Neymarning beshinchi farzandi tugʻiladi
Braziliya terma jamoasi hujumchisi Neymar yana bir bor ota bo‘lish arafasida. Futbolchi va uning turmush o‘rtog‘i Bruna Byankardi oilada beshinchi farzandni kutishmoqda. Bruna Byankardi o‘zining YouTube-kanalida maxsus videorolik e’lon qildi.
Unda Neymar, Bruna va bolalar birgalikda tug‘ilajak chaqaloqning jinsini bilish marosimida ishtirok etgani aks etgan. Videodan ma’lum bo‘lishicha, juftlik yana bir qiz farzandli bo‘ladi. Bu qizaloq Neymar va Byankardining uchinchi umumiy farzandi bo‘ladi. Juftlikning bugungi kunda ikki qizi bor: Mavi va Mel. Mavi 2023 yilda, Mel esa 2025 yilda dunyoga kelgan. Neymarning farzandlari faqat shu bilan cheklanmaydi.
2024 yilda braziliyalik model Amanda Kimberli futbolchiga Helena ismli qiz tug‘ib bergan. Neymar birinchi marta 2011 yilda ota bo‘lgan – o‘sha yili uning Karolina Dantasdan Davi Lukka ismli o‘g‘li tug‘ilgan. Hozirda 34 yoshda bo‘lgan Neymar yaqinda Braziliya terma jamoasining jahon chempionati uchun e’lon qilingan tarkibiga kiritilgan.
Musobaqa 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Meksika va Kanada hududlarida o‘tmoqda. Shunga qaramay, hujumchi jarohati sabab Marokko termasiga qarshi guruh bosqichidagi ilk uchrashuvni o‘tkazib yubordi.

Fikrlar