
Mahmud Muradovning UFCdagi ikkinchi jangi muddati va raqibi aniq bo‘ldi!
Aralash jang san’ati (MMA) bo‘yicha o‘rta (-84 kg) vazn toifasida oktagonga chiqib kelayotgan o‘zbekistonlik Mahmud Muradov (23-6, 14 KO) UFCdagi ikkinchi jangini AQShda o‘tkazadigan bo‘ldi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri manbalari xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Mahmud Muradov MMAning eng nufuzli turniri bo‘lgan UFCdagi ikkinchi jangida amerikalik Trevor Smitga (15-9, 10 KO) qarshi ringga chiqadi. Jang 7 dekbar kuni AQSh poytaxti Vashington shahridagi «Capital One» arenasida bo‘lib o‘tadi. Mazkur jang UFC on ESPN 7 turniri doirasida tashkil etiladigan MMA kechasida bo‘lib o‘tadi.
Aslida Trevor Smit yarim og‘ir (-93 kg) vazn toifasi vakili Alonso Menfildga (9-0, 9 KO) qarshi ringga chiqishi lozim edi, ammo bu jang bekor qilingan va Menfild o‘rniga Mahmud Muradov Smitga raqiblik qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Ma’lumot uchun, 38 yoshli Smit jiu-jitsu sporti ustasi sanaladi. U MMAda o‘tkazgan 24ta jangining faqat bittasida raqibini nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratgan. Yana 8ta jangida usul yordamida muddatidan oldin g‘alaba qozongan. UFC musobaqalarida 11 marta oktagonga ko‘tarilib, 5ta g‘alaba va 6ta mag‘lubiyatni o‘z hisobiga yozib qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, Mahmud Muradov UFCdagi debyut jangini 28 sentyabr kuni o‘tkazgandi. Daniya poytaxti Kopenhagenda UFC Fight Night 160 turniri doirasida u italiyalik Alessio di Kirikoga (12-4, 9 KO) qarshi oktagonga chiqib, uch raund yakunlariga ko‘ra, ochkolar hisobida g‘alaba qozongandi.
Ta’kidlab o‘tish joiz, Mahmud Muradov UFC bilan to‘rtta jangga shartnoma imzolagan. Jangdagi natijalarga qarab bu muddat yana uzaytirilishi mumkin bo‘ladi. U mazkur nufuzli turnirda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik sportchi sifatida tarixda qoldi.
Fikrlar