
Shomurodov prezidentdan qanday sovg‘a oldi?
O‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovni “Jenoa”ga transfer qilgan “Rostov” prezidenti Artashes Arutyunyants hamyurtimizga unutilmas sovg‘a tuhfa etdi.
Eldorning yangi jamoa safida ham munosib ishtirok etishiga va Evropa futbolida o‘z o‘rnini topishiga ishonch bildirgan “Rostov” rahbari unga Rossiya premer-ligasida debyut golini urgan to‘pni esdalik uchun sovg‘a qildi.
O‘zbekistonlik hujumchi Rossiya premer-ligasidagi ilk golini 2018 yilning 29 aprel kuni “Tosno” darvozasiga kiritgan edi. O‘sha uchrashuvda Shomurodovning dubli rostovliklarga 2:0 hisobida g‘alaba keltirgan.
Yana bir qiziq fakt. Eldor debyut gollarini urgan uchrashuvda “Tosno” tarkibida yana bir legionerimiz Vagiz Galiulin ham o‘ynagan edi.
Umuman olganda, Eldor Shomurodov “Rostov” tarkibida barcha turnirlarda 91 ta o‘yin o‘tkazib, raqiblar darvozasini 18 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga 12 ta golli pas uzatgan.
Fikrlar