Pro ligada nima gaplar?

  • 30 aprel, 2023, 08:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Oxirgi yillarda nufuzi va mavqei sezilarli ko‘tarilayotgan pro liganing joriy yilgi mavsumi ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otayotgani bor gap.

Hech kimga sir emas, u erda favoritlar nomi oldindan ma’lum edi. Hozircha qandaydir kutilmagan syurprizlarsiz kutilgan jamoalar turnir jadvalining dastlabki pog‘onalarini band etishni boshlashgan.

Pro ligada 7-tur ortda qoldi. O‘tgan yili Superliga bilan xayrlashgan uchlik boshqalardan ajralib turibdi. “Dinamo” bilan “Lokomotiv” 16 ochko bilan 1- va 2-o‘rinlarni bo‘lishib turishgan bo‘lsa, “Qo‘qon-1912” ulardan 5 ochko kam jamg‘arib kuchli uchlikda boryapti. Musobaqa jadvalini hozircha “Xorazm” bilan “G‘ijduvon” yakunlab turibdilar. Bu biroz kutilmagan holat-a? Ayniqsa, “Xorazm”ning chempionatni ko‘ngildagidek o‘tkaza olmayotgani hamda 4 ochko bilan 10-o‘rinda ekanligi hozircha pro ligadagi kutilmagan holatlarning kattasi bo‘lib turibdi. Balki vaqt o‘tib, urganchliklar o‘ziga kelib olar. Garchi “Xorazm” 6 ta uchrashuvda 1 g‘alaba, 1 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etganiga qaramay, bosh murabbiy Ruslan Ahmedovga ishonch bildirilmoqda. Lekin boshqa jamoalarda vaziyat boshqacha tus oldi. Gap shundaki, pro ligada ham murabbiylarning iste’folari boshlandi.

davron2_4

Ketma-ket ikkita uchrashuvda bir durang va bir mag‘lubiyatga uchragan qo‘qonliklar bosh murabbiy Davron Fayziev bilan xayrlashishga qaror qildilar. Qo‘qonda asosiy raqobatchilaridan biri “Lokomotiv” 10 futbolchi bilan g‘alaba qozonib ketgani bosh murabbiyga ham juda og‘ir botdi. Natijada uning o‘zi iste’fo so‘radi va buni klub rahbariyati ma’qulladi. “Qo‘qon-1912”ga mahalliy mutaxassis Muhsin Nizomiddinov bosh murabbiy etib tayinlandi. Endi uning zimmasiga mas’uliyatli vazifa yuklatildi. Kuni kecha klub rahbari Akromjon Mamadaliev Sports.uz saytiga bergan intervyusida jamoani Superligaga olib chiqishga kafolat bera oladigan murabbiy izlayotgani haqida gapirgandi. Aftidan, o‘sha murabbiy Nizomiddinov bo‘lib chiqdi, shekilli...

Yana bir iste’fo “Sho‘rtan” klubida sodir bo‘ldi. Qizig‘i, ikkala iste’fo ham deyarli bir vaqtda va bitta stadiondagi o‘yindan keyin yuz berdi. Ya’ni, “Sho‘rtan” jamoasi Qo‘qonda nominal mezbon vazifasini o‘tagan “Andijon-SGS”ga 3:2 hisobida alamli mag‘lubiyatga uchradi. Boisi, g‘uzorliklar avvaliga 0:2 hisobida oldinda edi. Ammo yakunda yutqazdi va bu mag‘lubiyat rahbariyatga og‘ir botdi. Natijada Qo‘qondagi o‘yindan keyin Aleksey Evstafeev lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini yordamchi murabbiy sifatida ishlab kelgan Anvar Berdiev egalladi.

evstafeev_2

“Sho‘rtan”ning hisobida bungacha 5 o‘yinda 2 g‘alaba 1 durang va 2 mag‘lubiyat bor edi. Ko‘rinib turibdiki, Superliga singari pro ligada ham hamma tezroq natijani kutyapti. Bunday vaziyatda bir-ikki uchrashuvda jamoa qoqildimi, rahbariyat va muxlislar uzoq kutmoqchi emaslar. “Dinamo” va “Lokomotiv”da hozircha ishlar joyida. Ikkala klub mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirishyapti.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!