
«Manchester Siti» - «Real»: Prevyu
Biz Chempionlar Ligasi nimchorak finali bahslari avvalida ancha qiyin holatdamiz. Ayniqsa, «Manchester Siti» va «Real» qarama-qarshiligida. Birinchi uchrashuv bo‘lib o‘tganiga qariyb 6 oy to‘lyapti. Shundan kelib chiqib, birinchi o‘yin bilan bugungisini solishtirish biroz qiyin.
Jamoalarni ichki chempionatlar orqali solishtirish ham birmuncha mushkul. Sababi, «Real» restartdan keyin jiddiy raqiblar bilan o‘ynamadi va aksariyat o‘yinlarni kichik hisobda o‘z foydasiga hal qildi. «Manchester Siti» olib borgan bahslar orasida bir qarashda dolzarbroqlari bordek ko‘rinadi. Ammo yangidan qurilayotgan «Arsenal» va chempionlik kayfiyatida motivatsiyasiz qolgan «Liverpul» ustida qozonilgan yirik g‘alabalar «shaharliklar»ga yaqqol ustunlikni berib qo‘yishimizga etmaydi.
Kuni kecha bir statistika e’tiborimni tortdi va buni birmuncha to‘g‘ri, deb ham hisoblayman: bugun Evropaning eng sermahsul klubi eng yaxshi himoyaga duch keladi. Pep shogirdlari APL mavsumi mobaynida raqiblari darvozasiga jami 102 ta gol urib, bu borada eng yaxshi natijani qayd etdi. O‘z navbatida, «Qirollik klubi» La Liga 38 turida o‘z darvozasidan 25 ta to‘p olib chiqib, top-5 chempionatlari orasida eng yaxshi mudofaaga ega jamoa sifatida namoyon bo‘ldi.
Ammo bugun boshqacha kun va ushbu jamoalar atrofidagi masalalarni atroflicha tahlil qilmasdan turib, uchrashuv taqdiri haqida nimadir, deyish qiyin. Boshladik!
Dastlabki o‘yin
Jamoalar o‘rtasidagi birinchi bahsning ilk daqiqalariyoq bizga yuqori sifatli futbol tuhfa etdi. Birinchi bo‘lim mobaynida har ikki jamoa posbonlari bir martadan o‘z postlarini muqarrar goldan saqlab qolishdi. Dastlab, Jezus jarima maydoni ichida chalg‘ituvchi harakatlar bilan himoyachilarni dog‘da qoldirib, darvozaga zarba berdi. Braziliyalik futbolchining tepgan to‘pini Tibo Kurtua qaytarishga erishdi. Zarba kuch bilan yo‘llangani uchun ham madridliklar darvozaboni olqishlarga sazovor bo‘ldi.
Taym o‘rtasida Benzemaning bosh bilan uzoq burchakka yo‘llagan zarbasini Ederson bartaraf etib, Tiboga javob qaytardi. Frantsiyalik futbolchining bu kabi zarbalarining 10 tadan 9 tasi golga aylanar edi. O‘sha bittasi manchesterliklar bilan o‘yinga to‘g‘ri kelgan ekan.
Taym yakuni avvalida «Siti» yana bir qulay vaziyatga ega bo‘ldi. Burchakdan oshirilgan to‘pga Jezus yo‘llagan zarba Kurtuadan o‘tdi. Ammo belgiyalik posbondan tashqari «Real» darvozasida yana 3 ta himoyachi ham turardi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Mahrezning chap tarafdan yo‘llagan aylanma zarbasiga aniqlik etishmadi. Keyinroq, Vinisius jarima maydonida yiqilib, penalti talab qildi. Ochig‘i, Uoker kichik kontaktni amalga oshirgandi. Biroq Daniel Orsato ta’kidlaganidek, bu penalti uchun etarli emasdi. Shundan so‘ng, Riyad Mahrez faol harakatlari evaziga ketma-ket ikki marta yaxshi vaziyatga chiqib olib, zarba berdi. Har ikki to‘pni ham «blankos» posboni muammosiz qaytara bildi. Ikkinchi bo‘limni ko‘proq himoyada boshlagan «Real» Iskoning goli bilan oldinga chiqib oldi. Vinisiusning Fernandino va Uoker o‘rtasidan amalga oshirgan uzatmasiga esa gap yo‘q!
