
Muxlislar kutgan APL qaytmoqda
23 noyabrdan boshlab Angliya Premer-Ligasining 12-tur uchrashuvlari start oladi. Bu turdagi muhim bahslar, turnir jadvalidagi holat, eng yaxshi to‘purarlar va assistentlar ro‘yxati bilan tanishing.
12-turni Toshkent vaqti bilan 17:30 da “Lester” va “Chelsi” klublari o‘rtasidagi to‘qnashuv ochib bersa, 20:00 dan boshlab Arteta boshchiligidagi “Arsenal” o‘z uyida “Nottingem Forest”ni qabul qiladi. Turning markaziy uchrashuvlaridan birida esa yaqindagina shartnomasini uzaytirgan Pep Gvardiolaning “Manchester Siti”si “Tottenxem” bilan kuch sinashadi. Ushbu uchrashuv mahalliy vaqt bilan 22:30 da start olishi rejalashtirilgan. 24 noyabrda esa “Sautgempton” o‘z uyida turnir peshqadami bo‘lib turgan “Liverpul”ni qabul qilsa, “Manchester Yunayted” Ruben Amorim bilan “Ipsvich Taun”ga safar qiladi.
O‘tgan turda qayd etilgan natijalar bilan tanishing.
11-tur doirasida bir nechta sensatsiyalar ro‘y berdi. “Manchester Siti” va “Tottenxem” klublari “Brayton” va “Ipsvich”ga bir xil 2:1 hisobida mag‘lub bo‘lishdi. Murosasiz kechgan turning markaziy to‘qnashuvida “Chelsi” va “Arsenal” klublari 1:1 hisobida durangga imzo chekishdi. “Liverpul” “Aston Villa” ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, “Manchester Yunayted” esa o‘z uyida “Lester” ustidan yirik 3:0 hisobida zafar quchishgan edi.
Turnir jadvalidagi holat bilan tarnishing:
11-turdan so‘ng Arne Slot boschiligidagi “Liverpul” 28 ochko bilan yaqqol peshqadamga aylanib oldi. “Manchester Siti” esa so‘nggi turdagi mag‘lubiyatidan keyin 23 ochko jamg‘arib, 2-o‘rinni band qildi. London derbisidagi durangdan so‘ng “Chelsi” va “Arsenal” klublari 19 ochkoga ega bo‘lishdi va keyingi pog‘onalarni egallashdi. “Ipsvich”dan alamli mag‘lubiyatga uchragan “shporlar” 16 ochko to‘plab 11-o‘rinda ketayotgan bo‘lsa, “qizil iblislar” esa 15 ochko bilan 13-o‘rinda kelmoqda.
Eng yaxshi to‘purarlar va assistentlar ro‘yxati bilan tanishing:
To‘purarlar reytingini “Manchester Siti” forvardi Erling Holand 12 ta gol bilan boshqarmoqda. Kris Vud, Mbyomo va Salah esa 8 tadan gol kiritib keyingni o‘rinni egallashdi. “Brentford” futbolchisi Yoan Vissa va “Chelsi”ning hujumkor yarim himoyachisi hisoblangan Koul Palmer 7 tadan o‘z hisoblariga gol yozdirib qo‘yishgan.
Assistentlar ro‘yxatida “Arsenal” vingeri Bukayo Saka 7 ta uzatma bilan etakchilik qilmoqda. Uni esa “Liverpul”ning misrlik yulduzi Muhammad Salah 6 ta assist bilan ta’qib qilib kelmoqda. Uchinchi o‘rinni esa Palmer 6 ta pas bilan oldindagi ikki raqibini quvmoqda.
Fikrlar