib ketgan Jasurbek Yaxshiboevning o‘rniga taklif qilgan edi. Ubaydullaevga yangi jamoasida Jasurdan qolgan 7-raqamni berilishi ham bejiz emas, albatta. Bu unga katta ishonch bildirilayotganidan dalolat beradi.

Biroq, o‘zbek legioneri mavsumoldi yig‘inlarida faol qatnashib, “Shaxtyor”ning o‘rtoqlik uchrashuvlarida eng ko‘p – to‘rtta gol urganiga qaramay, chempionat o‘yinlari oldidan hamyurtimizni “Energetik-BGU”ga ijaraga berilishi haqida xabarlar tarqatilgan va Soligorsk klubi rahbariyati tomonidan tasdiqlangan edi. Bu jamoaga nigeriyalik hujumchi Sandey Akinbule kelgani bilan bog‘liq edi.

img_MiBX3v_600

Bugun Belarus chempionatining uchinchi turi markaziy uchrashuvi  “Shaxtyor” va “Isloch” bahsi oldidan soligorskliklar Shahzod Ubaydullaev bo‘yicha muhim qaror qabul qilgani ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, o‘zbek legioneri chempion jamoa tarkibida qoladi va Akinbule bilan asosiy tarkibga kirish uchun raqobatlashadi. Soligorskda qolish Ubaydullaevga Evropa Chempionlar ligasining saralash o‘yinlarida qatnashish imkonini berishi, ayniqsa quvonarlidir.  

Belarus oliy ligasi jamoalari o‘rtasida faqatgina bugun o‘zaro to‘qnash keladigan “Shaxtyor” va “Isloch” hali ochko yo‘qotmadi. Ular ikkitadan o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan. Qolgan raqobatchilar kamida bitta durangga ega. Shu bois, bugun qo‘li baland kelgan jamoa birinchi o‘ringa ko‘tarilib oladi.

“Shaxtyor” bu o‘yinga to‘liq tarkibda tayyorlana olgani yo‘q. Bu bir guruh futbolchilarning o‘z mamlakatlari terma jamoalariga jalb etilgani bilan bog‘liq. Shahzod Ubaydullaev terma jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov taklifi bilan Toshkentdagi yig‘inda qatnashdi, lekin Gana va Iroq bilan bo‘lgan o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushirilmadi.

Umuman olganda, Ubaydullaev 2020 yilning sentyabr oyidan milliy terma jamoa o‘yinchisi hisoblanadi. U Tojikiston bilan bo‘lgan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushib, birinchi o‘yinidayoq o‘z hisobiga gol yozib qo‘ydi va jamoamizning 2:1 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Keyin xorijda tashkil etilgan o‘yinlarda Birlashgan Arab Amirliklari va Iroq terma jamoalariga qarshi bir necha daqiqa harakat qildi xolos.

Soligorskliklarning etakchilaridan Aleksandr Gutor, Dmitriy Podstrelov, Yuriy Kendish va Igor Stasevich Belarus tarkibida Belgiyaga qarshi o‘yinda qatnashib, jahon reytingida birinchi o‘rinni egallab turgan belgiyaliklardan 0:8 hisobida mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.

“Shaxtyor” va “Isloch” Belarus chempionatida jami 10 marta o‘zaro kuch sinashgan. Shu uchrashuvlardan sakkiztasida soligorskliklarning qo‘li baland kelgan. Ikki marta “Isloch” zafar quchgan. Mamlakat kubogi doirasida “Shaxtyor” bittadan g‘alaba va durang qayd etgan. To‘plar nisbati ham shunga yarasha – 29:11.

photo_2021-01-29_20-51-42

Bo‘lajak uchrashuvda Shahzod Ubaydullaev asosiy tarkibda tushib, hujumchi ortida to‘p tepishi kutilmoqda. Hozir Akinbule bilan raqobatda ustunlik hamyurtimiz tomonida. U ikkita uchrashuvda maydonga tushib, bittasida penalti ishladi va g‘alabaga katta hissa qo‘shdi.

Soligorsk shahri mezbonlik qiladigan “Shaxtyor” – “Isloch” uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 20:00da boshlanadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!