
Neymar "Navbahor"ni unutmaydi!
Gapning ochig‘i, maqolani tarixiy kun, degan jumla bilan boshlayotgandim. Afsuski, 90+10-daqiqada o‘tkazib yuborilgan gol juda alamli bo‘ldi. Natijada maqolada g‘alaba nashidasi bilan yozilayotgan fikrlar, rejalar o‘zgardi. Lekin, baribir “Navbahor”ga qoyil.
E’tibor bering, o‘zbek jamoasi Osiyoning eng kuchli klubini Neymari bilan qo‘shib qancha vaqt yutib turgandi?! “Navbahor” Osiyo Chempionlar ligasi debyutini dahshatli g‘alaba bilan boshlashga juda yaqin kelgandi, bunga sanoqli daqiqalar qolgandi. Bu ayniqsa, jahon futboli yulduzi Neymarning fonida yanada haddan tashqari katta g‘alaba bo‘lib tuyulishi muqarrar edi. Rostini ayting, siz o‘yindan oldin “Lochinlar”ning ochko tortib olishiga ishonganmidingiz?
O‘yindan avval “Navbahor” bosh murabbiyi Samvel Babayan matbuot anjumanida ishtirok etganida g‘alaba uchun mo‘’jizaga ham umid qilishi haqida gapirgani yodingizdami? Ha, u va uning jamoasi o‘sha futboldagi mo‘’jizani deyarli ko‘rsata olishdi. Bunga gap bo‘lishi mumkin emas.
Babayanning yana bir gapi yodimizda. U OChL guruh bosqichiga qur’a tashlanganidan keyin Sports.uz saytiga bu borada intervyu berganida “Navbahor”ning “Al-Hilol” va Neymarga qarshi o‘yinini butun dunyo translyatsiya qilishini alohida ta’kidlagandi. U bu borada haq edi. “Navbahor” Neymar va uning jamoasidan ochko tortib olgani evaziga o‘zini dunyoga kashf qilmoqda. Chunki jahon matbuoti xohlaymizmi-yo‘qmi, Neymar va uning yangi klubini bot-bot yorityapti. OChLdagi o‘yin ahamiyati esa yanada kattaroq edi. Chunki “Al-Hilol” qo‘rqinchli transferlarni amalga oshirishi, dunyo yulduzlarini jalb qilishi va ayniqsa o‘sha Neymarning kelishi evaziga butun duyodan qiziqishlar ortdi, xuddi Ronalduga bo‘lgani kabi. Tabiiyki, dunyo nigohi va matbuoti ham Neymarga qaratilgandi. U “Al-Hilol”da o‘zining ikkinchi o‘yinini “Navbahor”ga qarshi o‘tkazdi. Yangi jamoasida ilk bor asosiy tarkibdagi o‘yinini ham “Navbahor”ga qarshi o‘tkazdi. Xullas, afisha katta darajada edi.
Rosti, Saudiyaning boshqa bir klubi – “Al-Ittihod” OKMK bilan bahsda o‘yin taqdirini birinchi bo‘limdayoq hal qilishi evaziga “Navbahor”ga sabr tilaganlar ko‘p edi. Tan olaylik, Osiyoning eng qimmat va yulduzli jamoasi – “Al-Hilol”ga o‘zbek jamoasi tomonidan taklif qilingan o‘yin o‘zini oqladi. Sal qolsa, Babayan fantastik sensatsiyani qayd eta olardi.
Neymar Osiyoga kelib OChLda ham osonlik bilan yutaman deb o‘ylagan shekilli, lekin adashasan! O‘zbek klubining kuchini ko‘rib qo‘y!!! Neymar "Navbahor"ni unutmaydigan bo‘ldi. OChLdagi debyutida bizning jamoamizga qarshi u faqat asabiylashdi.
Yana bir haqiqat shuki, Ar-Riyoddagi o‘yinning rejissyori Samvel Babayan. U Osiyoning eng kuchli klubiga qarshi shunday sxema qo‘lladiki, futbolchilar murabbiyning aytgan chizig‘idan chiqmadilar, uning ko‘rsatmasiga binoan o‘yin ko‘rsatishdi. Himoyadagi zichlik, muvozanatni yo‘qotmagani, jamoaviylik va o‘ziga bo‘lgan ishonch bizning o‘yinchilarimizda zo‘r ko‘rindi. Ayniqsa, Tabatadzening golidan keyin namanganliklarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada oshdi.
Endi bildingizmi, Babayan Tabatadzeni “Neftchi”dan nega tortib olganini?! Gruziyalik hujumchi mana shunday tor-darajadagi o‘yinda goli bilan ishonchni oqladi. Afsuski, birgina vaziyatda e’tibor susaydi. Lekin gol urilgan daqiqaga qarang. To‘g‘risi, bosh hakam uchrashuvga vaqt qo‘shib berishda juda oshirib yubordi. Qolaversa, Neymarning “Navbahor” futbolchisiga nisbatan qilgan qo‘polligini butun dunyo ko‘rdi, lekin bosh hakam uning yonida bo‘la turib, nega qizil kartochka ko‘rsatmagani hayron qolarli. Balki bosh hakam Neymarni chetlatishdan qo‘rqqandir?!
O‘yin tugashi bilanoq jahon futboli matbuoti darhol o‘sha epizod va o‘yindagi natijani yozishni boshladi, turli fikrlar, munosabatlar va tahlillar boshlanib ketdi. Neymar albatta asosiy mavzuda. Lekin Babayan va uning jamoasiga maqtovlar yog‘ilyapti. Bitta gap: biz uchun “Navbahor” yutdi! Futbolchilarning mehnatiga rahmat, ular jonini berishdi. Babayan esa oxirgi paytlarda o‘ziga bo‘layotgan tanqidlarni balki shu o‘yin bilan deyarli yuvib tashlagandir...
Darvoqe, “Nasaf”ni OChLdagi ilk turni g‘alaba bilan boshlagani evaziga tabriklaymiz! Berdiev va Babayan o‘zbek klublari anoyi emasligini ko‘rsatishdi va bu davomli bo‘lsin. OChLdagi barcha klublarimizga omad.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar