
“Real”ning o‘zini oqlamagan transferlari
Qimmat transferlarni amalga oshirish “Real”dek buyuk klubga yarashadigan xususiyat. Lekin har qanday zo‘r futbolchi ham Madrid klubida o‘ynab keta olmagan holatlar ham tarixda ko‘p uchraydi. Quyida katta pul sarflanib, “Real”da real kuchini ko‘rsata olmay, sinib ketgan yulduzlardan besh nafarini yodga olamiz.
- Uesli Sneyder - 27 million evro.
Sneyder “Real”ga salohiyatli yosh o‘yinchi sifatida katta umidlar bilan olib kelingan edi. U yaxshi o‘ynadi, gol urdi, golli paslar uzatdi. Lekin taqdirning hazili shavqatsiz bo‘ldi. Klubning yangi xo‘jayini avvalgi rahbarlar olib kelgan futbolchining jamoada olib qolishni istamadi. Shu tariqa, uning samarali o‘yini hech kimga kerak bo‘lmay qoldi va gollandiyalik yulduz sekingina Madridni tark etdi.
- Aren Robben - 36 million evro.
Yoshligida Robben jahon darajasidagi futbolchi hisoblanmas edi. Hattoki, “Chelsi”ning boshlang‘ich tarkibiga ham kira olmagan. Lekin “Real” taklif qilgan pullar uni yulduz darajasiga ko‘tardi. Angliyadan Ispaniyaga ko‘chib o‘tgan gollandiyalik futbolchi jarohatga moyilligi uchun har ikki haftada safdan chiqardi. “Real” yulduzlari orasida uzoq porlay olmagan Robben zaxirada qolib ketmaslik uchun “Bavariya”ga o‘tib ketdi. Nemis shifokorlari uni jarohatlardan qutqardi va shu tariqa Robben Myunxen osmonida yana porlay boshladi.
- Kaka - 65 million evro.
Braziliyalik futbolchi faqatgina transfer summasi tufayligina yulduz qatorida zikr etilmoqda, o‘yini bilan emas. “Real” 2009 yilda “Milan”ga to‘lagan bu narx bugungi kun holatida ham katta transfer hisoblanadi. Kaka esa haqiqiy omadsiz bo‘lib chiqdi. Jarohatlardan qiynaldi. Barqaror o‘yin ko‘rsata olmadi. Madrid klubidagi to‘rt yillik faoliyatida atigi 23 ta gol urgan futbolchini qanday qilib yulduzlarga yarashgan o‘yin ko‘rsatdi, deyish mumkin? Natijada “Real” uni “Milan”ga bepul qaytarib berdi.
- Aser Illyaramendi - 35 million evro.
“Real” markazni kuchaytirish uchun “Real Sosedad”dan umidli yarim himoyachini sotib oldi. Ammo haqli savol tug‘iladi. Maydon markazida Luka Modrich va Toni Kroos singari eng kuchli futbolchilar bor paytda Florentino Peres Illyaramendini olayotganda nimani o‘ylagan? Katta pul sarf qilingan futbolchi raqobatga dosh berolmay, zaxiraga mixlandi. Oqibatda yana o‘sha kulgili holat. Futbolchi eski jamoasiga tekinga qaytarib berildi.
- Nikolya Anelka - 40 million evro.
Nihoyat, betakror Anelkaga navbat keldi. Uning muxlislarning his-tuyg‘ulari bilan zarracha ishi yo‘q edi. Faoliyati davomida 12 ta jamoani almashtirgani shundan dalolat. Anelka Angliya chempionatida “Arsenal” bilan g‘alaba qozonganidan so‘ng, yangi marralarni zabt etishni istab qoldi. O‘sha payt u “Liverpul”, “Manchester Siti” va “Real” nishonida edi. Madridliklar qat’iyat ko‘rsatib, uni jamoaga olib keldi. 40 million evrolik o‘yinchi bor-yo‘g‘i 2 ta gol urdi. Har bir golining qiymati 20 million evro! “Sirkasi suv ko‘tarmaydigan” takabbur futbolchi tanqidlarni ko‘tara olmadi va jamoadoshlari hamda murabbiylari bilan kelisha olmay, faoliyatini boshlagan PSJdan panoh topdi.
Fikrlar