Ronalduning dubli Pirs Morgan ga 5 ming funt olib keldi
Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronalduning Oʻzbekistonga qarshi bahsdagi dubl’i britan jurnalisti Pirs Morgan ga 5 ming funt sterling yutib olish imkonini berdi.
Morgan radioboshloqchi va aktyor Rori Jennings bilan bahslashgan edi. Jennings 41 yoshli Ronaldo 2026 yildagi Jahon chempionatida birorta ham gol urolmaydi deb hisoblagan.
Biroq portugaliyalik yulduz Oʻzbekistonga qarshi uchrashuvda ikki bor raqib darvozasini ishgʻol qildi va Portugaliyaning 5:0 hisobidagi yirik gʻalabasiga hissa qoʻshdi.
Shu tariqa, Ronaldo Jahon chempionatlari va Yevropa chempionatlaridagi 10 oʻyinlik golsiz seriyasiga ham barham berdi.
Bundan tashqari, u Portugaliya terma jamoasi tarixida Jahon chempionatlarida eng koʻp gol urgan futbolchiga aylandi. Hozirda uning hisobida mundiallarda 10 ta gol mavjud.
Pirs Morgan esa yutgan 5 ming funtni harbiy xizmat vaqtida halok boʻlgan askarlarning farzandlariga yordam koʻrsatuvchi xayriya jamgʻarmasiga oʻtkazishini maʼlum qildi.

Fikrlar