
“O‘zbek Messisi”ni Rossiyada aldashdimi?
Jasur Jaloliddinovning “Bundyokor”dan Rossiya premer-ligasi etakchilaridan biri hisoblangan “Lokomotiv”ga yo‘l olgani o‘tgan yozning eng shov-shuvli transferlaridan bo‘ldi. Moskva “temiryo‘lchilari”ning 18 yoshli futbolchi bilan besh yillik bitim imzolagani va futbolchimiz uchun bir million evro atrofida xarajat qilgani haqiqatan kutilmagan voqelik bo‘ldi.
Transferdan keyin bo‘lib o‘tgan mojaroli vaziyatlarni hamma biladi. Bu haqda to‘xtalib o‘tishga hojat yo‘q.
Katta umidlar bilan Rossiyaga borgan Jasur uchun bu transferni foydali bo‘ldi, deyishimizga asos bormi?
“Lokomotiv” yosh futbolchiga umuman imkoniyat bermadi, hatto rasmiy uchrashuvda sinab ko‘rishni ham lozim topmadi. Oktyabr oyining yarmiga borib, Jasurni “Tambov”ga ijaraga berib yuborishdi.
Aslida “Tambov”ga o‘zbek futbolchisi kerakmi?
Rossiyaga borganiga bir necha oy bo‘lganiga qaramay, Jaloliddinov premer-ligada debyutini o‘tkazgani yo‘q. Bir necha o‘yinda zaxirada o‘tirgani uchun maydonga tushishiga umid bog‘lagandik. Oxirgi uchrashuvda qaydnomaga ham kiritilmadi.
Jasurning o‘zi boshqa takliflar bo‘la turib, “Lokomotiv”ga o‘tganini Evropa futboliga osonroq moslashish maqsadi bilan izohlagandi. Fikrimizcha, zaxirada o‘tirib, Evropa futboliga moslashib bo‘lmaydi. U faqatgina Rossiya kubogi doirasida yarim taym o‘ynadi xolos. Mutaxassislar “Tambov” qo‘llayotgan 3-5-2 sxemasida “o‘zbek Messisi”ga umuman joy yo‘qligini bildirmoqda. Muammolar girdobiga g‘arq bo‘lgan “Tambov”da Jasurni asosiy tarkibga tayyorlash va chempionatga moslashtirish bilan shug‘ullanishga hafsala ham bo‘lmasa kerak.
Ma’lumotlarga qaraganda, Jasur Jaloliddinov transferiga “Beshiktosh” 400 ming evro to‘lashga tayyor bo‘lgan ekan. Belgiyaning “Anderlext” va ispan klublari ham o‘z tengqurlari o‘rtasida dunyoning eng iqtidorli futbolchilaridan biri sifatida e’tirof etilgan futbolchimizga og‘iz solgani aytilmoqda.
To‘g‘ri, “Loko” yuqoridagi raqobatchilardan ikki barobar ko‘p pul tikdi. Biroq, bu transferdan eng katta foydani transfer boshida turgan agentlar olgani ma’lum.
“Tambov” mavsum oxirigacha ijaraga olingan Jaloliddinovdan premer-liga o‘yinlarida biror marta foydalanmadi. Tambovliklarda hamyurtimizning xizmatiga ehtiyoj yo‘qdek ko‘rinmoqda.
Har qanday futbolchi esa, mahoratini oshirish, yangi chempionatga moslashish uchun hech yo‘q zaxiradan tushib bo‘lsa ham, rasmiy uchrashuvlarda to‘p tepishi kerak “O‘zbek Messisi” qolib, haqiqiy Messi ham yarim yil yashil maydonga qadam bosmasa, o‘yinini topolmay, raqib darvozasini qidirib qoladi.
Ayni paytda “Tambov” moliyaviy inqirozga botib bormoqda. Jamoaning kelajagi mavhum. Ular ikkinchi davrada chempionatdan chiqib ketishi ham mumkin. Tambov viloyati rahbariyati klubni moliyalashtirishni to‘xtatgan. Jamoaning etakchi o‘yinchilarining viloyat gubernatori bilan uchrashuvdan keyin, umidlari puchga chiqdi. Aksariyat futbolchilar 5 dekabr kuni “Spartak”ga qarshi bo‘ladigan o‘yinga tushmasligini ancha oldin e’lon qildi. Klub rahbariyati ularni bu yo‘ldan qaytara olgani yo‘q. Futbolchilar va xodimlar bir necha oydan beri maosh olmayapti. Bu muammo Jasurga tegishli emas. Kelishuvga ko‘ra, legionerimizga maoshni moskvaliklar to‘liq to‘laydi.
“Tambov” RPL tomonidan turli sanktsiyalarga tushib qolmasligi uchun “Spartak” maydonida bo‘ladigan uchrashuvni etakchi futbolchilarsiz, boykotga bosh qo‘shmagan o‘yinchilar bilan ham o‘tkazishi mumkin, degan echim ham bor. Agar shunday bo‘lib chiqsa, Jasurda debyutini nishonlash imkoni bo‘ladi.
Bundan tashqari, “Tambov”dagi vaziyat ijobiy echim topmasa, Jasur Jaloliddinov qishda “Lokomotiv” ixtiyoriga qaytish ehtimoli katta. U yog‘iga nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar