
MOQdan Adhamjon Ergashev uchun maxsus tabrik
Ayni kunlarda Fijining Suva shahrida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu musobaqa doirasida ishtirok etgan hamyurtmiz Adhamjon Ergashev -67 kilogramm vazn toifasida 3 ta oltin (dast va siltab ko‘tarish, ikki kurash) medalni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik. Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasi ushbu sportchimiz uchun maxsus tabrik yo‘lladi.
"O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Sizni ajoyib g‘alaba – og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempioni sharafli unvonini muvaffaqiyatli himoya qila olganingiz bilan samimiy va qizg‘in qutlaydi. Siz ketma-ket ikkinchi bor jahon birinchiligida o‘z vazningiz bo‘yicha dunyoda tengi yo‘q eng kuchli polvon ekanligingizni yorqin va ishonarli namoyish etdingiz. Shu bilan birga 2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida qatnashish uchun qimmatli reyting ochkolariga ega bo‘ldingiz.
Fijida bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatidagi bu ulkan g‘alabangiz Prezidentimiz Shavkat Mirziyov alohida ta’kidlaganidek, yoshlarimizda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga, mamlakatni dunyoga tanitishga, barcha yurtdoshlarimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlashiga xizmat qilishi shubhasizdir. Fursatdan foydalanib, Siz kabi polvon yigitlarni tarbiyalayotgan ota-onangizga, ustozlaringizga va albatta O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasiga minnatdorchilik izhor etamiz", – deyiladi ushbu tabrikda.
Eslatib o‘tamiz, Adhamjon Ergashev o‘tgan yili Toshkent mezbonlik qilgan yoshlar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida -61 kg vazn toifasida ishtirok etib, unda ham barcha yo‘nalishlardagi oltin medallarni qo‘lga kiritgan edi. Bu gal uning qayd etgan natijasi dast ko‘tarishda 141 kg, siltab ko‘tarishda 173 kg va ikki kurash bo‘yicha 314 kgni tashkil etdi. Ta’kidlash joiz, bu natijalar uning shaxsiy rekordi emas. Hamyurtimiz yoshlar o‘rtasidagi jahon rekordi sohibi ham hisoblanib, uning natijalari yo‘nalishlariga qarab 142 kg, 174 kg 316 kgga teng.
O‘z navbatida, SPORTS.uz sayti ham polvonimizning yana bir muvaffaqiyati bilan qutlab, kelajakdagi faoliyatida ulkan zafarlar tilab qoladi.
Fikrlar