Pep Gvardiola haqida ikki og‘iz so‘z

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Gvardiolaning Germaniya terma jamoasi g‘alabalaridagi "dastxati"

Ushbu fikrlarni qog‘ozga tushirish g‘oyasi Germaniya terma jamoasi Braziliyadagi JChda haqli ravishda o‘zining navbatdagi g‘alabasini tarixga muhrlaganidayoq tug‘ilgan edi. Bosh murabbiy Yoaxim Lyovning xizmatlarini e’tirof etgan holda shuni ta’kidlash lozimki, nemislarga muvaffaqiyat uchun nimadir kamlik qilayotgandek edi. Mening shaxsiy fikrimcha, aynan Gvardiola jamoaga etishmayotgan edi. Gvardiolaning nemis terma jamoasiga nima daxli bor dersiz. Hozir sizga tushuntirib beraman.

Yoaxim Lyov: Germaniya hamon dunyodagi eng zo‘r terma jamoa

“Borussiya Dortmund”ning so‘nggi yillardagi yuksalishini aytmaganda, “Bavariya” Germaniya terma jamoasi uchun “qoshiqqa ilinadigan” futbolchilarni tayyorlab beradigan asosiy  “mexanizm” hisoblanadi.

Ahamiyatlisi, “Bavariya” tarbiyalanuvchilariga faqatgina nemis terma jamoasi “xaridor” emas. Noyer, Lam, Boateng, Myuller, Gyottse, Shvaynshtaygerlarning o‘ziyoq qariyb yarim jamoani tashkil etadi. Bu qatorga Badshtuberni ham qo‘shgan bo‘lardikku, doimiy tarzda jarohat orttirib oladigan “qilig‘i” unga sal pand beradida. Nazarimda, Germaniya terma jamoasiga Braziliyada g‘alabani qo‘lga kiritish uchun to‘pni nazorat qilishda mahorat hamda shunga bog‘liq ravishda, o‘ziga ishonish hissi etishmadi. Gvardiola o‘z falsafasini “Bavariya” vakillari singdira olgan.

Shu bilan bilvosita terma jamoa sifatiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan edi. Yoaxim Lyov va uning jamoasidagilar ko‘rsatadigan o‘yinning har bir jihatida: ham jismoniy, ham strategik, ham taktik jihatdan Gvardiola uslubining nafasi sezilib turdi.

Visente del Boske va Luis Aragones ham tajribada qo‘llanilib charxlangan bu uslubni Ispaniya terma jamoasida qo‘llashdi. Buning mahsuli o‘laroq, so‘nggi yillarda Ispaniya qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlarga o‘zingiz baho bering. Eng ko‘zga tashlangan futbolchilar esa aynan Pep murabbiylik qilayotgan "Barselona” tarbiyalanuvchilari bo‘ldi.

 

Ishonchim komil, Gvardiola oddiygina to‘pni nazorat qilish mahoratidan haqiqiy falsafa yaratgan beqiyos murabbiy sifatida tarixda qoladi. U o‘z klubi bilan qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan g‘alabalarning barchasini o‘z “repertuar“iga kiritdi. To‘g‘ri, xuddi shu taktika “Bavariya”da ham muvaffaqiyat keltirishiga hech kim kafolat bera olmaydi. Har holda nemis futboli ispan futbolidan sal farq qiladi. Hali hech kim Gvardiola “Barselona”da qilgani kabi o‘yinni nazorat ostiga olishning uddasidan chiqa olmadi, ammo juda ko‘pchilik bunga urinib ko‘rdi.

Hatto Pepning o‘zi ham bu mo‘’jizasini “Bavariya”da takrorlay olmadi. Nou-xau tiki-takaning mazmuni aslida juda oddiy: raqib darvozasiga gol kiritish uchun avvalambor to‘pni egallab olish ustida bosh qotirish kerak, lekin bu oson emas. Aqllilar aytganidek, barcha donoliklar zamirida oddiylik yotadi. Tiki-takaga asoslangan holda, Pep har bir o‘yinda, turnirda o‘zining uslubiy vazifalarini qoyilmaqom qilib bajaradi.Uslubning mohiyati ham shunda: yutqazasanmi, yutasanmi - o‘yinda etakchilikni saqlash shart. Gvardiola murabbiyligi davrida “Barselona” da A, B va hokazo rejalar yo‘q edi. Yagona reja mavjud va u muqarrar: maydonga chiqasan, to‘pni hech kimga bermaysan va gol kiritasan. Bir tasavvur qilib ko‘ring-a: murabbiy jamoasini kuzata turib, uning bir qadam ham chekinmayotganini, to‘pga raqibni yaqin yo‘lamayotganini ko‘rib qanchalar zavqlanadi! Chempionlar ligasida g‘alaba qilgan Mourinoga ham bunday zavqni his qilish nasib qilmagan bo‘lsa kerak. Aynan Mour oradan vaqt o‘tib ushbu uslubni o‘rganib chiqib "Barselona“ga qarshi qanday o‘ynash kerakligini barchaga o‘rgatdi.

P.S. Gvardiola boshchiligidagi "Siti” joriy mavsumda ajoyib o‘yin ko‘rsatmoqda. Jamoa xuddi shu ruhni mavsum yakuniga qadar saqlab qola olsa, nafaqat Angliyada chempionlikka da’vo qiladi, balki evrokubokda g‘alaba ham ular uchun cho‘t bo‘lmaydi. Bunisiga nima deysiz?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!