
Mavsum tugagach, "Shaxtyor"da qolmoqchi emasman - Jasur Yaxshiboev yangi rejalari haqida gapirdi! Uning oldida jiddiy takliflar turibdi
Jasur Yaxshiboev yana katta sahnada! Hamyurtingning o‘zga yurtda gollar urib, maqtovlarga sazovor bo‘layotganini ko‘rish naqadar yoqimli-a? Yaxshiboev Belarus chempionatida eng yaxshi legionerlardan biri sifatida yaqqol ajralib turibdi. Bu esa biz uchun ham faxr tuyg‘usini beradi.
Shunday paytlarda esa Jasurdan yanada ko‘prog‘ini kutgimiz keladi va bundan ham kuchliroq chempionatlarda o‘ynashini istaymiz. U “Belgina”ga qarshi uchrashuvda xet-trikka erishib, “Shaxtyor”ning 5:1 hisobidagi g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Shundan keyin Yaxshiboev sports.uz muxbiri bilan muloqotga kirishdi.
- Har doim legioner sifatida ko‘rsatayotgan o‘yinlaringiz va natijalaringiz barchamizning e’tiborimizni tortmoqda va xursand qilyapti. Avvalo, oxirgi turda uchta gol urganingiz hamda jamoangizning yirik hisobdagi g‘alabasi haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz...
- Bu o‘yinni yutishimiz shart edi. Bizning har bir uchrashuvimiz chempionlik uchun ketmoqda. Kiritgan gollarimga to‘xtaladigan bo‘lsam, ayni chog‘da to‘purarlar poygasida kurash olib boryapman. Mendan oldinda esa, BATE hujumchisi 17 ta gol bilan peshqadamlik qilyapti. Ushbu o‘yingacha hisobimda 13 ta gol bor edi, endi 16 ta bo‘ldi. Ushbu bellashuvda gol urishim shart edi. Albatta, uchta gol demayman-u, baribir gol urmasam bo‘lmasdi. Xudoga shukr, xet-trikka erishdim va BATE hujumchisiga yaqinlashib qoldim. Niyatim keyingi o‘yinlarda ham yana gollar urib to‘purarlar poygasida oldinga chiqib olmoqchiman.
- “Shaxtyor”ning har bir uchrashuvidan keyin bosh murabbiy Roman Grigorchukning matbuot anjumanlarida aytadigan fikrlariga qiziqamiz. Ya’ni, siz haqingizda qanday gaplar aytarkin, deya kuzatib boramiz. Bu safar yirik hisobdagi g‘alabadan so‘ng, Yaxshiboev hali o‘zining to‘liq imkoniyatlarini ishga solgani yo‘q, degan gaplarni aytdi. Umuman olganda, o‘zingiz ham uning matbuot anjumanlaridagi fikrlarini o‘qib borasizmi? Grigorchukning gapiga munosabatingiz qanday? Rostdan ham hali to‘liq imkoniyatimni ishga sola olganim yo‘q, deb o‘ylaysizmi?
- To‘g‘ri, har uchrashuvdan keyin murabbiylarning intervyularini kuzatib boraman. U o‘z iqtidorini hali 100 foizga ocha olmadi, degan fikriga kelsak, agar bu to‘g‘ri desam o‘zimni maqtash bo‘lib qoladi. Bilmadim, bu savolingizga javob berishim qiyin. Baribir murabbiy futbolchidagi iqtidorni ko‘ra oladi. Balki u o‘sha iqtidorni ko‘ra olgani uchun ham shu fikrlarni bildirgandir. Yana anig‘ini bilmadim.
- Belarus chempionatiga ko‘chib o‘tganingizdan so‘ng, sizdagi yangi qobilyatlarni ko‘ryapmiz. Bir so‘z bilan aytganda, o‘zimiz uchun yangi Yaxshiboevni kashf qilmoqdamiz. O‘zbekiston chempionatida esa sizdagi bunday sermahsullikni sira bilmasdik. To‘g‘ri, legioner sifatida o‘ynab o‘zini ko‘rsatishi qiyin. Biroq u erda qanday qilib bor mahoratingizni namoyish eta olyapsiz?
- Yaxshi savol bo‘ldi. O‘zbekiston chempionatida o‘ynaganimda ochiqchasiga aytsam, har qanday futbolchi uchun murabbiyning ishonchi kerak. Agar murabbiy sizga ishonch bildirmasa, ming harakat qilganingiz bilan o‘yiningizga ta’sir qiladi. To‘g‘risini aytaman, o‘zimizning chempionatda menga ishonch bildirilmagan. Bu erda esa hammasi boshqacha, menga murabbiylar ishonishadi. Meni xuddi etakchidek hisoblashadi. Shuning uchun ham men har bir uchrashuvda o‘sha ishonchni oqlash maqsadida bor kuchim bilan o‘ynayman. Doim gollar urib, jamoamga yordam berishga harakat qilib kelyapman. Har qanday holatda ham baribir birinchi navbatda futbolchi uchun murabbiyning ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi muhim bo‘lib qolaveradi. Busiz bo‘lmaydi.
