"Mash’al" bosh murabbiyi: "Keyingi yili yanada kuchliroq bo‘lib qaytamiz"
Superligada qolish uchun o‘tkazilgan pley-off bahsida “Mash’al” penaltilar seriyasida “Buxoro”ni taslim qildi va ligada jon saqlab qoldi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida “Mash’al” bosh murabbiyi Otabek Narzullaev savollarga javob berdi.
- O‘yinni qiyin o‘tdi, desak ham bo‘ladi. Hissiyotlarga boy kechdi. Maydonda har bir epizod uchun kurashlar bo‘ldi. “Mash’al”ni mavqesini saqlab qolish uchun futbolchilar jon-jaxdi bilan harakat qilishdi. Superligada qolganimiz bilan jamoa muxlislarini, hammani tabriklaymiz. Endi ta’tilga chiqamiz, dam olamiz. Keyingi yil bundan ham kuchliroq bo‘lib qaytamiz.
- “Mash’al”ni yangi yil rejalari qanday?
- Ta’tilga chiqamiz. Meni taqdirim nima bo‘lishini hali bilmayman. Klub rahbarlari hal qiladi. Agar qolishimni aytishsa jon-jahdimiz bilan ishlaymiz. Keyingi yilga maqsadlar katta. Superligada qolish uchun emas, kuchli beshtalikka kurashish uchun raqobatbardosh jamoa shakllantiramiz. Qaerdadir bu yil smetamiz kamroq bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo o‘yinchilar bor kuchi, klub mavqesi uchun harakat qilishdi. Futbochlilar xarakter ko‘rsatishdi. Har tomonlama kurashishdi, ularni tabriklayman.
- “Mash’al”ni mavsum boshidagi aniq vazifasi qanday bo‘lgandi?
- Boshida U21 jamoasida ishlagandim. Baribir birinchi yil bo‘lgani uchun har bir klub o‘z oldiga ligada qolish maqsadini qo‘yadi. Keyingi yillarda kattaroq maqsadlar qo‘yishadi. Biz vazifamizni qaerdadir 100 foiz bajara olmagan bo‘lishimiz mumkin. Lekin futbolda oldindan aytib bo‘lmaydi. O‘yinchilar harakat qilishdi va Superligada o‘rnimizni saqlab qoldik. Maqsad shu edi, hech qanaqa kuchli uchtalik yoki beshtalik bo‘lmagan. Avvalambor, niyatga bog‘liq. Qancha katta so‘rasangiz shuncha beriladi. Shuning uchun kattaroq so‘rash kerak. Iloji boricha keyingi yilga bundan ham yaxshiroq bo‘lib qaytamiz.
- “Mash’al” shu kungacha Superligada o‘z darvozasidan eng ko‘p o‘tkazgan jamoa bo‘lsa, eng kam gol urgan jamoalar orasida etakchilik qilyapti. Mabodo, kelasi yilga klubda qolsangiz nimalarni o‘zgartirasiz?
- Har bir murabbiyni uslubi bo‘ladi. Futbolchilarga qarab taktikani tuzib chiqasiz. Ishlaydigan jihatlar ko‘p, buni aytib chiqish uchun ko‘p vaqt kerak. Agar menda yaxshi hujumchilar bo‘lsa, hujumkor futbol xohlayman.
- Jamoani yoshartirish ishlari olib boriladimi? Qaysi futbolchilar bilan shartnomalar uzaytiriladi?
- Iloji boricha tarkibdagi o‘yinchilarni saqlab qolamiz. Kuchaytirish uchun shijoatkor, iqtidorli yoshlarni jalb qilamiz. Pozitsiyaga ikkitadan futbolchilarni yig‘moqchimiz, biri yosh bo‘lsa, ikkinchisi tajribaliroq. Yaxshi futbolchilarni ham taklif qilamiz. Hammasini rahbariyat hal qiladi, men hech narsa deya olmayman. Ikkinchi davrada jamoani qabul qilib olganimda “Mash’al”ni Superligada olib qolish vazifasi qo‘yilgandi. Men o‘z vazifamni bajardim, deb o‘ylayman. Keyingi yilga imkon bo‘lsa, jon-jaxdimiz bilan ishlashga harakat qilamiz.
- Yil davomida jamoa safarda o‘ynaydi. “Masha’l” stadion masalasida oldinga qadam tashladimi?
- Ancha ishlar oldinga siljigan. Bizni mashg‘ulot o‘tkazadigan maydonimiz ayrim Superligani maydonlaridan yaxshiroq. Keyingi yili uyda o‘ynashga harakat qilamiz va agar uyimizda o‘ynasak ko‘p klublarga muammo tug‘diramiz.
Fikrlar