Shundan so‘ng, «Real» biroz muddat xotirjam o‘ynadi. Himoya esa mana shu xotirjamlikka ortiqcha berildi va kulminatsiyada Kevin De Bryuyne katta sahnaga chiqdi. «Gallaktikos» jarima maydonida 3 futbolchi faqatgina Kevinning ortidan yurishdi. U esa ajoyib tarzda aylanib olib, havodan to‘pni Jezusga etkazib berdi. Braziliyalik hujumchi arang to‘pga boshini tekkiza oldi va shuning o‘zi kutilmaganda o‘yin qahramoniga aylanishi arafasida turgan Kurtua postining ishg‘ol qilinishiga etarli bo‘ldi. Keyinroq Karvaxal jarima maydoniga tezlik bilan kirib ketayotgan Sterlingni hakamning ko‘z-o‘ngida chalib yiqitdi. Orsatoning VARga murojaat qilishining ham hojati yo‘q edi. De Bryuyne nuqtaga yaqinlashdi va mas’uliyatli zarbani yo‘llashda adashmadi.
Ramos bellashuv yakunlanishi arafasida bir o‘zi jarima maydoniga kirib ketayotgan Jezusni qo‘llari bilan to‘xtatib qoldi. «Real» uchun xayrli tarzda penalti emas, jarima zarbasi yakunlandi. Jamoa sardori esa maydondan chetlatildi. Menimcha, Zidanda tanlash imkoniyati bo‘lganda, uchinchi golni o‘tkazib yuborishni va javob bahsida Ramos xizmatlaridan foydalanishni tanlagan bo‘lardi. Shu tariqa, «Real» javob o‘yini oldidan qiyin ahvolda qoldi.
Jamoalarning taxminiy tarkiblari
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Fernandino, Lyaport, Joau Kanselu, De Bryuyne, Rodri, Gyundogan, Mahrez, Jezus, Sterling.
Ishtirok eta olmaydi: Aguero, Mendi.
Tarkibga kiritilganlar: Bazunu.
Qaydnomadan o‘chirilganlar: Sane.
«Real»: Kurtua, Karvaxal, Varan, Militao, Ferlan Mendi, Kazemiro, Kross, Modrich, Azar, Vinisius, Benzema.
Ishtirok eta olmaydi: Ramos, Mariano Diaz.
So‘roq ostida: Marselo.
Diskvalifikatsiya xavfi ostida: Modrich, Valverde.
Murabbiylar
Xosep Gvardiola: «Birinchi o‘yin fevralda bo‘lib o‘tgandi va undan keyin ancha vaqt o‘tdi. Biz bugun birinchi bahsdagidan boshqacharoq futbol o‘ynaymiz. Muxlislarsiz og‘ir, ammo eng yaxshi jihatlarimizni namoyish etishga harakat qilamiz. Aniqki, bizning maqsadimiz – chempionlik. Biz «Real» va ular kabi buyuk klublarni engmay turib, bunga erisha olmaymiz. Men barchasiga tayyorligimizni his qilyapman. Bu mening fikrim: biz shaymiz».
Zinedin Zidan: «Ertaga qanday o‘yin bo‘lishini bilmayman. Ammo ikki katta jamoa maydonda to‘qnash keladi. Ajoyib to‘qnashuv bo‘lishini kutyapman. Oldimizda 4 ta final turibdi va bu ulardan birinchisi. Eng muhimi, barcha futbolchilar yaxshi sport formasini saqlab turishibdi. Bizda muhim bellashuvga tayyorgarlik ko‘rish uchun 10 kun vaqt bo‘ldi.
Xulosa o‘rnida
Yuqoridagi faktorlarni inobatga olib «Manchester Siti»da kichik ustunlik borligini aytishimiz mumkin. Bu hisobda ham aks etmoqda. Pepning to‘p nazoratiga asoslangan futboli g‘alabani saqlab qolishda qo‘l kelishi mumkin. Shuningdek, Serxio Ramosning yo‘qligi «Real» uchun eng katta yo‘qotish. «El Kapitano» joriy mavsum «qirollik klubi»ni har tomonlama etakladi. Ammo bir jihat borki, «Real» doim mana shunday og‘ir pallalarda xarakter ko‘rsata olishi bilan ham ajralib turadi. Birinchi taymda biroz ehtiyotkor futbol ko‘rishimiz mumkin. Ammo hisobdan qat’i nazar ikkinchi bo‘limda haqiqiy jang ketadi.
Chempionlar Ligasining umumiy taqdirida eng katta o‘rin tutadigan uchrashuv bu tun barchaning e’tibor markazida bo‘ladi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar