
Shomurodovda ayb yo‘q...
Italiya A Seriyasi qizg‘in pallaga kirdi. Kuchli klublar Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmalari va sovrinli o‘rinlar uchun kurashmoqda. Yana to‘rtta klub yuqori ligada joyini saqlab qolishga harakat qilmoqda.
Eldor Shomurodov to‘p tepayotgan “Jenoa” esa bu guruhlar orasida joylashgan o‘rtamiyona klublar qatoriga qo‘shildi. Genuyaliklar yuqori o‘rinlarga da’vogar emas va xavfli hududdan ham etti ochkoga uzoqda turibdi.
Davide Ballardini jamoa o‘yinini kuchaytira olgani rost. Biroq, genuyalik muxlislar so‘nggi ikki uchrashuvda “Inter”dan uchralgan mag‘lubiyat va o‘z maydonida ashaddiy raqib – “Sampdoriya” bilan durangni hech hazm qila olmayapti.
To‘g‘risi, Italiyaning eng dahshatli derbilaridan hisoblangan “Jenoa” – “Sampdoriya” to‘qnashuvidan keyin mezbonlarning tanqidga uchramagan futbolchisi qolmadi. Xususan, Eldor Shomurodovga ham munosabat ikki xil bo‘lmoqda.
Adolat yuzasidan, e’tiboringizga “Jenoa” fanatlarining o‘zbek hujumchisi haqidagi ham salbiy, ham ijobiy fikr-mulohazalarini havola etamiz.
Samuele Batini:
Borgan sari o‘yinimiz pasayib ketmoqda. Qat’iy qaror qabul qiladigan vaqt ketdi. Eldor Shomurodov va Marko Pyatsa darajasidagi futbolchilardan qutulish kerak.
Andrea Mercatelli: (Samuele Batini fikriga javoban)
Pyatsa bo‘yicha fikringizga to‘liq qo‘shilaman. Bu futbolchi “Yuventus”ga o‘tganidan keyin o‘sishdan to‘xtagani rost. Shomurodov katta salohiyatga ega va hali A Seriya yulduziga aylanadi!
Dimitri Falciani:
Chempionatning katta qismi ortda qolganida yozgi transferlar mavsumida o‘zimizga to‘g‘ri kelmaydigan o‘yinchilarni olganimiz ma’lum bo‘lyapti. Mattia Boni, Franchesko Kassata, Eldor Shomurodov hali ishonchni oqlagani yo‘q. Eng yaxshi yangi o‘yinchi erkin agent sifatida tekinga olingan Mattia Destro bo‘lib turibdi. “Jenoa” rahbariyatiga futbolchilarga pul sarflashni taqiqlab, erkin agentlarni topishni yuklash kerak.
Niccoló Raspanti:
“Sampdoriya” bilan bo‘lgan uchrashuvdan kelib chiqib, tarkibda bir necha o‘zgarishlar qilish kerak. Yo‘qsa, “Roma”ga qarshi o‘yinda imkonimiz bo‘lmaydi. Zayts va Shomurodovni uchrashuvga tushirmaslik kerak. Destro ham o‘ynamasin, u juda yomon formada.
Luciano Bistondi:
Hujumchilarimiz gol urishdan to‘xtab qoldi va bu katta muammo. Destro “Krotone”ga, Goran Pandev “Napoli”ga ikkitadan gol urdi. Shundan beri to‘rtta uchrashuv o‘tkazildi. Bu ikkisi hech narsa qila olgani yo‘q. Shomurodov bir marta gol urdi, Pandev va Destro darvozani to‘g‘ri nishonga ololmayapti.
Luca Pollio:
Derbini eslasam, Eldor jamoaviy o‘yindan chetda qolayotgani ko‘rinyapti. Bunaqada, uni zaxiraga o‘tkazish kerak.
Andrea Righeschi: (Luca Pollio fikriga javoban)
Jamoa hozir hujumda yomon o‘ynayotganiga Shomurodov aybdor emas. Yarim himoyachilarimiz oldinga yaxshi pas bera olmayapti. Bunda Eldor, Destro yoki boshqa futbolchilarning umuman aybi yo‘q.
Ko‘rinib turibdiki, muxlislarning “Jenoa” futbolchilari, xususan, Eldor Shomurodov borasidagi fikrlari turlicha. Futbol ishqibozlari o‘yinchilarga baho berishda asosan hissiyotga tayanadi. Ayniqsa, italiyaliklar hissiyotga beriluvchan millat hisoblanadi. Bugun tanqid qilayotganlar ertaga bitta goldan keyin pozitsiyasini o‘zgartirishi hech gap emas.
Shomurodov esa jamoadoshlari bilan 7 mart kuni Rimda bo‘ladigan “Roma”ga qarshi uchrashuvda tayyorlanmoqda. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 16:30da boshlashadi.
Fikrlar