
"Metallurg" ustozini nima xavotirga solyapti?
PFL tomonidan Superliganing qachondan davom ettirilishi rasman e’lon qilindi va shunga ko‘ra klublar ham mashg‘ulotlarni boshlab yubordi. Bekobodning “Metallurg” klubi ham boshqalar qatori chempionat bahslariga hozirlik ko‘rmoqda. Ushbu jamoa bunga qadar o‘tkazilgan uchta o‘yinda bittadan g‘alaba, durang hamda mag‘lubiyat qayd etib hozircha hisobiga to‘rt ochko yozdirib qo‘ygan.
“Metallurg” ustozi Andrey Shipilov esa imkon qadar qo‘l ostidagi futbolchilarni navbatdagi uchrashuvga yaxshiroq tayyorlashga harakat qilmoqda. Ayni vaqtda bor e’tiborini asosan mashg‘ulotlarga qaratgan Andrey Shipilov Sports.uz sayti uchun qisqacha intervyu berdi.
- Andrey Sergeevich, PFL tomonidan chempionat o‘yinlarini o‘tkazishga ruxsat berdi. Jamoangiz qanday rejalar asosida shug‘ullanmoqda?
- Biz 25 maydan asta-sekin mashg‘ulotlarga kirishgandik. Dastlabki haftada 40-45 daqiqadan shug‘ullandik. Barcha futbolchilarimizning vazni joyida. Biz ularni karantin e’lon qilingan paytda ogohlantirgandik. O‘tgan vaqt davomida esa jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy ular bilan astoydil ishladi.
- Aytish mumkinki, uch oy futbolsiz qolib ketdik va bu katta tanaffus. Sizningcha, Superligaga kirishishdan avval mashg‘ulotlar qancha muddat davom etgani ma’qul? Aniqrog‘i, qo‘l ostingizdagi yigitlarning o‘yin ritmiga ega bo‘lib olishlari borasida sizni xavotirga solmayaptimi?
- Albatta, 70 kundan ko‘p vaqt futbolchilarning o‘yin amaliyotisiz qolib ketishi xavotirga solmasdan qo‘ymaydi. Faqat oxirgi kunlarda o‘yinchilar har taymi 25 daqiqadan iborat o‘zaro nazorat uchrashuvi o‘tkazdilar xolos. Umuman olganda, 15 iyundan so‘ng FIFA kunlarisiz har 5-6 kunda o‘yin o‘tkazish mumkin.
- Jamoangiz 4-turga qanchalik tayyor bo‘ladi?
- Bu savolga 15 iyundan keyin javob beraman.
Fikrlar