- “Paxtakor”da ham o‘z darajangizni ko‘rsatishingizni kutgandik. Ilgari bergan intervyularingizda Shota Arveladzening sizga ishonch bildirmagani haqida aytgandingiz. Balki Belarus chempionatida o‘zingizni ko‘rsatayotganingiz unga nimalarga qodirligingizni isbotlash borasidagi kuchli ishtiyoqingiz ham sabab bo‘layotgandir?
- Shota Arveladze juda yaxshi inson. Uni hurmat qilaman. Bilmadim, “Paxtakor”da tarkib kuchliligidanmi yoki futbolchilar ko‘pligidanmi, menga qanaqadir...Inkor etmayman, ishonch ham bildirgan, balki o‘zim oqlay olmagandirman. Yoki menga oxirigacha ishonch bildirmagandir. Bu vaziyatda birgina Arveladzeni aybdor qilib ko‘rsatishim ham noto‘g‘ri. Bir tomondan qaraganda, bu savolingiz ham to‘g‘ri. Bu narsa ham menga o‘yinlarda o‘zimni ko‘rsatishim kerakligi borasida hamda jamoamga foyda keltira olishimni isbotlashga harakat qilayotganimda ham yordam beradi, buni tan olaman.
- Endi barchani keyingi faoliyatingiz qanday tus olishi qiziqtiryapti. Chunki sizni yanada kuchliroq chempionatlarda to‘p surishingizni xohlayapmiz. Bu borada aniq takliflarga egamisiz?
- Takliflar bor, ikki-uchta. Lekin qaysi davlatdan, qaysi jamoadan ekanligi haqida sizga ochiqchasiga ayta olmayman. Xudo xohlasa, mavsum tugashiga bir oycha qoldi. Shundan keyin hammasi oydinlashadi.
- “Shaxtyor” bilan kelasi yili Evrokuboklarda ishtirok etish niyatingiz bormi? Yoki shu mavsum tugagach, u erdan aniq ketasizmi?
- Hozirgi maqsadimiz chempionatda 1-o‘rinni qo‘lga kiritish. Nima desam ekan, mening “Shaxtyor” bilan shartnomam dekabrning oxirida tugaydi. Xudo xohlasa, “Shaxtyor”da qolmoqchi emasman. Hozir oldimda 2-3 ta takliflar turibdi. Shularni o‘rganib chiqyapmiz va qishda bir to‘xtamga kelamiz.
- O‘zbek futbolchilarining yana Belarus chempionatiga joylashishiga siz ham qandaydir yordamlashishingiz mumkinmi? Bu borada ularning ham yana boshqa hamyurtlarimizga qiziqishlari bormi?
- Joylashtira olmayman. Lekin mendan bo‘ladigan yordam shuki, o‘z o‘yinlarim orqali yaxshi jihatlarimni ko‘rsatsam, o‘zbek futbolchilariga qiziqishlar yanada ko‘payadi. Mana, hozirning o‘zida bu erda uch nafar o‘zbekistonlik o‘yinchi o‘ynamoqda. Yana hamyurtlarimiz ko‘payadi, degan umiddaman.
- Yaqin orada “Shaxtyor” BATEga qarshi maydonga tushadi. Bu chempionlik yo‘lidagi jiddiy kurash, qolaversa, to‘purarlar o‘rtasida ham o‘ziga xos to‘qnashuvga aylanadi. O‘sha o‘yin chempionlik masalasini hal qiladimi?
- Ha, bizni BATE bilan chempionlik o‘yini kutib turibdi. Bu 80 foiz chempionlikni hal qiladigan o‘yin. Bundan tashqari, o‘sha uchrashuvda to‘purarlar poygasida peshqadamlik qilayotgan hujumchi bilan ham to‘qnash kelaman. Hali yana uchta o‘yin bor. To‘purar bo‘lish uchun ikkalamizda ham katta imkoniyat bor. Lekin boya aytganimdek, chempionlik masalasida 80 foizga hal qilib beradi.
- Jasur Yaxshiboevning asosiy orzusi nima?
- Asosiy maqsadim – kuchli beshlik chempionatlaridan birida to‘p surish. Bunga bosqichma-bosqich erishaman, degan umiddaman va shu maqsad bo‘yicha harakat qilyapman.
- Belarus bilan O‘zbekiston chempionatini solishtira olasizmi? Farq nimalardan iborat?
- Ikkala chempionatni solishtirish haqidagi savolga aniq javob bera olmayman. Chunki bu qiyin savol.
- Milliy terma jamoaga kelganda o‘zingizni yanada kuchliroq sifatida his qilyapsizmi?
- Terma jamoaga chaqirishlari hamma futbolchi uchun yoqimli. Albatta, meni ham taklif qilishayotganidan xursandman. Murabbiylar menga ishonch bildirib chaqirishyapti va bu ishonchlarni oqlashga harakat qilaman.
Fikrlar