
“Real” ikkita supertransferni hal qildi
“Real” klubi sport bo‘limidagi mutasaddilar jamoa tarkibini muntazam kuchaytirib borish maqsadida Xabi Alonso qo‘llayotgan o‘yin uslubiga mos o‘yinchilarni topishga harakat qilmoqda.
Transfer News Live va Defensa Central kabi nashrlarning yozishicha, madridliklar klub transferlari ro‘yxatida turgan ikkita masalani hal qildi. Manbalarga ko‘ra, ular “Liverpul” bilan shartnomasi yakunlanayotgan Ibrohim Konateni yozda erkin agent maqomida Madridga kelishga ko‘ndirdi.
Shu bois, 26 yoshli frantsiyalik himoyachi Angliya chempioni bilan yakunlanib borayotgan amaldagi shartnomani uzaytirgani yo‘q.
Bundan tashqari, “Real” klub tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Nikolas Pasni “Komo”dan ortga qaytarmoqchi. Italiya chempionatida o‘yini ochilib ketgan argentinalik yosh futbolchi bir necha grand klublar nishonida turibdi.
“Qirollik klubi”da narxi keskin oshib ketgan Nikolas Pasni atigi 10 million evro evaziga qayta sotib olish huquqi bor.
Kutilmagan o‘zgarishlar ro‘y bermasa, har ikki futbolchi 2026 yilning yozidan boshlab, taqdirini “Real” bilan bog‘lashga rozilik bergan.
Fikrlar