
Saudiyaliklarning to‘xtash niyati yo‘q!
Ushbu yozning eng katta voqeliklaridan biri bu Saudiya Arabistoni klublarining amalga oshirayotgan transferlaridir. Klublar kim o‘zarga o‘ynab, ko‘plab yulduzlarni Evropadan Osiyoga ko‘chirdi. Shu bilan birga, jamoalar Chempionlar ligasida ham ishtirok etish uchun harakat qilmoqda. Yaqindagina esa Arab chempionlari kubogi finalida "An-Nasr" "Al-Hilol" ustidan g‘alaba qozondi. Mag‘lubiyatga chiday olmagan riyodliklar Neymarni sotib olishga muvaffaq bo‘ldi. Ronaldu taraf ham jim qarab turgani yo‘q, ular bir qancha top futbolchilarni o‘z tarkibiga qo‘shib olmoqda.
Mitrovich - "Al-Hilol".
"Al-Hilol" ushbu yoz davomida ayrim hujumchilar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Avvalroq, klub Romelu Lukaku, Kilian Mbappe kabi yulduzlarni sotib olishga urinib ko‘rdi. Ammo ular tomonidan rad javobi kelgach, boshqa variantlar ko‘rib chiqildi. Mitrovichni sotib olish ham oson bo‘lgani yo‘q. Saudiyaliklar bir necha bor "Fulxem"ga taklif bilan chiqdi va oxiri 53 million funtlik kelishuvga erishdi. Hujumchining yangi klubi bilan tuzgan bitimi 2026 yilning yoziga qadar amal qiladi. U yiliga taxminan 17 million funt maosh oladi. Ushbu transfer e’lon qilingan. Mish-mishlarga ko‘ra, serbiyalik futbolchining kichik jarohati bor va qachon debyut o‘yinida maydonga tushishi noma’lum.
Otavio - "An-Nasr".
Top klubga o‘tishi mumkin bo‘lgan futbolchi sifatida qaralgan Otavio ham faoliyatini Saudiya chempionatida davom ettirishga qaror qildi. Ma’lum bo‘lishicha, futbolchining o‘zi bilan bir oy oldin kelishib olingan. Riyodliklar endi "Portu" bilan transfer shartlari bo‘yicha kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra, "An-Nasr" 28 yoshli portugalning 60 million evrolik tovon pulini to‘laydi. Otavio "Portu"ning "Ferense"ga qarshi uchrashuvida qatnashmadi. Sababi, u ayni paytda tibbiy ko‘rikdan o‘tmoqda. Tez orada hujumkor yarim himoyachi Ronalduning jamoadoshi sifatida tanishtiriladi. Eslatib o‘tamiz, mazkur transfer Portugaliya klubi uchun rekord hisoblanadi.
Lyaport - "An-Nasr".
"An-Nasr" himoyani kuchaytirish uchun ancha vaqtdan beri harakat qilib kelmoqda. Oldinroq, "Manchester Yunayted" a’zosi Erik Bayi bilan bog‘langan klub Emerik Lyaportni o‘z safiga qo‘shib olishga yaqin turibdi. "Manchester Siti" bu transferga rozilik bergan. "Shaharliklar" uning o‘rniga "Leyptsig"dan Yoshko Gvardiolni sotib oldi. Xorvat yangi jamoasida sovrin yutishga ham muvaffaq bo‘ldi. Mazkur xarid "An-Nasr"ga 30 million evroga tushdi. Himoyachi bilan 3 yillik bitim imzolanadi va ispanning maoshi yiliga 20 million evro bo‘ladi. Lyaportga Evropadan takliflar keldi. Misol uchun, unga "Barselona" qiziqish bildirib ko‘rdi, lekin kataloniyaliklar Inigo Martinesni tekinga qo‘lga kiritishni ma’qul ko‘rdi. Shuningdek, futbolchi Italiya yoki Ispaniya klublariga o‘tishi mumkin edi. "Arsenal" ham ayni paytda jarohat olgan Yurrien Timberga o‘rinbosar izlamoqda. Ammo Emerik Saudiyani tanladi.
Parti va Marsyal...
"Manchester Yunayted" hujumchisi Antoni Marsyalning kelajagi biroz so‘roq ostida turibdi. U o‘tgan mavsumning katta qismini jarohat bilan o‘tkazib yubordi. Mavsumoldi o‘rtoqlik bahslarida maydonga tushmagan strayker "Tottenxem"ga qarshi 5 daqiqa harakat qildi. Ayni MYuga markaziy hujumchi kerak bo‘lgan paytda ham u kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda. Ten Xag futbolchini olib qolishni istamayotgandek ko‘rinmoqda. Bundan esa Saudiya klublari foydalanib ketmoqchi. "Mirror Football" nashrining xabar berishicha, Marsyalga Arabistondan takliflar bo‘lmoqda. Tez orada muzokaralar boshlanishi mumkin. Kurashda "Vest Xem" ham bor.
"Arsenal" Romeo Laviyani sotib olish uchun harakat qilayotganida tarkibni Tomas Parti tark etishi kerak edi. O‘sha paytda klub yarim himoyachini sotuvga qo‘ygan. "Yuventus" va Saudiyaning ikki klubi "kanonirlar" bilan bog‘landi. Ammo Parti jamoani tark etishni istamadi. U chempionlar ligasida to‘p tepishni xohlamoqda. Futbolchining Arteta bilan munosabatlari yaxshi va "Arsenal"da qolish ehtimoli yuqori. Fabritsio Romanoning so‘zlariga ko‘ra, London klubiga 30 million evrolik taklif keldi, lekin bu rad qilindi. Sababi, rahbariyat kamida 45 million evro xohlaydi.
Fikrlar