"Real" Chempionlar ligasining uch karra g'olibi ketganini e'lon qildi
«Real» klubi o‘zining rasmiy sayti orqali yarim himoyachi Dani Sebalyos bilan yo‘llar ajraganini ma’lum qildi. Xabarga ko‘ra, madridliklar va futbolchi o‘zaro kelishuv asosida shartnomani bekor qilgan.
Sebalyos «Real» safida 2017 yildan buyon to‘p surib kelayotgan edi. 2019–2021 yillar oralig‘ida esa u «Arsenal» jamoasida ijaraga asosida o‘ynadi. Madrid klubi tarkibida Dani jami 215 ta rasmiy o‘yinda maydonga tushib, 7 ta gol urdi va jamoadoshlariga 16 bor hal qiluvchi pas berdi.
«Qirollik klubi» bilan birgalikda Sebalyos bir marta Ispaniya kubogini va Qit’alararo kubokni qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, ikki martadan Ispaniya chempioni va mamlakat Superkubogi sohibi bo‘lgan. Yevropa maydonida ham uning yutuqlari salmoqli: Sebalyos «Real» tarkibida uch martadan UEFA Superkubogi, Chempionlar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritgan.
Klub Sebalyosga ko‘rsatgan xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirib, unga va uning yaqinlariga kelgusi faoliyatida omad tiladi.
Endilikda 29 yoshli Dani Sebalyos erkin agent sifatida o‘zining yangi jamoasini tanlashi mumkin. Avvalroq uning «Betis» klubiga qaytishi ehtimoli haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi.

Fikrlar