
Shatskixdan bir qadam ortda qolgan Babayan yohud kubok o‘yini oldidan jamoalar o‘yini tahlil qilamiz!
Maksim Shatskixni o‘z imzosi yo‘q ekanligi borasida bir necha bor fikr bildirganim rost. Sababi, "Paxtakor" uning boshqaruvidagi "katta o‘yinda" o‘zini qanday his qilishini ko‘rmagan edim. Bir necha kun oldin Namanganda bunga guvoh bo‘ldim. E’tiborlisi shundaki, "Maks" 3 ta markaziy himoyachi bilan bir chiziqda to‘p surdi. Qanot himoyachilari (Alijonov, Sayfiev) deyarli vinger darajasida yuqorida harakat qildi.
Asosiy kuchi markaz sanalgan "Navbahor" esa, 60 daqiqadan ortiq vaqt mobaynida shunchaki to‘p uchun pressingda kuch yo‘qotdi. Yodingizda bo‘lsa, birinchi taymda Sayfiev hisobni ochishga yaqin kelgan, ikkinchi 45 daqiqalikda aynan Alijonov gol kiritgandi. Umuman olganda, Shatskix o‘yin davomida Babayandan bir qadam oldinda bo‘ldi.
Jamshid Iskanderov urgan gol "Navbahor"ni muammodan qutqarib qoldi. Aks holda, "Paxtakor"ning qanot bo‘ylab keng o‘ynayotgani yakunda "sherlar"ga 3 ochko taqdim etishi mumkin edi. Vodiydagi o‘yinda Maksim Shatskixni o‘zim uchun kashf etdim. Voyneski va Xyuistradan farqli o‘laroq, u Shota Arveladzening "kopiya" varianti emas ekan. O‘z qarashlariga egaligi xursand qildi.
O‘z navbatida Samvel Babayan ham jim qarab turgani yo‘q. Birinchi bo‘limning o‘zidayoq to‘p nazorati raqib tomonga o‘tib ketayotganini sezgach, pressingda faolroq bo‘lgan Maruchishni Kasyan o‘rniga jangga tashladi. Shu tariqa, "Paxtakor"ning birinchi pas bilan hujum boshlab berayotgan himoyachilariga bosim o‘tkazildi. 65 daqiqadan o‘tgach, bu bosim hajmi oshib bordi. Natijada, Azmiddinov, Martinovich va Nasonov uchligida muammolar paydo bo‘lishni boshladi. Hatto, bir vaziyatdagi qo‘pol xato sababli "sherlar" to‘p ham o‘tkazib yuborishi.
Hisob tabloda 1:1 bo‘lib turgan bir paytda, Maks tavakkal qilishni istamadi. Martinovichni o‘yindan olib, 4-2-3-1 ga o‘tdi. Natijada, "Paxtakor"ning qanotdagi ustunligi yo‘qoldi. "Navbahor" esa, 4-5-1 ni 4-4-2 ga o‘zgartirdi.
Shu bois, so‘nggi 20 daqiqada "lochinlar" mehmonlardan yaxshiroq ko‘rindi. Xatto, gol kiritish uchun imkoniyatlar ham yaratdi. Bu ustunlik o‘z-o‘zidan sodir bo‘lgani yo‘q. Babayan Jokich va Boltaboevni sof markaziy yarim himoya zonasiga o‘tkazdi. Avvalroq, Jamshid oldinroqqa intilgan bo‘lsa, qolgan 20 daqiqa davomida faqat markazga javob berdi. Sobirjonov va ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilgan Abdumannopovlar qanot yarim himoyasiga o‘tdi. Men, "Super Maks" qo‘rqqani uchun 3-6-1 ni 4-2-3-1 ga o‘zgartirdi deb hisoblamayman. Shunchaki, zahirada o‘tirgan futbolchilar bu sxemani aktivligini oshirishga mos kelmaydigan pozitsiyadagi futbolchilar edi. Shu bois, tavakkal qilishni istamadi. Babayan esa, 1:1 natijasi o‘zini 100 foiz qanoatlantirishini his etib turdi. Sababi, "lochinlar" durang qayd etilgani bois, "Paxtakor"ni o‘zidan o‘tib ketishiga imkoniyat qoldirgani yo‘q.
Bu durangdan ko‘proq "Navbahor" yutdi. Jamoa buyog‘iga ochko yo‘qotmasa, o‘zaro o‘yinda uni quvib o‘tishi mumkin bo‘lgan jamoa bilan to‘qnash kelmaydi. "Paxtakor"da esa, bari aksincha. "Sherlar" barcha o‘yinlarini 3 ochko bilan yakunlasada, "Navbahor"ni "qoqilishini" kutishga majbur. Katta ehtimol bilan, kubok o‘yini batamom boshqa atmosferada o‘tadi. Start o‘yin sxemasini topishda engilgan Babayandan o‘zgacha yurish ko‘rishimiz mumkin.
Aslida, "Navbahor" bosh murabbiyi konservativ insonlar sirasiga kirsada, fikrimni o‘zgartirmayman. Sababi, faqat futbolchilarning mahorati bilan bu o‘yinni yutib bo‘lmaydi. Bu "Paxtakor" "lochinlar"ning bosimiga dosh bera olishini ko‘rsatib qo‘ydi. Maks esa, aksincha, yanada kreativroq qarorlar qabul qilsa kerak. Sababi, birinchi urinish 100 foiz o‘zini oqladi. Oldinda ikki klubdan biri qolishi kerak bo‘lgn kubok o‘yini kutib turibdi. Bu bahsda futboldagi klassika va trendlar to‘qnash keladi. To‘g‘risi, bu o‘yinda qaysi tomon g‘olib chiqishini taxmin qilish qiyin. Ko‘pchilik birinchi "match"dagi atmosferaga chalg‘ib qolmasin. Bu shunchaki to‘fon oldidan dengizda kuzatiladigan sukunat edi xolos...
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar